O‘zA O`zbek

30.06.2020 Chop etish versiyasi

Jamoatchilik palatasi – demokratik tizimning muhim instituti

Jamoatchilik palatasi – demokratik tizimning muhim instituti

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilk bor mamlakatimizda Jamoatchilik palatasini tashkil etish taklifini kiritgan edi. Shuningdek, ushbu muhim institutning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga va jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta muhim masalalarga oid qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini, ekspertizalarini oʻtkazish majburiyligini aniq belgilashga eʼtibor qaratish koʻzda tutildi.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, jamoatchilik maʼqul desa – maʼqul, nomaʼqul desa – nomaʼqul degan iboralari zamirida fuqarolik jamiyatimizning oʻzimizga xos demok­ratik mezonlari boʻlib, hozirga qadar ularning imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmaganligi, ochiqlik siyosati tufayli samarali foydalanish zarurligi haqida roʻy-rost aytildi.

Maʼlumki, Jamoatchilik palatasini tashkil etishga qadar “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi va boshqa huquqiy-normativ hujjatlardan iborat baza yaratilgan. Jamoatchilik palatalari jahonning 80 ga yaqin mamlakatida davlat bilan jamiyat oʻrtasida hammaslahat faoliyatni yoʻlga qoʻyib, avvalambor, siyosiy barqarorlikni taʼminlashga katta hissa qoʻshmoqda. Bu ochiqlik va shaffoflik prinsiplariga asoslangan samarali faoliyat olib borishda muhim oʻrin tutmoqda. Xorij amaliyotida mavjud davlat va jamiyatning oʻzaro harakati va muloqotini tashkil etishda muhim rol oʻynayotgan tuzilma faoliyatini batafsil koʻrib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Masalan, Fransiyada shunday tuzilma 1958-yilda tashkil etilgan boʻlib, Fransiya Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi deb nomlangan. Uning maqomi 1958-yilgi Fransiya Konstitutsiyasining moddalarida mustahkamlab qoʻyilgan. Ushbu Kengash Konstitutsiyaga binoan, uch qismdan iborat vazifani bajaradi. Birinchidan, davlatning ijtimoiy siyosatida sogʻlom kuchlar ishtirokini taʼminlaydi. Ikkinchidan, davlat byudjetiga oid masalalardan tashqari, barcha iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni oʻrganish hamda oʻz qarorlarini kiritish, uchinchidan, turli kasb vakillarining muloqotini uyushtirish, aholining turli guruhlari vakillariga oʻzlarining iqtisodiy va ijtimoiy masalalarga oid fikrlarini izhor etishlari uchun rasmiy minbar berish kabi vazifalardir.

Kengash shu maqsadlarda tegishli tavsiyalar ishlab chiqadi, professional va ijtimoiy tashkilotlar vakillarining fikrlarini umumlashtirgan holda, maʼruzalar tayyorlaydi, tadqiqotlar oʻtkazadi. Kengashga juda keng vakolatlar berilgan boʻlib, ular: jamiyat iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotining dolzarb vazifalariga oid masalalarni hukumat iltimosiga binoan yoxud oʻz tashabbuslari bilan muhokamaga olib chiqishi mumkin. Kengash tomonidan tayyorlangan tavsiyalar, maʼruzalar va tadqiqotlar Respublika Prezidentiga, Bosh vazirga hamda Parlamentga moʻljallangandir. Kengashning bosh vazifasi Prezident, hukumat va parlamentga Kengashda vakilligi boʻlgan professional tashkilotlar tavsiyalarini yetkazishdir.

Bu hokimiyat organlari, hukumat va parlament uchun muhim jarayon boʻlib, professional jamoat tashkilotlari vakillarining Kengash muhokamasi paytida bildirgan jamoaviy fikrlari birligi yoki tarqoqligi yoki aʼzolar tarafidan quvvatlangani haqida axborot olish mexanizmidir. Shuningdek, Shvetsiya, Norvegiya kabi mamlakatlarda rezonans boʻladigan voqealar boʻyicha jamoatchilik umumxalq muhokamalari, jamoatchilik eshituvlari va jamoatchilik ekspertizalari darhol tashkil etiladi va muammo yechimini topguniga qadar ularning nazoratida turadi.

