O‘zA O`zbek

02.09.2018 14:36 Chop etish versiyasi

Istiqlol uchun jon fido qilgan oʻgʻlonlar xotirlanib, faxriylar eʼzozlanmoqda


Eng ulugʻ, eng aziz bayram – Mustaqilligimizning 27 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlar, huquq-tartibot idoralari va boshqa davlat, jamoat tashkilotlari vakillari istiqlol yillari Vatanimiz osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi yoʻlida jasorat koʻrsatib, jon fido qilgan mard yigitlar xonadonlarida boʻlib, oila aʼzolari holidan xabar olayotir.

Ularning porloq xotirasi yodga olinib, sovgʻalar topshirilmoqda. Shuningdek, uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriylardan hol-ahvol soʻrab, ularga sovgʻa-salomlar ulashayotir.

Termiz shahridagi Ishchilar mahallasida yashayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, ichki ishlar faxriysi, isteʼfodagi katta leytenant Xurram bobo Murtazoyev xonadonida oʻtkazilgan uchrashuv ham taassurotlarga boy boʻldi.

Joriy yilda 98 yoshni qarshi olgan otaxon hayotining eng kuchga toʻlgan 29 yilini Vatan osoyishtaligi uchun bagʻishladi. 22 yoshida Ikkinchi jahon urushiga ketdi. Urushdan soʻng viloyat ichki ishlar idoralarida turli vazifalarda xizmat qildi. 47 yildan buyon qarilik gashtini surmoqda.

Suhbat chogʻida isteʼfodagi katta leytenant oʻtgan asrdagi ogʻir, mashaqqatli yillarni, xizmat davrida duch kelgan qaltis vaziyatlarni yodga oldi. Mustaqillik yillari ichki ishlar idoralari xodimlariga qaratilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan sharoitlar va tinch, farovon turmushning qadriga yetish kerakligini alohida taʼkidladi. Yoshu keksaga birdek gʻamxoʻrlik koʻrsatayotib, obod turmushimizni taʼminlayotgan Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Sh.Sotvoldiyev Xurram bobo Murtazoyevga bayram sovgʻalarini topshirdi.

– Viloyat ichki ishlar xodimlari birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan ana shunday tadbirlar voha tumanlarida ham boʻlib oʻtdi, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboyev. – Tadbir doirasida istiqlol yillari Vatanimiz osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi yoʻlida jasorat koʻrsatib, jon fido qilgan mard oʻgʻlonlar xonadonlarida boʻlib, oila aʼzolari holidan xabar oldik. Porloq xotirasini yodga olib, oziq-ovqat mahsulotlari va sovgʻalar ulashdik. Muammo va kamchiliklarini oʻrganib, ularning yechimini topish yoʻllarini belgilab oldik.

Viloyatda xalqimizning insonparvarlik, mehr-oqibatlilik kabi yuksak fazilatlari keng namoyon etilayotgan bayram tadbirlari davom etmoqda.

X.Mamatrayimov, OʻzA
2 111