O‘zA O`zbek

13.08.2018 18:01 Chop etish versiyasi

Istiqbolli loyihalar samarasi

Istiqbolli loyihalar samarasi Navoiy viloyati Konimex tumanida bir qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Asfalt-beton qorishmasi uchun MP-1 markali faollashtirilgan mineral kukun ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona shular jumlasidandir.

“Riverstone powders” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bunyod etilayotgan ushbu sanoat majmuasi foydalanishga topshirilgach, hududdagi tog‘ jinslari, qattiq materiallar, chiqindilar hamda foydali qazilmalardan yanada samarali foydalanish imkoniyati kengayadi. Bu yerda tayyorlanadigan kukun asfalt-beton qorishmalari tarkibiga qo‘shilganda uning mustahkamligi, chidamliligi ortadi, sarf bo‘ladigan bitum, ya’ni qatronni ham 10 foizgacha tejash mumkin.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ayniqsa, chekka hududlarda joylashgan qishloq va mahallalarni obodonlashtirish, ularda turli zamonaviy maishiy, savdo va servis xizmati ko‘rsatish obyektlari, ta’lim, tibbiyot va dam olish maskanlari qurish jadal olib borilmoqda. Mazkur qimmatbaho qurilish materialiga kundan-kun oshib borayotgan ehtiyojni inobatga olgan mutaxassislar ushbu korxona qurilishiga kirishdi.

– Har yili 200 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan korxonamiz zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan, – deydi korxona rahbari Sh.Ro‘ziyev. – Bu esa, tabiiyki, asfalt tayyorlovchilarga ushbu material tannarxini sezilarli darajada arzonlashtirish imkonini beradi. Ahamiyatlisi, 20 nafar yosh yigit-qiz muntazam ish bilan ta’minlanadi. Kelgusida mahsulotning bir qismini eksportga yo‘naltirishni ham rejalashtirganmiz.

Ta’kidlash lozimki, Navoiy viloyati hududida umumiy foydalanishdagi, shuningdek, davlat va xalqaro ahamiyatga molik yuzlab chaqirim avtomobil yo‘llari holatiga, joriy va kapital ta’mirloviga katta e’tibor qaratilmoqda. Natijada qishloqlar ko‘chalari ham chiroy ochib, ulardagi yo‘llar ahvoli yaxshilanayotir. Mazkur korxonaning bunyod etilishi hududda aholi turmushi farovonlashuviga xizmat qiladi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
1 941