O‘zA O`zbek

30.06.2020 Chop etish versiyasi

Istiqbolli kelajakni qurishdagi muhim qadamlar ...

Istiqbolli kelajakni qurishdagi muhim qadamlar ...

BMT tomonidan keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda butun dunyoda aholisining 16 foizini yoshlar tashkil qilib, mamlakatimizda esa bu koʻrsatkich 60 foizdan oshadi.

Taʼkidlash lozimki, yurtimiz tayanchi boʻlgan yoshlarimizning kamol topishlari uchun davlatimiz tomonidan har qanday sohada keng imkoniyatlar yaratilib, bir qator islohotlar amalga oshirildi.

Davlatimiz tomonidan 2008-yil “Yoshlar yili” deb eʼlon qilindi va mazkur yilda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida “Yoshlar yili” Davlat dasturi tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etilib, 30-iyun Yoshlar kuni deb eʼlon qilindi. Hozirda Ittifoqning 7 million 690 ming nafar aʼzosi mavjud. Joylarda 8 nafar yosh avlod vakillari hokim oʻrinbosari etib tayinlangan. Yaqinda boʻlib oʻtgan saylovlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga 9 nafar yigit-qiz saylangan, mahalliy kengashlarda gʻalaba qozonganlarning qariyb 10 foizini yoshlar tashkil etadi (manba: uza.uz).

Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra yoshlar bu — oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan shaxslar.

Jismonan sogʻlom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qatʼiy hayotiy nuqtayi nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.

Yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yoʻnalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimining huquqiy asoslari sifatida bugungi kunga qadar 87 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi va “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisidagi Farmonlari hamda “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, yoshlarning huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatni ratifikatsiya qilgan.

Oilaviy hayotga oid muammolar, psixologik-pedagogik, huquqiy va boshqa masalalar yuzasidan maslahatlar berish tizimi hamda yoshlarga ijtimoiy xizmat, ijtimoiy yordam koʻrsatuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari tizimini takomillashtirish, yoshlarning dam olishi va ularni sogʻlomlashtirishni tashkil etish tizimini rivojlantirish yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari hisoblanadi.

Davlatimiz tomonidan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, xususan ularning ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi tashabbuslarini rivojlantirish borasida istiqbolli dasturlar ishlab chiqilib, sohaga tatbiq etildi. Jumladan, yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yoshlarni biznes bilan shugʻullanishga faol jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish, ish oʻrinlari yaratish va yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi 2018-yil 27-iyundagi Farmoni qabul qilindi.

Mazkur dastur yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish va qoʻllab-quvvatlash, band boʻlmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar va biznes yuritish koʻnikmalariga oʻqitish, shuningdek, umuman yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish orqali ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan.

Yuqorida qayd etilgan va bugungi kunga qadar amalga oshirilgan chora-tadbirlar mamlakatimiz yoshlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning salohiyatlarini yetarlicha baholagan holda rivojlantirish, tegishli shart-sharoitlar yaratib berish davlatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega.

Shu oʻrinda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuvida taʼkidlaganlaridek: “Yangi Oʻzbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili boʻladi”.

Davlatimiz rahbarining yuqorida taʼkidlab oʻtgan fikr-mulohazalaridan kelib chiqqan holda, Yangi Oʻzbekistonning ertangi istiqbolli kelajagini iqtidorli va salohiyatli yoshlarsiz tasavvur etish qiyin. Shu sababli, ulgʻayib kelayotgan yoshlarimizning har tomonlama kamol topishlari uchun ularni qoʻllab-quvvatlash va hayot faoliyatlarida alohida eʼtibor qaratish barqaror va istiqbolli kelajagimizni qurishdagi muhim qadamlardan biridir.

D. Bozorova,

Toshkent davlat yuridik universiteti

professori v.b.

747
OʻzA