O‘zA O`zbek

08.07.2020 Chop etish versiyasi

Jamiyatda adolatni taʼminlash ustuvor vazifa

Jamiyatda adolatni taʼminlash ustuvor vazifa

Mamlakatimizda sud-huquq tizimidagi islohotlar, odil sudlov tizimi, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasidagi ishlar, galdagi muhim vazifalar xususida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon KOMILOV OʻzA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– Darhaqiqat, adolat – insonga berilgan neʼmatlardan eng afzalidir. Shuning uchun odamzod har ishda adolatga tayanadi, hayotni shu mezon bilan oʻlchashga intiladi. Adolat biz uchun nafaqat tabiiy, balki maʼnaviy va ijtimoiy ehtiyoj hamdir. Har qanday jamiyat va davlatda adolatga, demakki, sudlarga, odil sudlovga boʻlgan ishonch muhim oʻrin tutadi.

Adolatga qonunlarning soʻzsiz ijrosini taʼminlash orqali erishilishi nuqtayi nazaridan yondashsak, sud va odil sudlovning bu boradagi oʻrni hamda ahamiyati yaqqol ayon boʻladi. Davlatimiz rahbari tomonidan “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” yoki “Davlat ham, islohotlar ham inson manfaatiga xizmat qilish kerak” degan tamoyillar ilgari surilgani bejiz emas.

Nega deganda, Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va shu asosda ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasida inson omili, insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalasi birlamchi oʻrinda turadi. Insonni eʼzozlashga qaratilgan tizimli va izchil islohotlar – yangilanayotgan Oʻzbekistonning yangicha davlat siyosati zamirida ana shu ezgu gʻoya mujassam.

Shuni ham qayd etish joizki, insonning jamiyatda azizligi uning huquqlari qay darajada roʻyobga chiqayotgani, bu boradagi qonunlar ijrosi, huquqni toʻgʻri, adolatli qoʻllash misolida namoyon boʻladi. Bu esa, oʻz nomi bilan aytganda, odil sudlovni taʼminlash demakdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etilganidek, avvalo, sud mustaqilligini toʻliq taʼminlash – yaqin kelgusidagi eng muhim vazifalarimizdan biri boʻlishi zarur.

Davlatimiz rahbari shu yil 30-iyun kuni odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida sud tizimi haqida fikr bildirar ekan, “Sud binosiga kelgan har bir inson Oʻzbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak. Bu Prezident talabi!”, deb qatʼiy taʼkidladi.

Aytib oʻtish kerakki, ushbu ustuvor masalalar yuzasidan oʻtgan uch yilda 20 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Islohotlar natijasida sudlar tomonidan ilk marotaba 2 ming 273 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi.

Shuningdek, jinoyat yoʻliga bilib-bilmay kirgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanmasdan, ular mahalla va jamoatchilik kafilligiga olindi. Inson huquqlarini buzganligi uchun huquq-tartibot idoralarining 60 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortildi. Bunday oʻzgarishlar odamlarimizda haqiqat va adolatga boʻlgan ishonchni mustahkamlamoqda.

Sudyalarimizning adolatni va qonun ustuvorligini taʼminlash borasida oqlov hukmlarini chiqarayotgani, hech shubhasiz, sud-huquq sohasidagi eng katta yutugʻimizdir.

Shu oʻrinda yana raqamlarga murojaat qilamiz. 2019-yilda jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 36 ming 845 nafar shaxsga nisbatan 28 ming 846 ta ish koʻrib chiqilgan. Natijada 859 nafar shaxs oqlangan va reabilitatsiya qilingan boʻlsa, 19 ming 278 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlangan.

Bundan tashqari 1 ming 368 nafar shaxs shartli hukm qilingan. Yarashuv institutining samarali qoʻllanilishi tufayli 7 ming 329 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan. Oʻtgan yili Oliy sudning jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan nazorat tartibida 1 ming 788 nafar shaxsga nisbatan 1 ming 486 ta ish koʻrib chiqilgan. Bunda 1 ming 37 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilingan va 581 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari oʻzgartirilgan.

Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan esa, 188 ming 282 ta ish koʻrib chiqilib, 162 ming 327 ta hal qiluv qarori chiqarilgan. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan nazorat tartibida 1 ming 24 ta ish koʻrib chiqilishi asnosida birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 327 ta qaror byekor qilingan va 117 ta sud qarori oʻzgartirilgan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan 197 ming 291 ta ish koʻrib chiqilib, daʼvogarlar foydasiga 11,7 trillion soʻm undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan. Oliy sud iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan nazorat tartibida 675 ta shikoyat va protestlar koʻrib chiqilgan. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 345 ta qaror bekor qilingan va 115 ta sud qarori oʻzgartirilgan.

Ayni davrda maʼmuriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 16 ming 256 ta ish koʻrib chiqilgan. Natijada 11 ming 142 fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklangan. Shuningdek, maʼmuriy sudlar tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda koʻzda tutilgan huquqbuzarliklar boʻyicha 495 ming 106 nafar shaxsga nisbatan 412 ming 807 ta ish koʻrib chiqilgan.

Oliy sud Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan nazorat tartibida 3 ming 754 ta shikoyat va protestlar koʻrib chiqildi. Shundan 704 tasi ish materiallari asosida oʻrganilib, quyi sudlar chiqargan qarorlarning 380 tasi bekor qilindi va 58 tasi oʻzgartirildi.

Oliy sud tomonidan koʻrib chiqilgan jami 925 ming 781 ta ishdan 2 ming 960 tasi boʻyicha quyi instansiya sudlarining sud hujjatlari qonunlarga muvofiqlashtirildi. Yaʼni mazkur ishlarda ham qonun ustuvorligi – adolat taʼminlandi, deyishimizga asos bor. Chunki sud tomonidan koʻrilgan ishlar ichida atigi bittasi boʻyicha xato qaror qabul qilinsa ham – bu bilan kamida bir inson taqdiriga tahdid qilingan yoki oʻsha ishda adolat tamoyili buzilgan hisoblanadi.

Buni barcha tizimdagi sudlarning sudyalari yaxshi anglab yetishlari shart. Binobarin, jami koʻrilgan ishlar hajmida arzimas raqam boʻlib koʻringan bu kabi xatolar tahlili odil sudlovni toʻla taʼminlash, aholi ongiga sudlarga ishonch hissini singdirish borasida salbiy taʼsir etuvchi bir qator omillar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Birinchi omil – sudlar faoliyatida huquqni qoʻllash amaliyoti yoki bu borada norma ijodkorligining samarasini tubdan yaxshilash bilan bogʻliq. Demak, toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllanadigan qonunlarga zarurat bor. Misol uchun, iqtisodiy sudlarda koʻrilgan jami ishlarda nizolarning asosiy qismini tadbirkorlik faoliyati, shartnomaviy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolar tashkil etayotgani holda hamda ushbu nizolar yechimida tizimli qonun hujjatiga ehtiyoj borligi seziladi.

Chunki, birgina tadbirkorlik va xususiy sektor sohasining huquqiy kuzatuviga nazar tashlasak, mazkur sohaga daxldor 14 mingdan ortiq turli qonun hujjatlari mavjud. Bularning asosiy qismi qonunosti yoki idoraviy hujjatlardir. Aynan shu hujjatlarda haddan ziyod tartibga solish tamoyilining saqlab qolingani, ortiqcha tartib-taomillar amal qilayotgani odil sudlovga oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda. Natijada sudlar tomonidan tadbirkorlar huquqlarining kafolatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri taʼminlashda, qonundan keyin turuvchi yoki qonunlarning ijrosi uchun xizmat qiluvchi qonunosti hujjatlarda, davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlarida belgilab qoʻyilgan huquqiy asosga tayanib ish koʻrish holatlari kuzatilmoqda.

Ikkinchi omil – odil sudlovga masʼul sudyalarning ayrimlari bugungi oʻzgarishlar, zamon talablariga mos va hamohang ravishda oʻz vaqtida oʻzgara olmayotganligiga, boshqacha aytganda, inson omiliga borib taqaladi. Modomiki, sudyalar adolat, odil sudlov va qonun ustuvorligini taʼminlash uchun masʼul ekanmi, demak ularning maʼnaviyati ham shunga yarasha yuksak boʻlishi lozim. Buning uchun esa tinmay oʻqish, izlanish va zamon bilan hamqadam boʻlish kun tartibimizdagi dolzarb masaladir.

