O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim qadam

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim qadam

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 24 dekabrdagi "Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga asosan mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi bo‘yicha ko‘p profilli ishlar olib borilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, mazkur tashkilotga a’zo bo‘lish nafaqat mamlakat investitsiyaviy muhitini yaratishda, balki eksport salohiyatini oshirishga ham muhim yo‘l ochadi.

– Bugun mamlakatimiz xalqaro bozorda o‘z o‘rnini egallashga harakat qilmoqda. Bu yo‘lda esa o‘ziga xos xalqaro me’yorlar bor. Aynan shu me’yorlarni bajarishda JSTga a’zo bo‘lish muhim qadamdir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi yetakchi mutaxassisi Shoxjahon Yusupov. – O‘zbekiston Respublikasi Idoralararo komissiyasi JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha bosh bo‘g‘in hisoblanadi. U investitsiya va tashqi savdo vaziri tomonidan boshqariladi. Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi direktori boshqa davlat organlari rahbarlari bilan bir qatorda mazkur komissiya a’zosidir. Komissiyadan tashqari ma’lum yo‘nalishlar bo‘yicha tematik ishchi guruhlar ham tashkil etilgan. Masalan, intellektual mulk savdo aspektlari bo‘yicha JST kelishuvlari borasida ishchi guruh tashkil etilgan bo‘lib, unga bevosita agentlik direktori rahbarlik qiladi.

Bugungi kunda Tashqi savdo rejimi haqida memorandum tayyorlanib, Idoralararo komissiya tomonidan tasdiqlandi va JST sekretariatiga jo‘natildi. Unda savdo rejimi haqida umumiy ma’lumot hamda tegishli ilovalarga asosan O‘zbekiston Respublikasi me’yoriy huquqiy aktlaridagi moddalar keltirilgan.

Shu o‘rinda TRIPS va shunga o‘xshash boshqa kelishuvlar o‘rtasidagi farqlar haqida ma’lumot berib o‘tish o‘rinli.

JSTning ta’sis qilinishi haqida Marrakesh deklaratsiyasi mavjud. GATT, GATS, TRIPS kabilar mazkur deklaratsiya ilovalaridir. Har bir alohida ilova kelishuv hisoblanadi. Deylik, GATT – tovar sotish masalalarini tartibga solib, milliy rejimni qo‘llashga va tovarlarga nisbatan eng qulay sharoitni yaratishga imkon yaratadi. GATS – xizmatlar sotilishi masalalari, milliy rejimni qo‘llash va xizmatlarga nisbatan eng qulay sharoitni yuzaga keltirsa, TRIPS – intellektual mulk masalalarini me’yorga keltirib, milliy rejimni qo‘llashga va intellektual mulk ob’ektlariga nisbatan qulaylik beradi. Mazkur kelishuvlarning me’yorlari milliy me’yoriy-huquqiy aktlar normalarida o‘z ifodasini topishi kerak.

Milliy rejim – IMO chet ellik huquq egasiga nisbatan milliy huquq egalariga beriladigan rejim bilan bir xillikni talab etadi. Eng qulay sharoit yaratuvchi rejim JSTning bitta a’zosiga preferensiya, imtiyoz va boshqalar berilgan taqdirda JSTning barcha a’zolariga barcha preferensiya, imtiyozlar berilishini ta’minlaydi.

TRIPSning boshqa xalqaro huquqiy tartiblardan farqi shundaki, u intellektual mulk huquqini himoya qilishni ta’minlash haqida nizomga ega bo‘lgan intellektual mulk sohasidagi birinchi kelishuv. TRIPSning uchinchi bobida fuqaro-huquqiy, administrativ va jinoiy protseduralar, sud himoyasi, vaqtinchalik va chegaraviy choralar haqida ma’lumotlar keltirilgan. Boshqacha aytganda, TRIPS intellektual mulk sohasida qonunbuzarlik uchun qattiqqo‘llik bilan ish tutadi va IMO huquq egalari uchun yanada ishonchliroq himoyani ta’minlaydi. Marrakesh deklaratsiyasi nizomlarining biri JST a’zolari o‘rtasida tortishuvlarni tartibga soluvchi qoida va protseduralarni o‘z ichiga oladi. Agar biron a’zo davlat JST kelishuvi me’yorlariga rioya qilmasa, unda boshqa a’zo davlat tortishuvlarni hal etuvchi maxsus qo‘mitaga murojaat qilishi mumkin. 

Umuman, TRIPS kelishuvi yetti qismga bo‘lingan bo‘lib, 73 moddadan iborat. Birinchi qismda yuqorida qayd etilgan JST rejimlari, huquqlardan batamom foydalanish, maqsadlar, prinsiplar va boshqa umumiy me’yorlar haqida so‘z yuritilgan. TRIPSning ikkinchi qismi 8 bo‘limdan iborat bo‘lib, ulardan 7 tasi intellektual mulk ob’ekti (IMO) hisoblanadi. Mazkur bo‘limlarda ob’ektlar himoyasini, hajmini aniqlash, himoyalash muddati, istisnolar va boshqalar bo‘yicha me’yorlar keltirilgan. Uchinchi bo‘lim, yuqorida aytilganidek, TRIPSning asosiy elementi bo‘lib, u yana 5 ta bo‘limga bo‘lingan. Ma’lumot uchun qabul qilinadigan, implementatsiya predmeti bo‘lmagan boshqa qismlar ham mavjud. TRIPS kelishuvi Parij konvensiyasi va Bern konvensiyasiga to‘liq mos keladi. O‘zbekiston Respublikasi mazkur konvensiyalar a’zosidir.

Shu o‘rinda JSTga a’zo bo‘lish uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

JSTga kirish bosqichining birinchi talabi bevosita bojxona xizmatlari bilan bog‘liq. Bunda bojxona xodimlariga chegarada intellektual mulk ob’ektlarining bojxona reestrida IMO ko‘rilmasdan turib, kontrafakt mahsulotlarni oshkor qilish vakolati berilishi talab etiladi. Bunday mexanizm "ex officio" deb ataladi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, hozirgi vaqtda milliy mexanizm kirib kelayotgan tovarni kontrafakt mahsulot bor yoki yo‘qligini tekshiruvchi bojxona organlari xodimlarini ushbu tovarni yuqorida esga olingan reestrda tekshirishga majbur etadi. Keyinchalik ular kontrafakt mahsulotni ushbu reestrsiz aniqlashi mumkin. Ikkinchisi esa maxsus huquqbuzarliklar uchun jinoiy jazo kiritilishidir. Lekin bu hamma uchun emas. Tovar belgisi egasining hamda mualliflik va bir-biriga yaqin ob’ektlar huquqiy egalarining boshqalardan farqli huquqlari buzilishida jinoiy jazoni majburiy tartibda kiritishga to‘g‘ri keladi. 

Shu tariqa O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi uchun amaliy ishlar davom etmoqda va ishonamizki, yaqin vaqtda bu sa’y-harakatlar o‘z samarasini beradi. 

948
Nasiba ZIYoDULLAEVA, O‘zA