Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.10.2017 16:48 Chop etish versiyasi

Jamiyatda sog‘lom muhitni qaror toptirishning ijtimoiy-psixologik masalalari

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida “Jamiyatda sog‘lom muhitni qaror toptirishning ijtimoiy-psixologik masalalari: muammo va yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Viloyat hokimligi va Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Sherobod, Qiziriq, Muzrabot va Boysun tumanlari hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi raislari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limlari rahbarlari, tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi ma’naviyat ishlari bo‘yicha sho‘’ba mudirlari, ta’lim muassasalari direktorlari va ularning ma’naviyat ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Seminarda viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M. Qobulova, Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi mas’ul xodimi, psixologiya fanlari nomzodi N.Sog‘inov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada yaxshilash, yoshlar ongida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yuksaltirish, ularni turli yot g‘oya va illatlar ta’siridan asrashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham jamiyatda barqaror sog‘lom muhitni mustahkamlash, oilalar farovonligini ta’minlash, navqiron avlod ta’lim-tarbiyasiga e’tiborni yanada kuchaytirish muhim vazifa etib belgilangan.

– Mamlakat taraqqiyotida sog‘lom ijtimoiy muhit, teran fikr va mustaqil hayotiy pozitsiyaga ega yoshlarning o‘rni beqiyos, – deydi “Oila” ilmiy-amaliy markazi mas’ul xodimi, psixologiya fanlari nomzodi F.Akromova. – Bu jarayonda ota-onalar, ta’lim-tarbiya muassasalari pedagoglari ularni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruxida kamol toptirishga alohida e’tibor qaratishi lozim. Mazkur tadbir hududlardagi ijtimoiy-psixologik masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada duch kelinayotgan muammolar yechimini birgalikda izlash, amalga oshirilayotgan madaniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada yuksaltirishga qaratilgan.

Anjumanda “Farzand tarbiyasi va ota-ona mas’uliyati”, “Muomala madaniyati – jamoada sog‘lom muhit garovi”, “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada yaxshilashda psixologik xizmatning o‘rni” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Denov tumanida Uzun, Sariosiyo, Denov, Oltinsoy va Sho‘rchi tumanlari, viloyat markazida Termiz shahri, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Angor, va Termiz tumanlari uchun ham shunday ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
1 691






Все о погоде - Pogoda.uz