Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.08.2017 19:44 Chop etish versiyasi

110 jinoyat tezkor fosh etildi

Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan hududda jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni bo‘yicha brifing o‘tkazildi.

Unda viloyat IIB tergov boshqarmasi xodimlari joylarda jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta’minlash, sodir etilgan jinoyat, sud va tergov jarayonlariga aloqador holatlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Shu yil 27-iyuldan 3-avgustga qadar viloyat hududida sodir etilgan firibgarlik, o‘g‘rilik, og‘ir tan jarohati yetkazish, mayda bezorilik, giyohvandlik va shu kabi 125 jinoyatning 110 tasi fosh etilib, tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.

– Zangiota va Qibray tumanlarida tilla buyumlarni o‘g‘irlagan shaxslar ushlandi, – deydi viloyat IIB tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik J.Mamasoliyev. – Bekobod va Angren shaharlarida avtotransport vositasini olib qochgan shaxslar qilgan ishlari uchun qonun oldida javob bermoqda. Qibray tumanida bir guruh voyaga yetmagan shaxslar tomonidan kechasi xonadon egasi yo‘qligidan foydalanib, jami 13 million so‘mlik 2 bosh qoramol o‘g‘irlagani aniqlandi. Ushbu holat bo‘yicha aybdorlarni qidirib topish va ularni qonun doirasida javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmoqda.

Qidiruvda bo‘lgan 33 nafar shaxs qo‘lga olingan. Turli huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilgan. Profilaktika inspektorlari tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan muhokama yig‘ilishlariga 115 mingdan ortiq fuqaro qamrab olingan.

Hafta davomida viloyat hududida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-trasport hodisalarining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarda 25 yo‘l-transport hodisasi aniqlangan. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan mast holda transport vositasini boshqargan, belgilangan tezlikni oshirgan, chorraha va svetofordan o‘tish, odam tashish hamda telefondan foydalanish qoidalarini buzish kabi 5 ming 385 qoidabuzarlik qayd etilib, aybdorlar javobgarlikka tortilgan.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
1 122






Все о погоде - Pogoda.uz