O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

Iydul Fitr – Ramazon hayiti muborak boʻlsin!

Iydul Fitr – Ramazon hayiti muborak boʻlsin!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Aziz yurtdoshlar, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va oʻz nomimdan Sizlarni muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbdan muborakbod etamiz.

Haq taboraka va taolodan qutlugʻ oyda tutgan roʻzalarimiz qabul, ibodatlarimiz maqbul va duolarimiz mustajob boʻlishini soʻraymiz.

Mana shunday fayzli kunlarga yetkazgani uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz. Fazilatli kunlarda Qodir Allohdan xalqimizga tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka va turli balo-ofatlardan Oʻzi himoya qilishini tilab duolar qilamiz.

Ramazon hayitini dunyo musulmonlari qatori yurtimiz ahli ham katta shodiyona va xursandchilik ila oʻtkazadi. Ushbu kun Yaratgan Egamning rahmati Yer yuziga yogʻiladigan, qalblar zavqlanadigan ajoyib fursatdir.

Alhamdulillah, Ramazoni sharif roʻzasini tutish barchamizga nasib etdi. Moʻmin-musulmonlar subhidamda saharlik dasturxoni atrofida ibodatga kirishdilar, fayzli oqshomlarda iftorlik qilib, uylarida taroveh namozlarini ado etdilar.

Shu yilning 20-aprel kuni qabul qilingan muhtaram Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori asosida mehr-saxovat tadbirlari oshirilishi, Qurʼoni karim xatmlari onlayn uzatilishi elimizni cheksiz xursand qildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan “SAXOVAT VA KOʻMAK” umumxalq harakatining eʼlon qilinishi ushbu muborak oyning maqsad-mohiyatiga ayni muvofiq keladigan ulkan savobli ish boʻldi.

Mehr-muruvvat oyi boʻlmish Ramazonda moʻmin-musulmonlar himmati baland, shijoati yuksak boʻldi. Qarindosh-urugʻlar, qoʻni-qoʻshnilar, bemorlar, muhtojlarning koʻngli olindi. Moliyaviy ibodat hisoblangan zakotlar ado etildi, fitr sadaqasi va fidyalar berildi.

Ehtiyojmand kishilarni qoʻllab-quvvatlash uchun har bir imom-xatib tomonidan oliyhimmat insonlar bilan birgalikda koʻmakka muhtoj oilalarga moddiy-maʼnaviy yordam qilindi.

Barcha yurtdoshlarimiz muborak Ramazon oyida boshlangan saxovat va koʻmak tadbirlarini bundan keyin ham faol davom ettirishlari, oʻzlarining kundalik vazifalari qilib olishlari dini mubinimiz gʻoyalariga muvofiq ish boʻladi. Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Bas, yaxshiliklarga shoshiling”, deb marhamat qiladi.

Maʼlumki, bugungi sinovli kunlarda xalqimiz bir tan-u, bir jon boʻlib, dunyo xalqlari boshiga kelgan ushbu kasallikka sabr-matonat, hamjihatlik bilan qarshi kurashmoqda. Mana shunday vaziyatda Buxoro va Sirdaryoda roʻy bergan ofatlar xalqimizning irodasini sinadi.

Muhtaram Yurtboshimiz ofatdan zarar koʻrgan aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilib, xalqimiz hamjihat boʻlib, bunday sinovlarni koʻp bor yengib oʻtgani va eng muhimi, kayfiyatni tushirmay, birgalikda kurashish kerakligini taʼkidladilar. Aziyat chekkan yurtdoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamdagi insonparvarlik ishlarini tashkil etdilar.

Muborak oyda mana shunday ezgu ishlar ahil va inoqligimizni yana-da mustahkamladi, sinovli kunlarni Yaratgan Parvardigorning madadi ila oson yengib oʻtishda asosiy omil boʻlmoqda.

Koʻngillarga xursandchilik olib kiradigan ishlardan yana biri – diyorimizning har bir hududida xushovoz qorilarining xatmi Qurʼonlar oʻqishlari boʻldi. Yurtimiz ahli ijtimoiy tarmoqlar orqali Ilohiy kalomni toʻgʻridan-toʻgʻri tingladilar. Bunday tashabbusdan minnatdor ekanlarini izhor etdilar. Shubhasiz, yurtimiz uzra Ilohiy kalom yangrashi barobarida Yaratgan Parvardigorning rahmati ham yogʻilib turdi.

Yaqinda muhtaram Prezidentimizning “Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorlari eʼlon qilindi. Ushbu qarorda belgilangan muhim vazifalar Ramazon hayitining yurtimizda karantin qoidalariga amal qilgan holda, koʻtarinki ruhda oʻtishiga asosiy omil boʻladi.

Ushbu qarorda belgilangan muhim tadbirlar bayram kayfiyatini yana-da oshirish, ushbu ayyomni yana-da mazmunli oʻtkazish uchun ulkan sharoit hozirlaydi, insha Alloh.

Yana bir muhim masala: Tabarruk ayyom arafasida ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan bir guruh yurtdoshlarimizni afv etish toʻgʻrisida Davlatimiz rahbarining farmonlari qabul qilingani xalqimizga xos kechirimlilik va mehr-shafqat fazilatlarining oliy namunasi boʻldi. Bu galgi afv birmuncha kattaroq miqyosda boʻlishi qalblarni yana-da quvonchga toʻlgʻazdi.

