O‘zA O`zbek

29.08.2018 20:03 Chop etish versiyasi

Jamiyat faoliyati takomillashmoqda

Jamiyat faoliyati takomillashmoqda “KAFOLAT sugʻurta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati 1997 yildan buyon faoliyat koʻrsatmoqda. Yuridik va jismoniy shaxslar boʻyicha 600 dan ortiq aksiyadoriga ega jamiyatning aktivlari hajmi hozirgi kunda qariyb 122,2 milliard soʻmni tashkil etmoqda. Dastlab majburiy va ixtiyoriy sugʻurta sohasining 25 turi boʻyicha xizmat koʻrsatilgan boʻlsa, ayni kunda ular soni yuzdan oshiqdir.

Jamiyatning joylarda 48 mintaqaviy tarmogʻi mavjud boʻlgan boʻlsa, joriy yilning olti oyida ular soni yana 15 taga koʻpaydi.

Bugungi kunda oʻz nufuziga ega aksiyadorlik jamiyati faoliyati “SAIPRO” axborot-reyting agentligining eng yuqori moliyaviy koʻrsatkich – “uzA++” reytingi va “Fitch ratings” xalqaro reyting agentligining “Barqaror” istiqboli bilan V+” reytingi bilan baholangan. Bunday eʼtirof esa kompaniya uchun yangi mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish, xalqaro moliya institutlari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalari koʻlamini kengaytirishda muhim omildir.

Milliy matbuot markazida tashkil etilgan navbatdagi anjumanda ushbu aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilgan bu kabi yutuqlar, sugʻurta daʼvolarini koʻrib chiqish va sohani optimallashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi S.Nasretdinov va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar boshqa sohalar qatorida sugʻurta kompaniyalari faoliyatini takomillashtirish hamda mijozlarga qulayliklar yaratishda muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.

Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 9 oktyabrdagi “Kafolat sugʻurta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori boʻyicha muhim vazifa va yoʻnalishlar belgilangan. Unga koʻra, jamiyat xodimlari aholining keng qatlami oʻrtasida sugʻurtaning majburiy va ixtiyoriy xizmatlarini targʻib etish boʻyicha uchrashuv, seminar va davra suhbatlari oʻtkazmoqda. Jamiyat Savdo-sanoat palatasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Yongʻin xavfsizligi xizmati va qator tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida imzolagan bitimlar maqsadi ham shu hujjat ijrosiga qaratilgan.

– Amalga oshirilayotgan sugʻurta qoplamalarining asosiy qismi majburiy sugʻurta turlari, yaʼni transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha kelib tushgan sugʻurta daʼvolariga toʻgʻri kelmoqda, – dedi jamiyatning sugʻurta daʼvolarini koʻrib chiqish departamenti bosh menejeri Nargiza Mamajanova. – Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha shu yilning birinchi yarim yilligida 1362 sugʻurta daʼvosi koʻrib chiqilib, ular boʻyicha 3,8 milliard soʻmdan ortiq sugʻurta qoplamasi toʻlandi. Bu oʻtgan yilning koʻrsatkichiga nisbatan 142 foizga koʻp deganidir.

Tadbirda jamiyat faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oʻrni va ahamiyati, bu borada erishilgan yutuqlar va galdagi rejalar xususida ham batafsil axborot berildi.

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA
1 637