O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari muhokama etildi

Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari muhokama etildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 

Davlat organlari mansabdor shaxslari zimmasiga qonun bilan yuklatilgan vazifalar qay darajada bajarilayotgani jamoatchilik nazoratida bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bois, mamlakatimizda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich o‘tkazilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan “Jamoatchilik nazoratining ta’sirchan shakllari va ularni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari” mavzusidagi davra suhbatida bu haqda batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilganidek, yurtimizda fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy faolligi va ularning davlat organlari ustidan jamoatchilik nazoratini olib borishdagi vakolatini mustahkamlashga qaratilgan yuzdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar mavjud. Qolaversa, bu masalada “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ham qabul qilindi.

Mazkur hujjat bilan jamoatchilik nazoratining sub’ektlari, shakllari, bu sohadagi ijtimoiy munosabat ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari hamda jamoatchilik nazoratining natijalari huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Shunday qilib, mamlakatimizda jamoatchilik nazoratini olib borish bo‘yicha normativ-huquqiy baza shakllantirilgan bo‘lib, u tizimli ravishda rivojlanib bormoqda.

Jamiyatni demokratlashtirish jarayonining bosqichma-bosqich rivojlanishi natijasida fuqarolarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi ham oshib bormoqda. Bu holat bevosita yurtimizda ochiq siyosat olib borishning yo‘lga qo‘yilgani bilan bog‘liqdir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda qator davlat organlari virtual qabulxonalarining tashkil etilgani xalq bilan muloqotning yangicha uslubi bo‘ldi.

– Bugungi kunda har bir mansabdor shaxsning nojo‘ya xatti-harakati, uning kim bo‘lishidan qat’iy nazar, ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilib borilmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdullajon Hamroqulov. – Turli teledastur va tok-shoular orqali aholi o‘z muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri mansabdor shaxslar oldiga qo‘ymoqda. Natijada davlat organlari barcha uchun ochiq tuzilmaga aylanishni boshladi va ularning faoliyati haqiqiy jamoatchilik nazoratiga olindi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 4 oktabrdagi “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunni qayta ko‘rib chiqish tavsiya etilgan.

Bugungi kunda amaliyotda jamoatchilik vakillari tomonidan mansabdor shaxslar faoliyati ustidan nazoratning turli yangi zamonaviy shakllariga allaqachon o‘tilgan bo‘lib, ularni qonunlarda to‘liq aks ettirish maqsadga muvofiq. Xususan, bugungi kunda internet muhokamalari, ayniqsa, petitsiya (jamoaviy murojaat) institutlaridan jamoatchiligimiz juda faol foydalanayotir, fuqarolar tomonidan har bir huquqbuzarlik fakti bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumot yuborib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Yig‘ilish ishtirokchilari amaldagi qonunga jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini batafsil yoritish, davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlarining rolini oshirishga qaratilgan qoidalar kiritish taklifini ilgari surdi.

Bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

263
Nurillo NASRIEV, O‘zA