O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Jerar Deparde: “O‘zbekiston tarixiy lahzalarni boshdan kechirmoqda

Jerar Deparde: “O‘zbekiston tarixiy lahzalarni boshdan kechirmoqda
Mashhur fransuz aktyori Jerar Deparde O‘zbekiston haqidagi hujjatli film suratga olish ishlari uchun Toshkentga keldi. Aktyor Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning qurilish jarayoni bilan tanishdi.


photo5341802554801105744.jpg
Deparde, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov va “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov bilan ham suhbatlashdi.

Uchrashuvda fransuz aktyori O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Islom dinining chinakam insonparvarlik mohiyatini keng jahon jamoatchiligiga yetkazish borasidagi tashabbuslari muhimligini ta’kidlab o‘tdi.

“Men ushbu markazni barpo etish tashabbusi bilan chiqqan Prezident Shavkat Mirziyoevning yondashuviga qo‘shilaman. Mamlakatingizda ushbu muqaddas dinni insonparvarlik qadriyatlarning diqqat markazi sifatida ulug‘laydilar va bu buyuk e’tiqodni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan tenglashtirganlarni qoralaydilar. Bugungi kunda ko‘plab ekspertlarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston musulmon dunyosi uchun insonparvarlik rivojlanish modelining poydevorini qo‘ymoqda. Bu haqiqatan ham tarixiy lahzalardir”, – deya, Deparde o‘z fikrlarini bildirdi.

Aktyor O‘zbekiston azaldan olimlar va buyuk mutafakkirlarni dunyoga keltirgan zamin ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

“VIII asrdan beri bu yerda noyob intellektual muhit yaratilgan. Matematika, tibbiyot va umuman barcha fan sohalarida katta yutuqlarga erishildi. Ilohiyotga ham e’tibor berildi. Eng nufuzli hadislar to‘plami – Payg‘ambarning hikmatlari – Imom Buxoriy tomonidan tuzilgan. Naqshbandiyning eng katta sufiylik nishoni (zamonaviy O‘zbekiston hududida paydo bo‘lgan – tahrirchi izohi ) Butun Yevrosiyo bo‘ylab – Bolqondan Indoneziyaga qadar tarqalgan. Ko‘plab taniqli buyuk olimlar Movarounnahrda yashab kelganlar, jumladan, Islom ilmining “oltin davri”da – IX-XI asrlarda O‘zbekistonda. Yevropa dunyosining hech bir mamlakati bunday ilmiy markaz bilan faxrlana olmaydi. Bu Islom ma’rifat g‘oyalarini targ‘ibotchisi ekanligining yaqqol belgisi emasmi?” – deb xulosa qildi Deparde.

Qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqida gapirganda, aktyor ushbu markaz islom dinini e’tirof etgan xalqlarning eng boy merosini asrab-avaylash, o‘rganish va ommalashtirish va boshqa dinlarni hurmat qilishda o‘z hissasini qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, aktyor o‘zbek xalqining mehmondo‘stligidan va O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosidan hayratda ekanligini bildirdi.

“O‘zbekistonga noyob jug‘rofiy o‘rin (hudud) tuhfa etilgan. Osiyoning qoq yuragida joylashgan bu mamlakat o‘zidan tashqaridagi mamlakatlarning madaniyatidan ko‘plab madaniy an’analarni to‘pladi va shu bilan birga o‘z tajribasini tashqi olamga yetkazdi”, – deb ta’kidladi Deparde.

Deparde so‘zining oxirida islom merosi, ma’rifatli islom mavzusi O‘zbekistonda suratga olish ishlari boshlangan filmning asosiy mavzularidan biri bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

“Bizning vazifamiz – fransuz tomoshabinlariga va butun dunyoga islomning haqiqiy qiyofasini – madaniyati, ilmi, san’atini namoyish etishdan iboratdir”, – deya ta’kidladi aktyor.

Ta’kidlash joizki, Jerar Deparde ishtirokida hujjatli filmni suratga olish tashkilotchilari sifatida “O‘zbekkino” milliy agentligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tashabbus ko‘rsatmoqdalar. Filmni suratga olish ishlari O‘zbekistonning 5 ta shahri – Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Nukusda olib boriladi.

317
O‘zA