Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.09.2018 19:49 Chop etish versiyasi

Jamoatchilik bilan hamkorlikda

Jamoatchilik bilan hamkorlikda Davlatimiz rahbarining joriy yil 22 avgustdagi “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida byudjet maʼlumotlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablagʻlarining shakllanishi hamda sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish boʻyicha qator vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, endilikda Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining byudjet sohasidagi vakolatlari doirasida Davlat byudjetini shakllantirish va ijro etish yuzasidan taqdim etiladigan xulosalari majburiy tartibda eʼlon qilinadi.

Birinchidan, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari loyihalari boʻyicha xulosa beriladi. Unda mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi (yalpi ichki mahsulotning oʻsish surʼatlari va tarmoqlar boʻyicha tarkibi, inflyatsiya darajasi, oltin-valyuta zaxiralari, respublikadagi isteʼmol hajmi, tashqi savdo aylanmasi va boshqalar) tahlil qilinib, asosiy ustuvor yoʻnalishlar, yaʼni iqtisodiyotni erkinlashtirish va faol investitsion siyosatiga muvofiqligi bayon qilinadi.

Shuningdek, soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha soliq stavkalarining oʻzgarishi, ularning Davlat byudjetiga, soliq toʻlovchilarga, fuqarolarga taʼsiri, soliq bazasini kengaytirgan holda soliq yukini pasaytirib borish, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining asosiy daromad manbalari, oldingi yil koʻrsatkichlariga nisbatan oʻzgarishi va yalpi ichki mahsulotga nisbati tahlil qilinadi.

Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari xarajatlarining tarkibi, ularning asosli shakllantirilgani va aniq maqsadga yoʻnaltirilishi, ijtimoiy sohalar, davlat va hududiy rivojlantirish dasturlari doirasida (sogʻliqni saqlash, oliy taʼlim, xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim, bolalar sporti, madaniyat, kommunal soha, yoʻl va transport, suv xoʻjaligi sohalaridagi loyihalar, “Obod qishloq” va “Obod mahalla”, aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash dasturlari) zarur boʻlgan xarajatlarni moliyaviy manbalar bilan taʼminlanganligi koʻrib chiqiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari hamda tashriflari davomida berilgan topshiriqlarning ijrosini taʼminlash maqsadida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining xarajatlari parametrlarida yetarli mablagʻlarning koʻzda tutilgani, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jarayonida davlat qarzi, davlat byudjeti taqchilligi tahlil qilinib, xulosalar bayon qilinadi.

Ikkinchidan, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot yuzasidan har yili 10 mayga qadar tashqi audit va baholash natijalari boʻyicha Hisob palatasining xulosasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.

Bu xulosada Prezident qarori bilan tasdiqlangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, respublika va mahalliy byudjetlar hamda davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlari va xarajatlarining real ijrosi, ularni amalga oshirishda qonun hujjatlari talablariga rioya qilinganligi yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish natijalari aks ettiriladi.

Prezidentimizning mazkur qaroriga asosan Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvarga qadar alohida “Ochiq byudjet” axborot portalini ishga tushiradi.

Ushbu portalga byudjet xarajatlarining manzilliligi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida, Davlat byudjeti hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari loyihalari, shuningdek, Davlat byudjeti ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar, ular yuzasidan Hisob palatasining xulosalari joylashtiriladi.

Fuqarolarimiz uchun esa mazkur portal orqali byudjet qonunchiligining buzilish holatlari toʻgʻrisida xabardor qilish hamda byudjet jarayonini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish imkoniyati yaratiladi. Endilikda Hisob palatasining xulosalarini tayyorlashda yana bitta yoʻnalish, yaʼni “Ochiq byudjet” axborot portali orqali fuqarolardan kelib tushgan asosli taklif va mulohazalarni Davlat byudjetini shakllantirish va ijro etishda inobatga olinganligiga alohida eʼtibor qaratiladi.

Bu fuqarolarga nima beradi?