Rossiya Federatsiyasida Jamoatchilik palatasi 2005-yilda tashkil etilgan boʻlib, “Rossiya Federatsiyasining Jamoatchilik palatasi toʻgʻrisida”gi federal qonunga binoan faoliyat olib boradi. Ushbu qonun boʻyicha Jamoatchilik palatasi har uch yilda saylanadi, fuqarolarning davlat organlari va ularning xohish-irodalarini davlat siyosatini shakllantirish, amalga oshirishda, huquq va erkinliklarini himoya qilish, shuningdek, davlat hokimiyati faoliyatida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan.

Qonunga binoan, Davlat Dumasida ijtimoiy ahamiyatga molik boʻlgan loyihalar Jamoatchilik palatasi ekspertizasidan oʻtkazish tartibi belgilangan. Palata oʻz faoliyatida: jamoatchilik muhokamalari, davra suhbatlari, koʻchma yigʻilishlar kabi turli shakllardan foydalanadi. Har yili yuzlab ommaviy tadbirlar uyushtiradi. Bir yilda 3–4 marotaba umumiy yigʻilishlar oʻtkazib, ularda mamlakat taraqqiyoti va fuqarolik jamiyati rivojlanishining muhim masalalari koʻrib chiqiladi. Har yili anʼanaga binoan yil yakunlariga bagʻishlangan umumiy yigʻilishda mamlakat Jamoatchilik palatasi va fuqarolik jamiyati holati haqida maʼruza tinglanib, tegishli qarorlar qabul qilinadi.

Jamoatchilik palatasi mintaqaviy jamoatchilik palatalari shakllanishi va rivojlanishiga hissa qoʻshadi. Shuningdek, palata aʼzolari federal vazirliklar, muassasalar jamoatchilik kengashlari tarkibiga kiritilgan. Palata faol xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, tashkil etilganidan buyon 30 ga yaqin mamlakatning xos palatalari bilan oʻzaro hamkorlik bitimlarini imzolagan. 2011-yildan buyon Iqtisodiy va ijtimoiy kengashlar va xos institutlar xalqaro uyushmasi hayʼati aʼzosidir.

Keyingi uch yilda yangi Oʻzbekiston siyosiy tizimida yangi demokratik institutlarning shakllanishi va barqarorligini taʼminlash boʻyicha maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 16-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Prezident huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik palatasi tez orada oʻzining yuksak ommaviy faolligini namoyish etadi. Oʻzbekistonda Jamoatchilik palatasining tashkil etilishi bilan fuqarolik jamiyatining turli kuchlari va harakatlarining davlat organlari bilan hamkorlikda uyushib faoliyat olib borish imkoniyati paydo boʻladi.

Jamoatchilik palatasining Prezident huzurida tashkil etilishi va faoliyatining asosiy yoʻnalishlarining belgilab berilishi hamda bu yangi demokratik institutning davlat va jamiyatimiz hayotida muhim ahamiyatga ega boʻlishi aniq. Murojaatnomada belgilangan “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori”, degan yangi gʻoyani amalda roʻyobga chiqarish, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarish va faol ishtirokini kengaytirish, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, fuqarolar, jamiyat va davlatning oʻzaro hamkorligini oʻrnatish, shuningdek, davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.

Yangi Oʻzbekistonning hozirgi rivojlanish bosqichida Jamoatchilik palatasining tashkil etilishi davlat tomonidan mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi turli masalalarni hal etishda fuqarolik jamiyati imkoniyatlaridan foydalanish zaruriyatidan kelib chiqadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasiga kompleks vakolatlarning berilishi esa, uning mamlakatimizdagi fuqarolik jamiyati ijtimoiy jarayonlari dinamikasiga taʼsir etishining keng imkoniyatini belgilab, avvalambor, fuqarolarning faollashuvi jarayonlarini ragʻbatlantiradi.

Shuhrat GʻOYIBNAZAROV,

ciyosiy fanlar doktori, professor.

Manba: “Postda - Na postu” gazetasi

662
OʻzA