O‘zA O`zbek

12.09.2018 20:10 Chop etish versiyasi

Istiqbolli loyihalar asosida 9 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi

Istiqbolli loyihalar asosida 9 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi Namangan viloyatida 2018-2019 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan 503 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shundan 306 loyiha joriy yilda hayotga tatbiq etiladi. Bu 9 ming 740 yangi ish oʻrni yaratiladi, degani.

Yilning oʻtgan davrida sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida umumiy qiymati 190 million dollarga teng 166 loyihaamalga oshirilgan. Bu 4 mingga yaqin ish oʻrni yaratish imkonini berdi.

Namangan shahridagi “Miray Soks” qoʻshma korxonasida trikotaj mahsulotlari, “Soʻgʻdiyona fayz tekstil” MCHJda tikuvchilik mahsulotlari,“Oʻz Chasis” qoʻshma korxonasida avtomobil faralari, “Nam Toch servis” xorijiy korxonasida tomyopqich ashyolari, “Kosonsoy serhosil intensiv bogʻlari” MCHJdaqishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, Pop tumanidagi “Chodak asl biznes” MCHJda un va un mahsulotlari, Uychi tumanidagi “Uychi parranda” MCHJda parranda goʻshti ishlab chiqarish kabi yirik loyihalar ishga tushirilgan.

Namangan viloyati hokimligi va prokuraturasi hamkorligida oʻtkazilgan biznes-forumda shular haqida maʼlumot berildi.

Tadbirda viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari, iqtisodiy tarmoq boshqarma va tashkilotlari, bank muassasalari masʼul xodimlari,ishlab chiqarish korxonalari, Namangan, Fargʻona, Andijon viloyatlari tadbirkor va ishbilarmonlari, AQSH, Gollandiya kabi davlatlardan hamkor biznes vakillari ishtirok etdi.

– Namangan viloyati oʻziga xos qulay geografik mintaqada joylashgan, – deydi viloyat hokimi oʻrinbosari U.Yunusov. – Tabiiy va mehnat resurslariga boyligi va boshqa koʻplab jihatlar viloyatda yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi. Mazkur forumdan koʻzda tutilgan maqsad ana shu imkoniyat va resurslardan yanada samarali foydalanishga erishishdir. Bunda mahalliy va xorijiy sarmoyalarni keng jalb qilish hal qiluvchi rol oʻynaydi.

Forumda ishtirokchilarga viloyatning investitsiya salohiyati va uni roʻyobga chiqarish borasida erishilayotgan natijalar, mavjud imkoniyatlar va istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berildi.

Qulay investitsiya muhitini yaratishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilayotgan erkin iqtisodiy zonalar, kichik sanoat zonalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Namangandagi “Kosonsoy-farm” erkin iqtisodiy zonasida dori-darmon va tibbiyot vositalari ishlab chiqarishga qaratilgan umumiy qiymati 13,2 million dollar boʻlgan 10 loyiha amalga oshiriladi. 100 turdagi dori-darmon ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan ushbu zonada joriy yil oxirigacha uchta, 2019 yilda oltita korxona ishga tushiriladi. 2020 yilda sanoat hududi toʻla quvvat bilan ishlay boshlaydi.

Mutasaddilarning taʼkidlashicha, sanoat ishlab chiqarishi yoʻnalishidagi xuddi shunday erkin iqtisodiy zona Chust tumanida ham tashkil etiladi. U yerda umumiy qiymati 157,3 milliard soʻmlik 12 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami arafasida Namangan shahrida ishga tushirilgan “Orzu” kichik sanoat zonasi ham mahalliy ishbilarmonlar sarmoyasini yoʻnaltirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu yerda koʻzda tutilgan 142,3 milliard soʻmlik loyihadan yengil, oziq-ovqat, kimyo sanoati yoʻnalishida 74 milliard soʻmlik 10 loyiha ishga tushirildi.

Forumda, shuningdek, boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanish, soliq imtiyozlari va preferensiyalar, bank kreditlari ajratish, import va eksport, turizmni rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlariborasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Tadbir doirasida viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan ilgʻor ishlab chiqarish korxonalari mahsulotlari koʻrgazmasi, davlat xizmatlari markazi, adliya tizimi tomonidan koʻrsatilayotgan huquqiy-axborot xizmatlari koʻrgazmasi namoyish etildi.

Forum ishtirokchilari “Orzu” kichik sanoat zonasi, Namangan shahrida barpo etilayotgan “Afsona” madaniyat va istirohat bogʻi, “Namangan momiq sochiqlari” korxonasi va boshqa bir qator ishlab chiqarish subyektlarida boʻlib, qulay investitsiya muhiti samaralari bilan tanishtirildi.

Akromjon Sattorov, OʻzA
1 547