Birinchi navbatda, aholi oʻzi toʻlayotgan soliqlar va ular qanday maqsadlarga sarflanayotganini, davlat xarajatlarining shakllanishi va ularning taqsimlanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan toʻliq xabardor boʻladi. Byudjet loyihasi va uning ijrosi yuzasidan xulosalarning keng ommaga eʼlon qilinishi, har bir fuqaro uchun mol-mulk yoki ish haqidan nima uchun soliq olinayotgani, davlat xarajatlari qay tarzda taqsimlanayotgani, davlat tomonidan aholi uchun kerakli sharoitlarni yaratish boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi toʻgʻrisida ochiq-oydin axborotlar olish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, aholi byudjetni rejalashtirish, yoʻnaltirish va davlat byudjeti loyihasini muhokama qilishda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.

Rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda byudjet jarayonlari boʻyicha nazoratni amalga oshirishda oliy audit organlari tomonidan jamoatchilik nazoratidan keng foydalanish amaliyoti qoʻllaniladi. Masalan, Rossiya Federatsiyasi Hisob palatasi tomonidan federal byudjet loyihasi yigirmaga yaqin yoʻnalishlar boʻyicha koʻrib chiqilib, xulosa beriladi va ommaga havola etiladi. Bunda amalga oshirilgan nazorat tadbirlari, oʻrganish va tahlillar natijalari doimiy ravishda byulleten shaklida chop etib boriladi.

Eʼtiborlisi shundaki, xulosa tayyorlanishida Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasining Federal majlisida yoʻllagan Murojaatnomasidagi asosiy vazifalarni amalga oshirilishi ham tahlil qilinadi. Shu kabi funksiyalar Germaniya Federativ Respublikasi Federal Hisob palatasi, Fransiya Hisoblar Sudi (Hisob palatasi), Britaniya milliy auditorlik idorasi, Yaponiya Hisob palatasi tomonidan hisobotlar koʻrinishida amalga oshiriladi.

Jumladan, Germaniya Federativ Respublikasida hukumatning har yilgi byudjeti ijrosi va kelgusi moliyaviy yil uchun daromadlari hamda qarzlari toʻgʻrisidagi hisobotlari yuzasidan tekshiruv natijalari Parlamentga taqdim etiladi. Fransiyada Hisoblar Sudi tomonidan byudjet mablagʻlarining samarali sarflanishi, shu jumladan, byudjet hisobvaraqlari holati boʻyicha nazorat natijalari toʻgʻrisidagi yillik hisobotlar chop etib boriladi.

Yuqoridagi davlatlarning hisobotlarida byudjet daromadlarining shakllanishi va xarajatlarning amalga oshirilishi, hukumat tomonidan belgilangan vazifalarni bajarishda byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish holati, byudjet hisobvaraqlari harakati tahlil natijalari bayon qilinib, belgilangan muddatlarda vakolatli organga taqdim etib boriladi.

Bundan tashqari, Xalqaro oliy audit institutlari tashkiloti (INTOSAI) tomonidan ham oliy moliyaviy nazorat organlarining tegishli hisobotlari ommaviy chop etilishi va ularni shakllantirishda jamoatchilik fikri inobatga olinishi yuzasidan tavsiyalar berilgan.

Prezidentning yuqoridagi qaroriga muvofiq, xalqaro amaliyotdagi ilgʻor tajribalardan kelib chiqib, Davlat byudjetini shakllantirish va ijrosi yuzasidan Hisob palatasining xulosalari tayyorlanishida, fuqarolarimiz bildiradigan takliflar, fikr va mulohazalardan keng foydalanish yoʻlga qoʻyiladi.

Xususan, 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi va davlat byudjeti parametrlari loyihasi, eng avvalo, mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalarni amalga oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Bunda asosiy eʼtibor, Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan asosiy yoʻnalishlarning soliq va byudjet siyosatiga muvofiqligi, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari xarajatlarining asosli shakllantirilgani va aniq maqsadga yoʻnaltirilgani, ijtimoiy sohalarning moliyaviy manbalar bilan taʼminlangani, bu jihatlar Prezident qaror va farmonlari hamda hududlarga tashriflarida belgilangan vazifalarda oʻz aksini topganiga qaratiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, Hisob palatasi oliy tashqi audit va moliyaviy nazorat organi sifatida byudjet sohasidagi vakolatlarini keng jamoatchilik bilan birga amalga oshiradi.

Nurillo Nasriyev, OʻzA
1 261