Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.09.2017 21:35 Chop etish versiyasi

Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 23-avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Jamoatchilik kengashi raisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari I.Mirzaaliyev va boshqalar ushbu qarorda hamda Samarqandda 28-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari muhokama etilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarga alohida to‘xtaldi.

Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini takomillashtirish jarayonida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda kengashning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Yig‘ilishda ular oldida turgan vazifalar, kengash komissiyalari, ishchi organi faoliyati muhokama qilindi, Jamoatchilik kengashi kotibi saylandi.

– Zimmamizga harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining ijtimoiy muammolarini hal qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni tashkil etishga ko‘maklashish bo‘yicha yangi vazifalar yuklangan, – deydi Jamoatchilik kengashi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A.Rahmonov.

– Milliy armiyamizda tarbiyaviy ishlar qay darajada yo‘lga qo‘yilgani barcha onalar kabi meni ham o‘ylantiradi, – deydi Jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sh.Nurmatova. – Harbiy qismlarda bo‘lganimizda armiya saflarida xizmat qilayotgan yigitlar nafaqat harbiy ko‘nikmalar egallashi, balki har tomonlama barkamol shaxs sifatida shakllanishiga alohida e’tibor qaratayapmiz.

Ablay Kamolov, O‘zA
1 172






Все о погоде - Pogoda.uz