Hech shubhasiz, ushbu ulugʻ ayyom arafasida bilib-bilmay notoʻgʻri yoʻlga kirgan insonlarni kechirish ularni oilasiga ham xursandchilik, baxt va umid kirishiga sababchi boʻldi. Oilasi bagʻriga qaytgan yurtdoshlarimiz bundan buyon oilaviy toʻkinlik, tinchlik-xotirjamlikning qadriga yetib, Vatanimiz ravnaqi yoʻlida halol mehnat qilishlariga ishonamiz.

Bunday ulugʻ ishlarga bosh boʻlgan davlatimiz rahbari va barcha masʼullarga xalqimiz nomidan cheksiz minnatdorlik izhor etamiz.

Bizlar mana shunday neʼmatlarning qadriga yetib, dinimiz rivojiga koʻrsatilayotgan sharoitlarni Alloh taoloning ulugʻ marhamati deb qabul qilishimiz, buning shukronasini hamisha ado etishimiz lozim.

Azizlar, ertaga katta bayram – Ramazon hayiti Islom dinimizning uchinchi rukni boʻlmish roʻza ibodatining ado etilishi munosabati bilan nishonlanadigan quvonchli voqeadir.

Ulugʻ allomalarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, deganlar. Islomning shiori boʻlgan ikki bayram – Ramazon va Qurbon hayitlarida xursandchiligimizni, saxovatimizni har qachongidan koʻra koʻproq namoyon qilishimiz lozim.

Moʻtabar kitoblarimizda keltirilishicha, moʻmin-musulmonlar Ramazon oyi roʻzasini ado etib, Ramazon hayitiga yetishganlarida, Alloh taolo: “Ey farishtalarim, har bir ishchi oʻz haqini talab qiladi, men ularni magʻfirat qildim”, deydi. Shunda bir nido qiluvchi: “Ey Muhammad ummati, manzillaringizga qaytinglar, batahqiq, gunohlaringiz savoblarga, yaxshiliklarga almashtirildi”, deb nido qiladi. Shunda Alloh taolo: “Ey bandalarim, Mening uchun roʻza tutdingiz, Mening uchun ogʻiz ochdinglar, bas, magʻfirat qilingan holda oʻrinlaringizdan turinglar”, deydi. Moʻmin-musulmonlar mana shunday baxtga muyassar boʻladilar, insha Alloh.

Imom Buxoriy hazratlari rivoyat qilgan hadisi sharifda Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Jannatning bir eshigi bor, u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kuni undan faqat roʻzadorlar kiradi”, deb marhamat qilingan. Mana shu baxt barchamizga nasib etsin.

Azizlar, bu yil Ramazon hayitini karantin mezonlaridan kelib chiqib, uylarimizda, oilamiz bagʻrida oʻtkazamiz. Bu ham aslida biz uchun bir imkoniyat. Negaki, avvalo, ota-onalarimizning davrasida boʻlib, ularning pandu nasihatlariga quloq solamiz, farzandu arjumandlarimizga esa bayram shukuhini tushuntiramiz.

Hayit kunlari oila bagʻrida ham bayram kayfiyatini nishonlash mumkin. Uyga qilinadigan xarajatlarni odatdagidan yaxshiroq qilish lozim. Iloji boʻlsa, ahli oilalarga sovgʻa va hadyalar ulashilsa, yana-da savobli. Bunda hadyalarni qoʻni-qoʻshni, ehtiyojmand va yordamga muhtoj insonlarga ham berilsa, nur ustiga nur boʻladi.

Bugun barchamiz jome masjidlarni toʻldirib, jamoat boʻlib namoz oʻqishni juda sogʻindik, ilhaqlik bilan kutmoqdamiz. Yana bir oz sabr qilsak, ushbu kasallik xavfi kamaysa, yana jome masjidlar eshiklari moʻmin-musulmonlarimizga ochiladi, birgalikda fayzli ibodatlarimizni davom qilamiz, insha Alloh.

Qayd etilganidek, Ramazon hayiti – Iydul Fitr bayrami buyuk bayram, haqiqiy tantana, quvonchli voqeadir. Zero, har bir moʻmin-musulmon uchun Alloh taoloning ibodatini ado etish chinakam shodiyona, ulugʻ saodatdir.

Yaratgan Parvardigor butun dunyo musulmonlariga Ramazon hayiti bayramini muborak aylasin, butun olamga tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni dargohida qabul etsin, ona-Vatanimizni jannatmakon qilsin, xalqimiz hayotini yana-da farovon aylasin.

Muhtaram Yurtboshimizni, butun elimizni, dunyodagi moʻmin-musulmonlarni Iydul Fitr – Ramazon hayiti bayrami bilan yana bir bor tabriklaymiz, tinchlik-barqarorlik, qut-baraka, baxt-saodat tilaymiz!

Alloh taoloning Oʻzi yuzlarimizni yorugʻ qilsin, yoʻlimizni hamisha ochib bersin. Xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan Oʻzi saqlasin.

Aziz yurtdoshlar, Ramazon hayitingiz muborak boʻlsin!

Usmonxon ALIMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari 
idorasi raisi, muftiy

1 539
OʻzA