O‘zA O`zbek

29.08.2018 16:31 Chop etish versiyasi

Jamiyatda har kimning oʻz haq-huquqi va oʻrni bor

Jamiyatda har kimning oʻz haq-huquqi va oʻrni bor
Toshkent viloyatida olib borilgan oʻrganishlar hududda nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼlim olishi va bandligini taʼminlash borasida yechimini kutayotgan muammolar mavjudligini koʻrsatdi.

Masalan, koʻzi ojiz, kar-soqov insonlar uchun viloyatning Olmaliq shahrida atigi bitta maxsus maktab-internat mavjud. Oʻqituvchilar, darslik va oʻquv qoʻllanmalari yetishmaydi.Braylalifbosida yozish uchun moʻljallangan moslamalar – pribor va grifellar yetarli emasligi yechimini kutayotgan muammolarning yana biri sanaladi.

Bu haqda Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi majlislar zalida “Nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoyalash: sohada amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar, mavjud muammolar hamda ularning yechimi yuzasidan takliflar” mavzuida oʻtkazilgan yigʻilishda maʼlumot berildi.

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi, Oʻzbekiston koʻzi ojizlar, nogironlar jamiyatlari viloyat boʻlimlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, xususan, sohada amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan birga, mavjud muammolar tahlil qilindi.

Yigʻilishda nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish borasida partiya tashkilotlari va xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi guruhlar tomonidan hamkor idoralar bilan imzolangan memorandumlar ijrosini taʼminlash maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

– Joriy yilning oʻtgan davrida partiya tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslar, jumladan, koʻzi ojizlar, kar-soqovlar ijtimoiy himoyasiga qaratilgan 15 masala partiya guruhlarida koʻrildi, – deydi partiya viloyat kengashi raisi M.Darhonov. – Shu yoʻnalish doirasida 8 masala doimiy komissiyalarda, yana 8 masala sessiyada koʻrib chiqildi. Yaqinda viloyat, shahar va tuman kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan kar-soqovlar, koʻzi ojiz insonlarning turmush tarzi, ularga yaratilayotgan sharoitlar va muammolar tahlil qilindi. Ayni paytda ularning yechimi boʻyicha choralar koʻrilmoqda.

Aksariyat nogironlar faqat pensiya va nafaqa mablagʻlari hisobidan kun kechirayotgani bois, kommunal toʻlovlar, transport xarajatlarida imtiyoz va yengilliklarga zarurat sezadilar. Turli xizmatlar, kommunal toʻlovlar, transportdan foydalanganlik uchun yoʻl haqiga I va II guruh nogironlari uchun imtiyoz va chegirmalar kengaytirilsa, maqsadga muvofiqboʻlishi qayd etildi.

Koʻzi ojizlar maktab internatlarida bolalar sportini rivojlantirish maqsadida oylik maosh asosida ishlaydigan murabbiylar ajratish, sport musobaqalarini kengaytirish, koʻzi ojiz oʻquvchilarni oʻquv qurollari, kompyuter, yordamchi oʻquv va texnik vositalar, audio kitoblar bilan taʼminlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Qoʻshma yigʻilish yakunida viloyat partiya guruhining nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoyalash, sohada mavjud muammolarni xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashining doimiy komissiya va sessiyasi kun tartibiga kiritish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.

Ikrom Avvalboyev, OʻzA
2 576