O‘zA O`zbek

02.08.2018 21:16 Chop etish versiyasi

Jamoatchilikka hisobot berildi

Milliy matbuot markazida Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining joriy yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, hisobot davrida 5 ta majlis o‘tkazilib, ularda qo‘mita vakolatlariga taalluqli 18 ta masala, shu jumladan, byudjet, moliya sohasi va iqtisodiy islohotlarga doir 3 ta qonun ko‘rib chiqilgan.

Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan konferensiya va seminarlar doirasida valyuta siyosatini erkinlashtirish masalalari, soliq siyosatining zamonaviy yo‘nalishlari, qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish istiqbollari, raqamli iqtisodiyot sharoitida korporativ boshqaruvni rivojlantirishning asosiy tendensiyalari, bank-moliya sektorini innovatsion rivojlantirishning turli jihatlari muhokama etildi, shuningdek, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati keng tushuntirildi.

Qo‘mita a’zolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning 8725 ta murojaati ko‘rib chiqildi. Ko‘tarilgan masalalarni hal qilish uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga senatorlarning 40 ta murojaati yuborildi. Natijada fuqarolarning yillar davomida yig‘ilib qolgan ko‘plab muammolari yechim topdi.

Umumiy hisobda Senatda va joylarda 3500 ta qabul amalga oshirildi, jumladan, Qo‘mitada doimiy asosda ishlovchi senatorlar tomonidan 79 nafar fuqaro qabul qilindi.

***

Milliy matbuot markazida Oliy Majlis Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining joriy yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yakunlari va ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Qo‘mita tomonidan “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida” hamda “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar mart oyida o‘tkazilgan yalpi majlis muhokamasiga kiritildi.

Shu bilan birga, Qo‘mita tomonidan xalq bilan muloqotni qo‘llab-quvvatlash, saylovchilar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, o‘tgan davr mobaynida saylovchilar bilan 384 ta uchrashuv o‘tkazildi, 638 nafar fuqaro qabul qilindi va 5342 ta yozma murojaat ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning ko‘pchiligi nazoratga olindi, ko‘tarilgan masalalarning samarali hal etilishi ta’minlandi.

Qo‘mita a’zolari matbuot anjumani ishtirokchilarining barcha savollariga javob qaytardilar.

Inobat Ahatova, O‘zA
2 460