Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.02.2018 17:06 Chop etish versiyasi

Javohirlar xazinasi 1000 yildan so‘ng o‘zbek tilida chop etildi

O‘zbekiston hududi qadimdan jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan. Ajdodlarimiz tafakkuri mahsuli – qadimiy yozma manbalar xalqimizning buyuk ma’naviy boyligidir. Tariximiz, madaniyatimiz va buyuk ajdolarimizning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, keng targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar, ayniqsa, yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida ulg‘aytirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Ma’lumki, IX-XII va XIV-XV asrlar Markaziy Osiyo mintaqasida ilmiy madaniy yuksalish davri – Sharq renessansi sifatida dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan. Mazkur davrda ayniqsa, matematika, astronomiya, fizika, kimyo, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot kabi aniq va tabiiy fanlar rivojlandi.

Bu davrning eng mashhur qomusiy allomasi Abu Rayhon Beruniydir. Ulug‘ allomaning 150 dan ziyod ilmiy ishidan bizgacha faqat 30 dan ortig‘i yetib kelgan. Ammo saqlanib qolgan ushbu qo‘lyozmalarning to‘liq bo‘lmagan namunalari ham alloma naqadar serqirra ilmiy meros qoldirganidan darak beradi. Xususan, Beruniy dunyo ilm-fanida birinchilardan bo‘lib dengizlar nazariyasini ishlab chiqdi. Yerning sharsimon globusini yaratish yuzasidan o‘ziga xos yangi g‘oyalarni ilgari surdi. Yer radiusini hisobladi. Uning vakuum, ya’ni bo‘shliq holatini izohlab berdi. Kolumb sayohatidan 500 yil avval Tinch va Atlantika okeanlari ortida qit’a mavjudligi haqidagi qarashni ilgari surdi. Minerallar tasnifi va ularning paydo bo‘lish nazariyasini yaratdi. Geodeziya faniga asos soldi. Shuning uchun ham butun dunyo tabiiy fanlar tarixchilari tomonidan XI asr “Beruniy asri” deb nomlanishi bejiz emas.

Ulug‘ allomaning bizgacha yetib kelgan “Mineralogiya” asarida 30 dan ortiq qimmatbaho tosh va minerallarning nomi, ularning kimyoviy va fizikaviy xossalarini aniqlash, eritib sinash, deyarli barcha qimmatbaho tosh va turli ma’danlar, ularning qotishmalari haqida ilmiy ma’lumotlar berilgan. Bundan tashqari, Beruniy minerallar va ma’danlarning o‘z davridagi narx-navosi, ba’zilarining shifobaxshlik xususiyatlari, nodir tosh va metallar bilan bog‘liq ayrim irim-sirimlar, qiziqarli etnografik ma’lumotlarni bayon etganki, bular asarning muhim tarixiy manba sifatidagi ahamiyatini yanada oshiradi.

“Mineralogiya”ning asosiy qimmati unda turli minerallar og‘irligi aniqlab berilishidir. Beruniygacha bunday ish hech qachon amalga oshirilmagan edi. Ayniqsa, alloma Arximed qonuniga asoslangan holda bir qancha minerallar og‘irligini nihoyatda aniq o‘lchagan. Hozirgi kundagi eng zamonaviy o‘ta sezgir uskunalar yordamida aniqlangan o‘lchov bilan olim o‘lchovining farqi yuzdan birga ham to‘g‘ri kelmaganini soha mutaxassislari qayd etmoqda.

Ayni vaqtga qadar Beruniyning mazkur asari qator xorijiy tillarga tarjima qilingan. Biroq o‘zbek tiliga hali o‘girilmagan edi. Bu tarixiy jarayon yaqinda amalga oshirildi. “Mineralogiya” Navoiy kon-metallurgiya kombinati tashabbusi va homiyligida Navoiy davlat konchilik instituti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti olimlari hamkorligi bilan ming yildan so‘ng o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilgani barcha ilm ahli uchun muhim voqelik bo‘ldi. Yer osti boyliklarini tadqiq qilishda muhim ahamiyatga ega mazkur asar mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari, kutubxonalarga kombinat tomonidan tarqatildi. Zero, ulug‘ shoirimiz, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov yozganidek, Beruniyning aql mash’ali bugun ham o‘z avlodlariga yo‘lchi yulduz bo‘lib kelmoqda.

Darhaqiqat, ko‘hna tarixning bir haqiqati bor. Qaysi elda tinchlik va barqarorlik hukm sursa, o‘sha joyda ilm-fan taraqqiy topadi. Muxtasar aytganda, tarixni puxta bilmay, ajdodlarimizning olamshumul kashfiyotlarini chuqur o‘rganmay, bilim, ma’rifat va yuksak ma’naviyatga tayanmasdan, biror-bir sohada yangi marralarga erishib bo‘lmaydi.

Xolmamat Raupov,
Navoiy kon-metallurgiya kombinati
Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari,
tarix fanlari nomzodi.

O‘zA
7 959