O‘zA O`zbek

24.08.2018 17:45 Chop etish versiyasi

Janob, Fargʻonaga bir keling

Janob, Fargʻonaga bir keling
gazeta.uz saytida berilgan N.Makarenkoning maqolasini oʻqigan odam taajjubga tushishi aniq. Bir yoqlama, noxolis yozilgan bu maqolaga koʻpchilik haqli eʻtirozlarni bildirmoqda. Toʻgʻri, fikr bildirishga hech kim qarshi emas. Ammo fikrda ham asos va mantiq boʻlishi kerak emasmi?

Bugun Oʻzbekistonni qaysi bir shahriga bormang, oʻzgarishlarni, yangilanishlarni guvohi boʻlasiz. Bir paytlar xalqimiz dam olish, sayr qilish degan narsalarni unutib ham qoʻygan edi. Hozir-chi? Bir-biridan koʻrkam xiyobonlar, dam olish maskanlari, musiqali favvoralar aholi xizmatida. Nafaqat, bu ishlar poytaxtda, yurtimizning eng chekka hududida ham amalga oshirilayotganini barcha koʻrib, bilib turibdi.

Uzoqqa bormay, oʻzim yashayotgan joydan gapiray. Fargʻona viloyati markazini kech tushishi bilan bir tomosha qiling. Odamlar xiyobonlar tomon oshiqadi. Musiqali favvoralarda yangrayotgan taronalar har bir kishiga huzur bagʻishlaydi. Ayniqsa, shu kunlarda Islom Karimov nomidagi Teatr-konsert saroyining xiyoboni oqshomda fargʻonaliklar hamda mehmonlar bilan yanada gavjum boʻlmoqda. “Mustaqillik oqshomlari” tadbirlari barchani mamnun etmoqda. Buni barcha yaxshi his etib turibdi.

– Har kuni farzandlarimni olib kechga sayrga chiqishga odatlanganmiz, – deydi mehnat faxriysi Hasanjon Poʻlatov. – Baʻzan dam olish maskanlaridan joy topolmay ham qolasiz. Kafelar, restoranlardagi xizmat chet elnikidan qolishmaydi. Xizmat koʻrsatish va servis rivojlanib bormoqda. Yaqinda shahrimizda “Festivallar markazi” ishga tushdi. U yerda muz saroyi ham bor.

Darhaqiqat, goʻzal Fargʻona har kuni yangi manzaralar ichra yangilanib bormoqda. Ilgari tor yoʻlaklarda chinor bargi xazonlarini koʻrishga koʻnikib ketgan koʻzlar bugun yaratuvchilikning yorugʻ izlaridan yayramoqda. Viloyat markazi qiyofasini tubdan oʻzgartirib yuborgan oydin koʻchalar, muhtasham binolar fargʻonaliklarning gʻururi va qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan.

Albatta hali baʻzi bir muammolar bor. Vaqti soati kelib ular ham oʻz yechimini topar. Tungi klublarni tartibga solish, spirtli ichimliklarning sotish vaqtini cheklash degani bu inson erkini cheklash emas-ku axir? Buni ham baʻzilar notoʻgʻri talqin qilmoqda.

Ichkilikbozlik eng yomon illatlardan biridir. Shuning uchun ham jamoatchilik tomonidan spirtli ichimliklarni sotish vaqtini cheklash borasida takliflar bildirilmoqda.

– Alkogolik oqibatida kasallanganlar soni yildan-yilga ortib bormoqda, – deydi Fargʻona viloyati narkologiya dispanseri bosh shifokori Oybek Dadaboyev. – Soʻnggi olti oy ichida viloyat boʻyicha 4 ming 800 nafar fuqarolar nazoratda turishibdi. Shulardan 1 ming 200 nafari narkologik kasalliklar bilan davolanmoqda.

Mastlik oqibatida sodir etilayotgan jinoyatlar tufayli baʻzan begunoh insonlar bir umrga nogiron boʻlib qolmoqda, hayotdan bevaqt koʻz yumyapti. Bundan tashqari, ichkilikning oqibatida koʻngilsiz voqealar ham koʻplab sodir etilayotir. Misol uchun, Furqat tumanida yashovchi F.M. 12 avgust tungi vaqtda mast holatda uyi yaqinida ariq ustidagi beton koʻprikka yiqilgan va voqea joyida vafot etgan. Buning oqibatida ikki nafar farzandi yetim qoldi.

Har bir yurtning, har bir shaharning oʻz qadriyatlari boʻladi. Buni unutishga hech kimni haqqi yoʻq. Tungi klublardagi yarim-yalangʻoch, oʻzini behayolarcha tutayotgan yoshlar-bizning farzandlarimiz. Ularni taqdiri uchun qaygʻurish ham biz uchun kerak. Shuning uchun tungi klublardagi noxush holatlar ham barchamizni sergak torttirgani bor gap. Ularni faoliyatini ham tartibga solish vaqti keldi. Bu bilan shahardan koʻchib ketish shart emas-ku axir?

Janob Makarenko, yaxshisi Fargʻonaga ham bir keling. Odamlarni kayfiyatini koʻring. Keyin xulosa chiqarish oʻzingizdan.

M.Sulaymonov, OʻzA
1 950