Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 20:21 Chop etish versiyasi

Jinoyatchi uzoqqa ketolmadi

Muqaddam sudlangan Yo.Hojiboyev tegishli jazosini olib ham o‘ziga kerakli xulosa chiqarmadi. Oilali, ikki farzandning otasi bo‘lgan Yoqub halol yashash o‘rniga yana bir bor jinoyatga qo‘l urdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudida ayblanuvchi Yo.Hojiboyevning navbatdagi jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 2017-yil 18-iyun kuni u mast holda Yangiyo‘l tumanida yashovchi R.Xolxo‘jayevning avtomashinasi nazoratsiz qoldirilganidan foydalanmoqchi bo‘ldi. "Buzoqning yugurgani somonxonagacha" deganlaridek, avtomashinani olib, uzoqqa borolmadi. Chinoz tumanidagi "Usta ota" fermer xo‘jaligiga qarashli dala maydoniga tashlab ketadi. Avtomashina salonida egasiga tegishli pul, qo‘l telefoni kabi jami 490 ming so‘mlik buyumlarni o‘g‘irlab, voqea joyidan yashirinadi.

Ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-tergov harakatlari samarasida ayblanuvchi Zangiota tumanida qo‘lga olindi. To‘plangan dalillar, guvohlar ko‘rsatmasiga binoan Yo.Hojiboyev tuman sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksidagi tegishli moddalar bilan aybdor, deb topildi.

– Aybdorning muqaddam 2-marta og‘ir jinoyat sodir etgani inobatga olinib, unga 11-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tumani sudi sudyasi B.Toshpo‘latov. – Shuningdek, sud hukmi qonuniy kuchga kirganidan so‘ng sudlanuvchining jinoiy harakatlari oqibatida yetkazilgan 1 million 500 ming so‘m miqdoridagi moddiy zarar jabrlanuvchiga undiriladigan bo‘ldi.

Tuman sudida bir guruh sheriklari bilan jinoiy til biriktirib, o‘zganing hovlisidan bir bosh qo‘yni o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan, 1994-yilda tug‘ilgan A.Hojiboyevga oid jinoyat ishi ham ko‘rib chiqildi.

A.Hojiboyev sheriklari bilan o‘g‘irlangan qo‘yni ilgari tanish bo‘lmagan Yangiyo‘l tumanida yashovchi Z.Tursunaliyevga 450 ming so‘mga sotib, pulini o‘zaro bo‘lishib oladi. Jabrlanuvchi qo‘yi yo‘qolganidan xabar topgach, tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qiladi. Qidiruvlar natijasida A.Hojiboyev qo‘lga olinib, dastlabki tergov natijalariga ko‘ra uning aybi tasdiqlanadi.

Hali yosh bo‘lishiga qaramay, jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan A.Hojiboyevga davlatimiz yana bir bor imkoniyat berdi. Uning muqaddam sudlanmagani, qilmishidan pushaymonligi, oilasi nochorligi, kasalmand onasining yolg‘iz qarovchisi ekani inobatga olinib, aybi yengillashtirildi. Unga nisbatan tuman sudi tomonidan oylik ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 1-yil 10 oy 20 kun axloq tuzatish jazosi tayinlandi. Jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar qoplandi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
818






Все о погоде - Pogoda.uz