Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.03.2017 16:54 Chop etish versiyasi

Istiqbolli loyihalar taraqqiyotga xizmat qiladi

Toshkent davlat agrar universitetida Yevropaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari, mamlakatimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari va tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda Yevropa ittifoqining Tempus dasturi doirasida Uzhealth loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Toshkent davlat agrar universiteti rektori B.Sulaymonov va boshqalar mamlakatimizda ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan mazkur loyiha ulkan samaralar berayotganini alohida ta’kidladi.

Evropa ittifoqining Tempus dasturi doirasida 2013-yildan buyon Uzhealth loyihasi tashkil etilib, u yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining salomatlik, sog‘liqni saqlash, veterinariya, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologiya yo‘nalishlarini takomillashtirishga qaratilgan. Loyiha doirasida salohiyatli kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirishga ham alohida urg‘u berilmoqda. Natijada mamlakatimiz yoshlari xorijdagi nufuzli ta’lim dargohlarida bilimini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Mazkur loyiha doirasida Yevropaning to‘rtta yetakchi ta’lim muassasasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari va o‘nta eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari talaba va professor-o‘qituvchilari o‘rtasidagi hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilgan.

– Mazkur loyiha mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirishda muhimdir, – deydi Toshkent davlat agrar universitetining xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sanjar Odilov. – Talabalarimiz va o‘qituvchilarimiz xorijdagi hamkor ta’lim dargohlarida o‘z bilimini mustahkamlash, malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

– Men mazkur loyiha doirasida Yevropada tashkil etilgan uch oylik o‘quv kursida ishtirok etdim, – deydi Buxoro davlat universiteti biologiya kafedrasi o‘qituvchisi Shahnoza Sharopova. – Inson salomatligiga ta’sir ko‘rsatayotgan bir qancha omillar, xususan, oziq-ovqat xavfsizligi, atrof-muhit tozaligi kabi dolzarb masalalarni hal qilish borasidagi mashg‘ulotlarda qatnashdim.

Tadbirda ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, malakali kadrlarni yetishtirish tizimini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
3 418






Все о погоде - Pogoda.uz