O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

Isteʼmolchilar huquqlari boʻyicha qonunchilikka qanday normalar kiritilishi zarur ?

Isteʼmolchilar huquqlari boʻyicha qonunchilikka qanday normalar kiritilishi zarur ?

Amaldagi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga 2002, 2003, 2005, 2006, 2008, 2010, 2013, 2014, 2016, 2017-yillarda oʻn marotaba oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan. Shunday boʻlsa-da, qonun oʻzining 1996-yilning 26-aprelida qabul qilingan tahriridan unchalik ham farq qilmaydi.

Birgina qonunning bugungi kunimiz uchun eng dolzarb boʻlgan va qabul qilinganidan buyon oʻzgarishsiz qolib kelayotgan moddalaridan biri 10-moddasini olib koʻraylik. Modda matni quyidagicha:

10-modda. Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq toʻlash shakli hamda tartibi

Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq toʻlash shakli hamda tartibi isteʼmolchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Tovarlarni kreditga sotish Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasdiqlanadigan tovarlarni kreditga sotish qoidalari bilan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.

Oldi-sotdi amalga oshirilganda isteʼmolchiga kassa yoki tovar cheki beriladi. Tovarni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish taqiqlanadi.

Qonunning birinchi qismida: Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq toʻlash shakli hamda tartibi isteʼmolchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi, deyiladi. Demak, sotuvchi va isteʼmolchi oldi-sotdi jarayonida toʻlanadigan haqning naqd, naqdsiz (masalan, bank plastik kartasi) yoki boshqa shaklda boʻlishini oʻzaro hal qiladilar. 

Qonunning mazkur qismiga chuqurroq eʼtibor qaratilsa, sotuvchi toʻlovlarni naqd yoki naqdsiz koʻrinishda qabul qilish yoki qabul qilmaslikni oʻzi tanlab hal qilishi mumkinligi, yaʼni xohlasa bank plastik kartasidan toʻlovni qabul qiladi, xohlasa “Bizda faqat naqd pulda toʻlov”, deb turaverishi uchun yoʻl ochiqligi yaqqol ayon boʻladi. Qonundagi mazkur norma esa amaldagi toʻlov tizimlarini, shuningdek bu boradagi yangi tizimlarni amaliyotga keng joriy qilish uchun toʻsqinlik qilib kelmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Shu joyda qoʻshni davlatlarning, xususan Rossiyaning bu boradagi qonunchiligiga bir nazar tashlaylik. Rossiya Federatsiyasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni (07.02.1992 y №2300-I) 16.1-moddasi birinchi bandi birinchi qismida:

Sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchiga, uning tanloviga koʻra, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga haq toʻlash uchun milliy toʻlov vositalari(tizimlari)dan foydalangan holda, shuningdek naqd holda toʻlash imkoniyatini taqdim yetishi shart.

Demak, bundan koʻrinib turibdiki, Rossiyada sotuvchi (ijrochi) davlat tomonidan muomalaga kiritilgan naqd pullarni ham, milliy toʻlov tizimi vositasi boʻlgan bank plastik kartochkasini ham bir xilda toʻlovga qabul qilishga majburdir. Ana shu moddaning birinchi bandi davomida, shuningdek 2 va 3-bandlarida toʻlovlarni toʻlash shakli va tartibi batafsil ochib berilib, tegishli normalar bilan mustahkamlangan.

Eʼtiborlisi mazkur moddaning 4-bandida:

Tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun haq toʻlashda, sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchi tomonidan naqd pulda toʻlash yoki naqd pulsiz toʻlovlarning amaldagi shakllari doirasida toʻlanishiga qarab, bir turdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun turli narxlarni belgilashi taqiqlanadi, degan normaning ham kiritilganligidir.

Yaqin-yaqingacha bizda aynan ana shu masala qancha bosh ogʻriqlarni keltirib chiqardi. “Plastikka boshqa narx, naqd pulda toʻlasa boshqa narx”, qabilidagi gaplar xalqimizning jon-jonidan oʻtib ketgani ham bor gap. Amaliyotda hali-hali bunday salbiy holatlar uchrab qolmoqda. Demak, kech boʻlsa-da qonunchilikka yuqoridagi kabi normalarni kiritilishi zarur.

Mamlakatimiz qonuni boʻyicha davom etamiz. 10-modda birinchi qismi davomi:

Tovarlarni kreditga sotish Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasdiqlanadigan tovarlarni kreditga sotish qoidalari bilan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.

2006-yilning 6-mayida Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmol krediti toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinib, 14 yil davomida tovarlarni kreditga sotish mazkur qonun normalari bilan belgilanib kelinayotgan boʻlsa-da, bizning “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunimizdan mazkur ortiqcha norma olib tashlangani yoki hech boʻlmaganda Tovarlarni kreditga sotish Oʻzbekiston Respublikasining tegishli qonunlari bilan belgilab berilgan tartib-qoidalar asosida amalga oshiriladi, qabilidagi oʻzgartirish ham kiritilgani yoʻq. Qonun boʻla turib qarorga havola berilishi ham toʻgʻri emas.

10-moddaning ikkinchi qismiga oʻtamiz. Bu yerda:

Oldi-sotdi amalga oshirilganda isteʼmolchiga kassa yoki tovar cheki beriladi. Tovarni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish taqiqlanadi, deyiladi va mazkur modda nihoyasiga yetadi. Amaliyotda shunday tovarlar borki, ularga kassa chekini oʻzini berilishi koʻplab tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Aytaylik, siz yoqilgʻi quyish shoxobchasidan avtomobilingizga benzin quydingiz. sizga kassa cheki berildi. 

Kassa cheki nima? Unda asosan toʻlov summasi koʻrsatiladi, xolos. Demak, sizning qoʻlingizga 10000 soʻm degan yozuvi bor chek berildi. Siz 10000 soʻm toʻladingiz, lekin nima uchun, benzingami, solyarkami, kerosingami va yoki oqqandgami? Xoʻp, 10000 soʻmga necha litr quydi, 2 litrmi, 10 litrmi, bir tonnami? Yana xoʻp, qanaqa markali benzin quydi? 80, 91, 92 mi yoki boshqa markami? Albatta, sotuvchidan soʻrasangiz, Sizga 10000 soʻmga 2 litr 91 benzin quyib berdim, deydi. Bu esa quruq gapdan boshqa narsa emas. Bu bitta misol xolos.

Bu bilan nima demoqchiman. Tovarlarning shunday turlari borki, oldi-sotdi amalga oshirilganda kassa cheki emas, tovar cheki berilishini taqozo qiladi. Tovar chekida esa tovar nomi, narxi, miqdori, summasi va jami toʻlovlar alohida koʻrsatiladi. Savdo doʻkonidan oʻsimlik yogʻi olgan odam, qaytib kelib kassa chekini koʻrsatib men bu yerdan 3 ta sovun olganman deyishi mumkinmi, mumkin. Ushbu holat sotuvchi uchun ham bosh ogʻrigʻi-ku. 

Demak, isteʼmolchiga tovar cheki berilishidan birinchi navbatda sotuvchining oʻzi ham manfaatdor. Yuqoridagilarni umumlashtirganda, qonunga savdo va xizmat koʻrsatishning ayrim turlarini istisno qilganda, oldi-sotdi amalga oshirilganda isteʼmolchiga tovar cheki berilishi shart qilib qoʻyilishini belgilovchi normani kiritilishini ham oʻylab koʻrish kerak.

Gʻayrat Mamatqulov,
OʻIHHQJF Fargʻona viloyat 
hududiy birlashmasi rais oʻrinbosari

841
O'zA