O‘zA O`zbek

14.08.2018 15:47 Chop etish versiyasi

Jinoyat ko‘chasidagi o‘smirning yuzi qora, kelajagi zavol bo‘ladi

Jinoyat ko‘chasidagi o‘smirning yuzi qora, kelajagi zavol bo‘ladi Tun yarmida Adolat xolaning uyqusi qochdi. Bemahal kelishga odatlangan nevarasi Sardorbekni, chetga ishlash uchun ketgan o‘g‘li va kelinini o‘ylab, ko‘ngli o‘ksidi...

Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolat

O‘g‘lini ko‘rmaganiga ham 8 yil bo‘libdi. O‘shanda Sardorbek 9 yoshda edi. “Bechora bolam, qo‘y shu sarsongarchilikni. Ke, o‘g‘lingga otalik qilsang, mening u yog‘imdan bu yog‘im yaqin bo‘lsa...” Shu payt ichkaridan gursillagan ovoz eshitildi. Sardorbek gilamda bejo to‘lg‘anib yotardi...

Oiladagi notinch muhit va nazoratsizlik farzand beboshligiga sabab bo‘ladi. Shu bois mamlakatimizda o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ta’lim muassasalarida fan, sport va kasb-hunar to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya ishlab turibdi. Ota-ona, maktab va mahalla hamkorligida har bir farzand tarbiyasiga e’tibor qaratilmoqda.

Ammo... Voyaga yetmaganlar, yoshlar o‘rtasida jinoyatlar sodir etilmoqda. Ular kimlar, degan savolga tegishli soha xodimlari javob beradi.

– Voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatlar asosan notinch, tez-tez oilaviy janjal bo‘lib turadigan, ota-onasi ichkilikka ruju qo‘ygan yoki ajrashgan, shuningdek, xorijga ishlash uchun ketgan oilalar farzandlari tomonidan sodir etilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Rahimov – Shu bois Bosh prokuratura va Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi bilan hamkorlikda nazoratsizlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, nosog‘lom oilalarda tarbiyalanayotgan voyaga yetmaganlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqilib, hududlarda to‘liq ijroga qaratilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voyaga yetmaganlar o‘rtasida joriy yilning 6 oyida 362 jinoyat sodir etilgan. Ular orasida o‘g‘irlik, talonchilik, bosqinchilik va bezorilik kabi jinoyatlar ko‘p aniqlangan.

4343 nafar tarbiyasi og‘ir voyaga yetmaganlar ichki ishlar idoralari tomonidan profilaktik hisobga olingan bo‘lib, ularga ta’lim muassasalari va mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan murabbiylar biriktirilib, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida turli to‘garaklarga jalb etildi.

Bu davrda xulqi ijobiy tomonga o‘zgarmagan 508 nafar o‘g‘il-qiz ixtisoslashtirilgan yopiq turdagi ta’lim muassasalariga joylashtirildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida ro‘yxatga olinganlarning 3807 nafari profilaktik hisobdan chiqarildi.

...Sardorbekning ota-onasi birga yashamasdi. Shundan so‘ng ota ham, ona ham bolasini tashlab xorijga ketdi. Oqibatda u qari buvisining qo‘lida qoldi. Sardorbek 1-sinfga o‘qishga borganda ota-onasi yonida edi. U juda iqtidorli o‘quvchi sifatida tilga tushdi. Sport to‘garaklariga muntazam qatnasha boshladi. Dastlabki yildayoq faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Oilada muvozanat buzilgach, bolaga alohida e’tibor qaratilmadi. Avvaliga otasini keyin onasini sog‘ina-sog‘ina zerikkan alamzada bola endi ko‘chadan najot qidira boshladi. Topgan do‘stlari bilan birga o‘z uyidan pul o‘g‘irladi. Sekin-asta, bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga kirib qoldi.

Xalqimizda “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan maqol bor. Xo‘sh, yoshlarning, ayniqsa, o‘smirlarning jinoyat ko‘chasiga kirishiga nima sabab bo‘lmoqda? Nahotki, mahalla, maktab, qo‘ni-qo‘shni ko‘z oldida o‘sib kelayotgan boladagi o‘zgarishlarni sezmasa. Zotan, tarbiyasi noqis bola oilasiga, mahallaga, jamiyatga hech qanday naf keltirmaydi.

– Mazkur salbiy holatlarning oldini olish maqsadida voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy komissiya a’zolaridan iborat tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan nazoratsiz va qarovsiz ahvolda yurgan yoshlar aniqlab boriladi, – deydi Sh.Rahimov. – Ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgandan so‘ng ham farzandlariga ta’lim-tarbiya berish chorasini ko‘rmagan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik va boshqa ta’sir choralari ko‘rilmoqda.

Jumladan, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan shug‘ullanuvchi barcha organlar tomonidan hamkorlikdagi ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi natijasida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning sezilarli darajada kamayishiga erishildi.

...Sardorbek Toshkent shahar narkologiya dispanserida ko‘zini ochdi. Yonida buvisi yig‘lab o‘tirardi. Uning mehribon buvisiga mehri iyidi...

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
1 695