O‘zA O`zbek

06.12.2018 18:17 Chop etish versiyasi

Ixtisoslashtirilgan prokuratura tashkil etildi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yaqinda Xorazm viloyatiga tashrifi davomida xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholining ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash boʻyicha qator ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Shu bilan birga yigʻilishda yaratilgan ish oʻrinlari yetarli emasligi, viloyatda ishsizlik saqlanib qolayotgani taʼkidlandi. Shu bois iqtisodiyot tarmoqlarini koʻpaytirish, yangi sanoat korxonalari tashkil etish va mavjudlarini kengaytirish, qishloq xoʻjaligi, turizm va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali bandlik darajasini oshirish boʻyicha topshiriqlar berilgan edi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga koʻra, mazkur topshiriqlar ijrosi boʻyicha Bosh prokuratura tomonidan Xorazm viloyati prokuraturasi tuzilmasida Qishloq xoʻjaligida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boʻyicha Xorazm ixtisoslashtirilgan prokuraturasi tashkil etildi.

Mazkur tuzilma hududda sholichilik, meva-sabzavotchilik va baliqchilikni rivojlantirish, yer va suvdan oqilona foydalanishda prokuratura organlari tomonidan qonuniylikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Ixtisoslashtirilgan prokuratura qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suv xoʻjaligi obyektlarining holatini yaxshilash, suvdan oqilona foydalanish va tomchilatib sugʻorish tizimlarini joriy etish, baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirish, baliq yetishtirish inshootlari va qurilmalarini barpo etish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash hamda sholi yetishtirish hajmlarini koʻpaytirish, uni qayta ishlashda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish, ularni qayta ishlash (quritish) quvvatlari hamda eksport hajmini oshirish, sholichilik, meva-sabzavotchilik va baliqchilik sohalaridagi tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish hamda ushbu sohalarga toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish kabi yoʻnalishlarda qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish kabi vazifalarni bajaradi.

Qishloq xoʻjaligida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boʻyicha Xorazm ixtisoslashtirilgan prokurori viloyat prokurorining birinchi oʻrinbosari hisoblanadi.



OʻzA
501