Sudyalar maʼnaviyatning mohiyatini, ayniqsa, chuqur anglashlari kerak. Halollik va poklik ularning hayotida, faoliyatida ustuvor ahamiyat kasb etishi darkor. Halollik va poklik ustuvor boʻlsa, qut-baraka yogʻiladi, kutilgan natijalar ham shunga yarasha boʻladi. Murojaatnomada taʼkidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurash, adolatni bosh mezon qilib olish, aytishga oson. Oʻtmish saboqlaridan maʼlumki, qaysi tashkilotga korrupsiya bilan kurashish vakolati yuklatilsa, bu illatning barcha rishtalari oʻsha tashkilotga borib ulanaverardi.

Bunday tashkilot, korrupsiyaga qarshi kurash emas, balki, taʼbir joiz boʻlsa, uni boshqarish va tartibga solish bilan mashgʻul boʻlib ketardi. Hech qanday jazo, hech qanday xavf buning oldini ololmagan. Buning yagona yoʻli – “halollik vaksinasi”. Yaʼni, halollik insonning ongu shuurida boʻlishi lozim.

Xuddi shu “halollik vaksinasi” haqida soʻz borganda, koʻz oldimizda yuksak maʼnaviyatli insonlar gavdalanishi tabiiydir. Demakki, “halollik vaksinasi bilan emlash”, yaʼni maʼnaviyatni yuksaltirish masalasi sudlar faoliyatida ustuvor mavqeni egallashiga soʻzsiz erishishimiz talab etiladi.

Shu maʼnoda, Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan bir qator muhim yoʻnalishlar va aniq vazifalarga toʻxtalish ayni muddaodir.

Xususan, Davlat dasturida sud hukmlari, qarorlari, ajrimlari yoki hal qiluv qarorlari qonuniy kuchga kirgan ishlarni prokuror tomonidan tomonlarning (prokurordan tashqari) murojaati mavjud boʻlgandagina suddan talab qilib olish, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarini isloh qilish koʻzda tutilgan.

Nazorat tartibida ish yuritish institutini bekor qilish, tadbirkorlik sohasidagi ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat turlarini dekriminalizatsiya qilish vazifasi belgilab berilgan. Videoselektorda davlatimiz rahbari aynan shu yoʻnalishda tezroq amalga oshirish zarur boʻlgan vazifalarga toʻxtaldi. Mutasaddilarga ilgʻor tajribalar va xalqaro standartlar asosida sud tizimini “bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida qayta koʻrib chiqish topshirigʻi berildi.

Demak, endilikda sud tizimida eskilik sarqiti boʻlgan, oʻz nomi bilan ham sudning mazmun-mohiyatiga toʻgʻri kelmaydigan “nazorat tartibida ishlarni koʻrish” amaliyotidan toʻliq voz kechiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sudyalarning adolatli qaror qabul qilishlariga taʼsir oʻtkazuvchi barcha omillarni, shu jumladan, Oliy sud raisi va Bosh prokurorning protest keltirish huquqini bekor qilish taklifini ilgari surdi. Parlament palatalari ushbu taklifni koʻrib chiqadi.

Sud faoliyatida raqamli texnologiyalar joriy etilgani ham ishlar samaradorligini oshirganini aytib oʻtish joiz. Joriy yil yakuniga qadar Oliy sudda yagona “Adolat” axborot tizimlari kompleksini ishga tushirish vazifasi yuklatildi.

Bunda barcha uchun sudlarga elektron murojaat qilish, murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatish, taraflarga maʼlumotlarni elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratiladi. Sudlar joriy yilda videokonferensiya aloqa tizimi bilan 100 foiz qamrab olinadi.

Joriy yilning yakuniga qadar sud majlislarini audioyozuv orqali qayd etishning majburiy tartibi joriy etiladi. 2021-yil 1-aprelga qadar sudlarning axborot tizimini 15 ta vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilish orqali maʼlumotlar almashinuvi toʻliq raqamli tizimga oʻtkaziladi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, sudga borish uchun ayrim tuman va shaharlarimizda odamlarga qulaylik yaratish zarurligi haqida gapirdi. Misol uchun, aholisi eng koʻp tumanlardan biri boʻlgan Urgutda (500 ming kishi, 102 ta mahalla) fuqarolik sudi yoʻqligi sababli 80 kilometr yoʻl bosib, Toyloq tumanlararo sudiga boriladi. Shu bois sudlar va ularning faoliyatini optimallashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Pirovardida, bularning barchasi inson manfaatlari ustunligiga asoslangan insonparvar islohotlarimiz samarasini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

OʻzA muxbiri
Nurillo NASRIYEV yozib oldi.

1 525
OʻzA