Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.03.2017 19:23 Chop etish versiyasi

Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining faoliyati parlament nazoratida

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, fuqarolarning sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishlarini ta’minlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning doimiy diqqat e’tiborida bo‘lib kelmoqda.

Mazkur masalaning muhimligi va dolzarbligini hisobga olgan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari sog‘liqni saqlash tizimi holatini, xususan, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini sifat jihatidan yaxshilash ustidan ta’sirchan parlament nazoratini o‘rnatish jarayonlariga faol kirishdilar.

2017-yilning 13-mart kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya va Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazlarining faoliyatini muhokama qildilar.

Ta’kidlash lozim, yig‘ilishdan avval parlament a’zolari joylarda haqiqiy holatni chuqur o‘rgandilar. Deputatlar yuqorida ko‘rsatilgan tibbiyot muassasalari faoliyatining amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq kelishi, xususan, fuqarolarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanishga bo‘lgan huquqining amalga oshirilishini tahlil qildilar.

Deputatlar o‘z chiqishlarida tibbiyot muassasalari tomonidan qonun hujjatlari talablari yetarli darajada ijro etilmayotganligi, Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalar sust bajarilayotganligi kabi qator masalalarga e’tibor qaratdilar. Ushbu sohada fuqarolarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, tibbiy xizmatlarning qimmatligi hamda hududlarda muassasalar filiallarining mavjud emasligi bois xizmatlardan foydalanish imkoni yo‘qligi bilan bog‘liq bir qator masalalar ko‘tarildi. Har bir ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi respublikamiz hududlarida o‘z filiallarini rivojlantirishga doir dasturlariga ega bo‘lishi, jahon miqyosidagi yetakchi tibbiyot markazlari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatishi, markazlarning ixtisoslashuvi yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishi lozimligi qayd etildi.

Majlisda deputatlar mamlakatimizning ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini sifat jihatidan yaxshilash, qonun hujjatlarini va unga doir huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishda hokimiyatning vakolatli va ijro etuvchi bo‘g‘inlari samarali hamkorligi borasidagi tizimli faoliyatining muhimligi ta’kidlab o‘tildi.

Majlis yakuniga ko‘ra, Qonunchilik palatasi tibbiyot sohasini rivojlantirish borasidagi dolzarb vazifalar batafsil belgilangan tegishli qaror qabul qildi. Ushbu vazifalarning ijro etilishi ustidan deputatlar tomonidan samarali parlament nazorati ta’minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining Axborot xizmati

501






Все о погоде - Pogoda.uz