O‘zA O`zbek

11.06.2018 15:15 Chop etish versiyasi

Jahon onkologlari anjumani yakunlandi

Buxoroda “Onkologiyada davolashning yagona ta’lim standarti: texnologiya va innovatsiya” mavzuida Butunjahon jarroh-onkologlar federatsiyasi IX xalqaro ilmiy-ta’lim maktabining 2018-yilgi mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

Buxoro viloyati hokimligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, O‘zbekiston Onkologlar assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Buyuk Britaniya, Rossiya, Serbiya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi mamlakatlardan yetakchi olimlar, mutaxassislar, farmatsevtik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda sut bezi, bo‘yin saratoni, o‘pka metastati, ko‘z o‘smasi, bosh va orqa miyaning metastatik o‘smalarini davolashning zamonaviy usullari, onkologiyada mikrojarrohlikning o‘rni masalalari atroflicha muhokama etildi.

– Inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradigan kasalliklardan biri bo‘lgan saraton xastaligiga qarshi kurash dunyo tibbiyotining eng dolzarb vazifalari sirasiga kiradi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori M.Tillashayxov. – Mamlakatimizda ushbu muammo yechimida katta ijobiy o‘zgarishlarga erishilmoqda. Jarrohlik aralashuvi bilan shifo topganlarning umr ko‘rish darajasi, ijtimoiy faolligi oshmoqda. Ular o‘rtasida nogironlik keskin kamayib borayotir. Albatta, saraton kasalligining oldini olish muhim masala hisoblanadi. Bunda xastalikni erta aniqlash, aholining tibbiy bilimini oshirishga doimiy e’tibor qaratilayotir.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida tashkil etilgan uch kunlik o‘quv-ta’lim anjumani doirasida dunyoning eng nufuzli onkolog-jarrohlari tomonidan 10 dan ziyod, jumladan, 2 innovatsion yuqori texnologiyaga asoslangan jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

– Mahorat darslari vazifasini o‘tagan jarrohlik amaliyotida yosh mutaxassis-shifokorlarimiz ham ishtirok etdi, – deydi filial direktori, tibbiyot fanlari nomzodi G‘.Saidov. – Bu ular uchun o‘ziga xos tajriba maktabi bo‘ldi. Jarrohlarimiz ana shunday operatsiyalardan ayrimlarini o‘zlari amalga oshirishi ko‘zda tutilmoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Onkologlar assotsiatsiyasi bilan Butunjahon onkolog-jarrohlari federatsiyasi hamda Serbiya Onkologlari assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Bu saraton kasalliklariga samarali qarshi kurashishda jug‘rofiy ilmiy va amaliy hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro aloqalarni rivojlantirish, axborot, tajriba almashish, professional ko‘nikmalarni mustahkamlash, tashxis qo‘yish va terapeyaning yangi usul hamda uslublarini birgalikda ishlab chiqish, bu boradagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
1 744