O‘zA O`zbek

13.08.2018 18:05 Chop etish versiyasi

“Jartepa”dan 225 ming yo‘lovchi o‘tdi

“Jartepa”dan 225 ming yo‘lovchi o‘tdi Joriy yilning 1 mart kuni O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalari davlat chegarasidagi bir qator o‘tkazish punktlari faoliyati qayta tiklanib, ikki davlat fuqarolarining o‘tib-qaytishlari uchun keng sharoit yaratilgan edi.

Jumladan, Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan “Jartepa” chegara bojxona posti ham faoliyat ko‘rsata boshlagan edi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, chegara orqali harakatlanuvchi fuqarolarga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida bojxona posti zamonaviy rentgen apparati, kuzatuv kameralari, texnik nazorat vositalari va jihozlari bilan ta’minlangan. Maskanda fuqarolar o‘zlari bilan olib o‘tishi mumkin bo‘lgan tovar va moddiy boyliklar me’yori hamda valyuta qimmatliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘zbek, tojik va rus tillarida joylashtirilgan.

O‘tgan davr mobaynida mazkur chegara bojxona posti orqali jami 225 ming nafardan ortiq yo‘lovchi, 17 ming 200 ga yaqin avtotransport vositasi harakatlandi.

Bu imkoniyatdan ikki mamlakat tadbirkorlari ham samarali foydalanmoqda. Birgina joriy yilning 21 aprel kuni Samarqand shahrida Samarqand viloyati va Tojikistonning Sug‘d viloyati ishbilarmon doiralari ishtirokida o‘tkazilgan biznes-forumda 95 million 147 ming dollarlik 170 shartnoma imzolangan edi. Ayni paytda mazkur kelishuvlar asosida ikki tomon o‘zaro tovar va xizmatlar ayirboshlash borasida hamkorlik qilib kelmoqda.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 026