O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Jahon hamjamiyati e’tiboridagi javohir

Jahon hamjamiyati e’tiboridagi javohir

Mutaxassislar I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyini Markaziy Osiyodagi eng yaxshi, eksponatlarga boy muzeylardan biri hisoblaydi.

Angliyaning “Gardian” gazetasi uni “Jahondagi eng yaxshi muzeylardan biri” deb e’tirof etadi. Bugungi kunda muzeyda eramizgacha III asrdan bugungi davrgacha bo‘lgan madaniy meroslardan ma’lumot beruvchi 99 ming 802 eksponat saqlanmoqda. Bu yerda qadimiy Xorazm moddiy va badiiy madaniyati, uzoq va o‘ziga xos tarixga ega qoraqalpoqlarning xalq-amaliy san’ati namunalari qo‘yilgan. Tasviriy san’atda esa Qoraqalpog‘istonning zamonaviy tasviriy san’ati va XX asrning 20-30 yillaridagi rus tasviriy san’ati namoyish etiladi.


3.jpg

4.jpg

8.jpg

Muzey asoschisi I.V.Saviskiy Qoraqalpog‘istonga ilk martaba 1950 yili arxeologik-etnografik ekspeditsiya tarkibida rassom sifatida keldi. Dastlab Xorazm arxeologik-etnografik ekspeditsiyasi, so‘ngra O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston filialida xizmat qiladi. Qoraqalpog‘istondagi faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab uning Orolbo‘yi hududi tabiatiga, mehmondo‘st va olijanob xalqiga, betakror, o‘ziga xos madaniyati hamda tarixiga qiziqishi ortadi. Igor Vitalevich yo‘qolish arafasida turgan qoraqalpoq xalq-amaliy san’ati namunalarini yig‘a boshlaydi va ushbu yo‘nalishda muzeyni tashkil etishni maqsad qiladi.

Shunday qilib, 1966 yili san’at muzeyi tashkil etiladi va Igor Vitalevich uning direktori etib tayinlanadi. Shu kundan boshlab san’at namunalarini saqlab qolish yo‘lida astoydil mehnat qiladi. Qoraqalpog‘istonning barcha hududini aylanib, xalq-amaliy san’ati buyumlarini (yubilar buyumlari, milliy kiyim-kechaklar, o‘tov jihozlari) yig‘a boshlaydi. Shuningdek, Saviskiy rassomchilik san’ati bilan ham shug‘ullanadi. Qoraqalpog‘istonning o‘ziga xos tabiati unga alohida ilhom bag‘ishlaydi. Orolbo‘yi hududidagi “Qo‘yqirilganqal’a”, “Tuproqqal’a”, “Ayozqal’a” tarixiy obidalari to‘g‘risida ko‘plab asarlar yaratadi. Qisqa vaqt ichida yaratgan asarlari uni dunyoga tanitadi. Umrining oxirigacha muzeyga eskponatlar izladi va yig‘di. 1984 yilda muzeyga uning nomi berildi.


11.jpg

23.jpg

25.jpg

Uning xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib baholandi. 2002 yili o‘limidan so‘ng unga “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni berildi.

Mamlakatimiz mustaqilligidan so‘ng muzey jahon hamjamiyati markazi muzeylarining biriga aylandi. Bugungi kunda Yevropa, Mustaqil mamlakatlar hamdo‘stligi davlatlari, AQSh va Avstraliyadan ko‘plab sayyohlar tashrif buyurmoqda. Rossiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Gollandiya, AQSh, Avstraliyada muzey eksponatlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. Turli mamlakatlarning mashhur kishilaridan iborat “Nukus muzeyi do‘stlari klubi” faoliyat olib bormoqda. Muzey YuNESKO tomonidan tashkil etilgan “Xorazmning oltin halqasi” turistik yo‘nalishlar ob’ektlari tarkibiga kiritildi. U mamlakatimizdagi eng ko‘p ko‘riladigan muzey deb e’tirof etildi va 2011 yilda “Sayyohlar e’tiborini qozongan muzey” diplomi bilan taqdirlandi.

27.JPG

34.JPG

Joriy yilning o‘tgan 6 oyida muzeyda mablag‘ tushimi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29,4 foiz, yillik reja esa 66 foizga bajarildi. O‘tgan yilning shu davrida muzeyga 92 ming 711 nafar kishi tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 103 ming 928 kishini, jumladan 7 ming 91 nafar xorijiy mehmonni tashkil etdi.

Joriy yilgi yangiliklardan biri, virtual muzey dasturi ishga tushirildi. Chiptalar operatsiyasining yagona elektron tizimi va WiFi xizmati tashkil etildi. Audiogid xizmati joriy qilinib, u o‘zbek, rus, ingliz, nemis va fransuz tillarida ma’lumot beradi.

Ayni kunda mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligi oldidan “Ona yurt madhi rassomlar nigohida” ko‘rgazmasini tashkil etishga taraddud ko‘rilmoqda.

3 892
Dovud ABIBULLAEV, MAQSAD HABIBULLAEV (surat), O‘zA