O‘zA O`zbek

28.08.2018 17:04 Chop etish versiyasi

Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʻyicha “taraqqiyot” respublika tanlovi

Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʻyicha “taraqqiyot” respublika tanlovi
Prezidentimizning 2018 yil 30 maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida istiqbolli boshqaruv kadrlarining tizimli asosda tanlab olinishini taʻminlash, shuningdek, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari tizimida ularning kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishga koʻmaklashish maqsadida har 3 yilda istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʻyicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi oʻtkaziladi.

Tanlovda tayanch oliy maʻlumotga va tegishli sohada rahbarlik lavozimida kamida uch yillik ish tajribasiga ega, 30 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan (45 yosh ham qoʻshilgan holda) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

“Taraqqiyot” respublika tanlovida talabgorlar 16 ta nominatsiya boʻyicha oʻz sohasidan kelib chiqib ishtirok etishi mumkin. Xususan:

1. Davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

2. Sud-huquq sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

3. Moliya-kredit sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

4. Sanoat sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

5. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

6. Qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

7. Arxitektura va qurilish sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

8. Kommunal xoʻjalik sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

9. Soliq va bojxona sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

10. Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

11. Taʻlim, fan va innovatsiya sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

12. Sogʻliqni saqlash sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

13. Madaniyat, sanʻat va sport sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

14. Tashqi siyosat, tashqi iqtisodiy faoliyat va turizm sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

15. Makroiqtisodiyot va hududiy rivojlanish cohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

16. Transport va logistika sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi.

Davlat tashkilotlarida mehnat qilayotgan ishtirokchilarning tanlovda ishtirok etish davrida egallab turgan lavozimi va oʻrtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.

Tanlov gʻoliblariga eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida, final bosqichining qolgan ishtirokchilariga esa eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti toʻlanadi. Tanlov final bosqichining qolgan ishtirokchilari tegishli sohaning boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi.

Tanlov gʻoliblari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Korporativ boshqaruv ilmiy-taʻlim markazi bazasida tegishli sohaga oid vazirliklar, idoralar, yirik kompaniyalar rahbarlari, mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda olimlar ishtirokida oʻtkaziladigan, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tanlovning tegishli nominatsiyalari yuzasidan stajirovka oʻtashni oʻz ichiga oladigan “Boshqaruv kadrlarini tayyorlash boʻyicha Prezident dasturi”ga muvofiq uch oylik kurslarda oʻqiydi.

Tanlov gʻoliblari “Boshqaruv kadrlarini tayyorlash boʻyicha Prezident dasturi”ga muvofiq uch oylik kurslarni oʻtagandan keyin tegishli yoʻnalishlar boʻyicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun taraqqiyot-tanlov.uz internet portaliga kirib, roʻyxatdan oʻtish zarur. Buning uchun talabgor albatta ONE.ID.UZ portalidan roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi shart.

Tanlovda ishtirok etish uchun talabgorlar 2018 yilning 1 oktyabridan 30 oktyabriga qadar onlayn roʻyxatdan oʻtishi mumkin. Batafsil maʻlumot taraqqiyot-tanlov.uz portalida joylashgan.

Mazkur portaldan roʻyxatdan oʻtgandan soʻng talabgor anketasi toʻldiriladi. Unda talabgor haqida toʻliq maʻlumotlar bazasi qamrab olinadi.

Tanlov ishtirokchilari anketada belgilangan shakldagi ishonchli maʻlumotni koʻrsatishi shart. Anketaga notoʻgʻri maʻlumotni kiritish ishtirokchini tanlovdan chetlatishga sabab boʻlishi mumkin.

Ishtirokchilarning anketalarini oʻrganish uchun ishchi guruh tarkibi tanlov komissiyalari tomonidan shakllantiriladi. Ishchi guruhlari soni va ularning aʻzolari tarkibi har bir nominatsiyaga taqdim etilgan arizalar soniga bogʻliq holda shakllanadi.

Tanlov ishtirokchilari oʻzlari tomonidan taqdim etilgan anketa qaysi nominatsiyaga tegishli boʻlishini mustaqil ravishda belgilaydi. Anketa koʻrib chiqilayotganda ishchi guruh vakillari anketada ishtirok etgan shaxs koʻrsatgan sohadagi ish tajribasiga qarab nomzodlikni oʻzgartirishni tavsiya etish huquqiga ega boʻladi.

Tanlovning veb-portalida keyingi tanlov turida ishtirok etuvchilar roʻyxati, tanlov oʻtkazilish kuni, joyi eʻlon qilib boriladi.

Veb-portalga kelib tushgan anketalar oʻrganiladi, talabgorlar aqliy salohiyat (IQ-test), psixologik barqarorlik, xorijiy tillarni bilishi, siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlardan xabardorlik darajasi boʻyicha onlayn testdan oʻtkaziladi.

Xorijiy tilni bilish darajasi rasmiy tasdiqlangani haqidagi xalqaro sertifikatlar mavjud boʻlgan (V2 – CEFR (Common European Framework of Reference), 5,5 ball – IELTS (International English Language Testing System) va 72 ball – TOEFL (Test of English as a Foreign Language) ishtirokchilar xorijiy tillarni bilishi darajasi boʻyicha testlardan ozod qilinadi. Ushbu ishtirokchilarga tanlovda maksimal ball qoʻshib beriladi.

Yozma sinovlar va stajirovka bosqichida onlayn testlardan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarga yozma tahliliy materiallar (maʻruza) tayyorlash uchun har bir nominatsiya boʻyicha muammoli, amaliyot bilan bevosita bogʻliq boʻlgan, tahliliy fikrlashni nazarda tutuvchi, har biri 5 savolni qamrab oluvchi tezislar beriladi.

Talabgorlar tomonidan tegishli nominatsiyalar kesimida 5 savolni qamrab olgan mavzu boʻyicha tayyorlangan yozma tahliliy materiallarni (maʻruzalar) tekshirish natijasida ishtirok etuvchilardan 300 nafar talabgor tanlab olinadi.

Talabgorlarning guruhda ishlash koʻnikmasi, professionallik darajasi va boshqaruv qobiliyatini aniqlash maqsadida tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, davlat tashkiloti va idoralariga bir oylik stajirovka oʻtash uchun joʻnatiladi.

Bir oylik stajirovka va talabgorlarning tashkilotchilik qobiliyati va boshqaruvchilik salohiyatini aniqlashga qaratilgan yozma test sinovi natijalariga asosan tanlovning final bosqichiga tavsiya etilgan 150 nafar talabgor aniqlanadi.

Guruhlarda muammoli vaziyatlarni (keyslar) yechish va suhbat jarayoni boʻyicha tanlovning final bosqichiga tavsiya etilgan 150 nafar talabgorning roʻyxati, sinovlar oʻtkaziladigan sana, vaqt, joy va shartlari tanlovning veb-portalida eʻlon qilinadi.

Guruhlarda muammoli vaziyatlarni (keyslar) yechish jarayoni va talabgorlarning har biri bilan shaxsan oʻtkaziladigan suhbat natijalariga koʻra tanlovning 50 nafar gʻolibi aniqlanadi.

O'zA
2 514