O‘zA O`zbek

06.06.2018 17:23 Chop etish versiyasi

Jarroh-onkologlar tajriba almashdi

Jarroh-onkologlar tajriba almashdi
Butunjahon jarroh-onkologlar federatsiyasi xalqaro ilmiy-ta’lim maktabining 2018 yilgi mashg‘ulotlari joriy yil 7-10 iyun kunlari “Onkologiyada davolashning yagona ta’lim standarti: texnologiya va innovatsiya” mavzuida Buxoro shahrida o‘tkaziladi.

Mazkur xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan federatsiya a’zolari, dunyoning taniqli onkolog olim va mutaxassislari 6 iyun kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialiga tashrif buyurdi.

Mehmonlar bu yerda bemorlarga tashxis qo‘yish va davolash, zamonaviy tibbiy uskunlardan foydalanish, xodimlar bilimi va malakasini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazib, ularni davolash yuzasidan samarqandlik hamkasblari bilan fikr almashdi.

14.JPG

– Bugungi kunda dunyo miqyosida onokologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash borasida tadqiqotlar olib borilib, yangi usullar qo‘llanilmoqda, – deydi Butunjahon jarroh-onkologlar federatsiyasi (WFSOS) prezidenti, Serbiya onkologlar assotsiatsiyasi raisi Radon Djodich. – Samarqandlik mutaxassislarning sut bezi saratoni xastaligiga chalingan bemorlarni davolash jarayoni bilan tanishib, ularning bu borada boy tajriba to‘plagani hamda xalqaro talablar darajasida ish tutayotganiga guvoh bo‘ldik.

– Muassasada bemorlarga bo‘lgan samimiy munosabat va ularga yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini e’tirof etishni istardim, – deydi Butunjahon jarroh-onkologlar federatsiyasi (WFSOS) ilmiy maktabi direktori, akademik Igor Reshetov. – Bugun Samarqandga dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan jarroh-onkologlar bunga guvoh bo‘ldik. Bu yil maktabimizning ilmiy mashg‘uloti to‘rtinchi marotaba O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbirni kelgusi yili Samarqandda o‘tkazish taklif etilmoqda. Ilmiy kengashimizda bu taklif tasdiqlansa, 2019 yilda Samarqandda yana uchrashamiz.

Federatsiya a’zolari filial xodimlari bilan sohadagi yangiliklar, galdagi vazifalarni muhokama etib, yosh mutaxassislar uchun mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazdi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
2 805