Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.11.2017 14:39 Chop etish versiyasi

Jinoyatchilik kamaymoqda

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda haftaning har payshanba kuni o‘tkazilayotgan profilaktika kuni tadbirlari joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari, mahalla faollari hamkorligida o‘tkazilgan profilaktika tadbirlari natijasida sodir etilgan 10 jinoyatning barchasi fosh etildi, 5 nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olindi. Mahallalarda profilaktika ishlarining keng yo‘lga qo‘yilgani, aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot samaradorligini oshirish borasidagi ishlar tufayli so‘nggi haftada viloyatda umumiy jinoyatlarning soni 17,5 foizga kamaydi.

Profilaktika tadbirlarida ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan tadbirlarda o‘quvchilarning davomatini o‘rganish barobarida, tarbiyasi og‘ir, jinoyatchilikka moyil o‘smirlar bilan alohida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Mahallalarda o‘tkazilgan 48 uchrashuvda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari, bunday holatlarning oldini olish masalalari muhokama qilindi.

Haftaning har payshanbasida amalga oshirilayotgan jinoyatchilikka qarshi kurashish va profilaktika kuni tadbirlari o‘z samarasini bermoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat bo‘yicha mazkur tadbirlar doirasida kasb-hunar kollejlarida o‘quv mashg‘ulotlariga sababsiz qatnashmayotgan o‘quvchilar aniqlanib, ularning ota-onalari bilan muloqotlar tashkil etildi. Ta’lim muassasalarida jinoyatchilikning oldini olishga bag‘ishlangan 3 mingdan ortiq yig‘ilish o‘tkazildi. Ishchi guruhlar a’zolari 140 ming 531 xonadonda bo‘lib, ularning turmush tarzini o‘rganish barobarida jinoyat sodir qilishga moyil, notinch oilalar, voyaga yetmagan huquqbuzarlar, muqaddam sudlangan va profilaktik hisobda turuvchi fuqarolar bilan suhbatlar o‘tkazdi. Joylarda o‘tkazilgan 248 sayyor sudlarda fuqarolarning ko‘plab murojaatlari o‘z yechimini topdi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
1 811






Все о погоде - Pogoda.uz