Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.03.2017 18:57 Chop etish versiyasi

Jannatmonand yurtning baxtli qiziman

Jizzaxda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan bayram tadbiri shunday nomlandi.

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi va Jizzax politexnika instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, institut professor-o‘qituvchilari, talaba-qizlar ishtirok etdi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.To‘rayeva, Jizzax politexnika instituti rektori A.Usmonqulov va boshqalar mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirish, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli ular hayotimizning turli sohalarida samarali faoliyat yuritib, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.

Jizzax politexnika institutida 800 ga yaqin xotin-qiz bo‘lim va fakultetlarda tuzilgan to‘rtta boshlang‘ich tashkilot tarkibida ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy, siyosiy hayotda faol ishtirok etib kelayotir. Ularning 579 nafari talaba qizlardir.

Tadbir doirasida sport, chevarlik, pazandalik, orastalik, raqs, qo‘shiq ijrochiligi, onalar uchun bayram sovg‘asi tayyorlash bo‘yicha talaba-qizlar o‘rtasida ko‘rik-tanlov tashkil etildi.

Ishtirokchilar milliy qadriyatlarimizni nechog‘li bilishi, sportda erishgan natijalari, zamonaviy dizaynda o‘zlari tayyorlagan milliy liboslar namunalari, talabalar uchun tavsiya etilgan soch turmaklash usullari, bayram uchun guldasta va sovg‘alar tayyorlash, milliy taomlar pazandaligi, onalar uchun bayram sovg‘alari tayyorlash mahoratini namoyish etdi. Har bir shart o‘rtasida talaba-qizlar tomonidan tayyorlangan musiqali dasturlar tadbirga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

– Talaba-qizlarning yetuk mutaxassis bo‘lishi bilan birga, ularni odobli, hayoli qilib tarbiyalashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Jizzax politexnika instituti xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti raisi B.Tursunova. – Ushbu bayram tadbirini o‘tkazishdan ko‘zlagan maqsad ham talaba-qizlar o‘rtasida milliy qadriyatlarimiz, talabalarga xos kiyinish, orastalik, pazandalikni targ‘ib qilish, ularda oilaga, onaga mehrni kuchaytirish edi. Yoshlarning katta qiziqish bilan ishtirok etgani ushbu madaniy-ma’rifiy tadbir amaliy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi.

Tadbirda faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
1 234






Все о погоде - Pogoda.uz