O‘zA O`zbek

29.07.2015 19:25:00 Chop etish versiyasi

Istiqboldagi vazifalar belgilab olindi

Poytaxtimizda O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashining navbatdagi plenumi bo‘lib o‘tdi.

Unda partiyaning mustaqilligimizning yigirma to‘rt yilligiga bag‘ishlab “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi, 2015-yilning birinchi yarmidagi faoliyati yakunlari, ikkinchi yarmidagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va boshqa masalalar muhokama etildi.

O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi S.Otamuratov va boshqalar o‘tayotgan har kunimiz bizni eng ulug‘ va eng aziz ayyom ― Mustaqillik kuniga tobora yaqinlashtirayotgani, Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 17-iyulda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarori bayramni munosib kutib olish va uni tantanali nishonlashda dasturilamal bo‘layotganini alohida ta’kidladi.

Shu kunlarda mazkur qaror keng jamoatchilik, jumladan, siyosiy partiyalar vakillari tomonidan chuqur o‘rganilib, uning ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etish, Mustaqillik bayramini yuqori saviyada nishonlashga doir chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. 

Mustaqillik biz uchun milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni tiklash, urf-odat va an’analarimizni, muqaddas islom dinimizni, buyuk ajdodlarimizning tabarruk nomlarini ulug‘lash, sog‘lom va barkamol yangi avlodni shakllantirish bo‘yicha ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan beqiyos imkoniyatlarni ochib berdi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorda ushbu sohadagi islohotlarning ahamiyati, tashkiliy-huquqiy asoslarining mazmun-mohiyatini fuqarolarga xolis, teran va samarali yetkazish belgilangan. Bu O‘zMTDP deputatlari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining barcha tuzilmalari, faollari hamda a’zolari bayramni keng nishonlashda faol ishtirok etadi. 

Yig‘ilishda mustaqillik degan bebaho ne’matning qadr-qimmatini, o‘tgan davrda bosib o‘tilgan og‘ir va mashaqqatli, ayni vaqtda sharafli yo‘l, qo‘lga kiritgan keng ko‘lamli yutuqlarimiz tub mohiyatini yoshlarga yetkazishda ta’sirchan uslub va vositalardan foydalanish yuzasidan mulohazalar bildirildi. Ana shu mavzularda davra suhbatlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi.

O‘zMTDP saylovoldi platformasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish hamda partiya elektorati manfaatlarini himoya qilish maqsadida xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan hisobot davrida 18 tashabbus mahalliy Kengashlar sessiyalarining muhokamasiga kiritildi. 121 masala doimiy komissiyalar yig‘ilishlarida muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. 344 mansabdor shaxsning hisoboti eshitildi. Fuqarolarning murojaatlari asosida qator masalalar tegishli davlat hokimiyati idoralari bilan hamkorlikda ijobiy hal etildi.
Partiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining hisobot davridagi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Partiya faollari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va foydalanilmay qolgan imkoniyatlarga e’tibor qaratildi. Ayrim hududiy partiya tashkilotlari faollari va partiya guruhlari O‘zMTDP saylovoldi platformasini amalga oshirish, elektorat manfaatlarini himoya qilish va deputatlik nazoratini amalga oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani tanqid qilindi. Ularga tegishli tavsiyalar berilib, aniq chora-tadbirlar belgilandi.