O‘zA O`zbek

03.08.2018 19:23 Chop etish versiyasi

Jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini ommaviy axborot vositalari shakllantirishi zarur

Jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini ommaviy axborot vositalari shakllantirishi zarur
Jinoyatchilik – bu jamiyatning ijtimoiy-siyosiy barqarorligi, aholining xotirjamligiga putur yetkazishga qaratilgan qora kuch hisoblanadi. Unga qarshi kurashishda samarali tizim yo‘lga qo‘yilishi esa nafaqat jinoyatlarga qarshi kurashish, balki uning oldini olishda ham muhim o‘rin tutadi.

Mamlakatimizda aynan shu jihatga e’tibor qaratilib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda barcha tizimlarning, xususan, ichki ishlar organlari va mahallalar faoliyati hamkorligi mustahkamlangani aholining tinch va farovon hayotini ta’minlashga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston tinchlik ta’minlangani jihatidan jahondagi yetakchi davlatlardan biri.

Ammo, bu xotirjamlikka berilishga asos bo‘lmasligi kerak. Boisi jinoyatchilikka qarshi kurashish doimiylikni talab qiladigan jarayon. Shuning uchun ham Prezident Shavkat Mirziyoyev jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholining jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi immunitetini ko‘tarishga doimiy e’tibor qaratmoqda.

Shu yil 27 iyulda davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bu masala yana e’tibor markazida bo‘ldi. Joylarda jinoyatchilikning tub ildiziga hali to‘liq yetib borilmayotgani, jinoyatlarning asl sabablari o‘rganilmayotgani keskin tanqid qilindi.

Poytaxtimizda “Jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni: talab va tavsiyalar” mavzuida tashkil etilgan seminarda shular haqida so‘z yuritildi. Matbuot va axborot agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, ichki ishlar organlari mas’ul shaxslari ishtirok etdi.

Matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.Tangriyev, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.Ko‘chimov, Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati boshlig‘i Q.Burhonov va boshqalar o‘z chiqishlarida Prezidentimiz jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarda tegishli tashkilotlarning mas’uliyatini yanada oshirish bilan bir qatorda ommaviy axborot vositalari oldiga ham qator vazifalar qo‘yilganiga e’tibor qaratdi.

“Jinoyat haqiqati va adolat”. Bu – Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha yangi tizimdir.

Endilikda tizim mohiyatini ochib berish, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida qilinayotgan ishlar ana shunday, ya’ni “Jinoyat haqiqati va adolat» rukni ostida ommaviy oxborot vositalarida yoritib borilmoqda.

Bundan buyon mas’ul rahbarlar joylarga borib, jinoyatlarning sabablarini o‘rganadi, muhokama qiladi, takrorlanishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar ko‘radi. Bu jarayon OAVda keng aks ettirib boriladi.

Seminarda ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatchilikning oldini olish borasida qilinayotgan ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, ichki ishlar organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish orqali faoliyat samaradorligini tubdan oshirish maqsadida tayanch punktlarining yangilangan joylashuvi tasdiqlangan. Unga asosan qo‘shimcha 175 ichki ishlar bo‘linmasi va 824 tayanch punkti tashkil etilgan. Profilaktika inspektorlari soni 1 ming 102 nafarga ko‘paytirilgan.

Haftaning har payshanba kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni”, har chorshanba kuni esa “Yong‘in profilaktikasi kuni” o‘tkazib kelinmokda. Mahallalarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va keng jamoatchilik vakillari bilan bunday keng qamrovli tadbirlarning uyushqoqlik bilan o‘tkazilishi, hech shubhasiz, jinoyatga nisbatan murosasizlik muhitini yaratmoqda.

Joriy yilning 6 oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan jinoyat sodir etish holatlari qariyb 13 ming 599 taga yoki 38,67 foizga kamaygan.

Jinoyat qidiruv yo‘nalishidagi jinoyatlar esa 8 ming 568 taga yoki 38,86 foizga kamaygan. Jumladan, qotillik 17,63 foizga, o‘rtacha og‘irlikdagi jinoyatlar 42,13 foizga, og‘ir jinoyatlar 21,72 foizga, o‘ta og‘ir jinoyatlar 33,83 foizga, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 38,23 foizga kamayishiga erishildi.

Tadbirda jinoyatchilik bilan bog‘liq mavzuni yoritishda ommaviy axborot vositalari oldiga qo‘yiladigan talablar, ushbu sohada muxbirlarning ixtisoslashuvi, aybsizlik prezumpsiyasi kabi masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Amaliy seminar yakunida hamma birdek yeng shimarib, muammolardan to‘liq xabardor bo‘lib, ularni hal etishga ko‘maklashsa, jinoyatchilikning barvaqt oldi olinishi yana bir bor qayd etildi. Jinoyatchilikka qarshi kurashishda immunitetni ommaviy axborot vositalari shakllantirishi zarur.

N.Abduraimova, O‘zA
2 236