Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.08.2017 19:48 Chop etish versiyasi

Iste’molchilar huquqi ishonchli himoyada

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi kengashi majlisida federatsiya va uning shahar, tuman jamiyatlari tomonidan savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, bozorlarda olib borilgan monitoring natijalari muhokama qilindi.

Soha mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Nukus shahri, Chimboy, Shumanay, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Qo‘ng‘irot, Kegeyli va Qanliko‘l tumanlari tibbiyot birlashmalari faoliyati, iste’molchilarga yaratilgan sharoit va qulayliklar o‘rganildi. Toza ichimlik suvi taqchilligi, ayrim dori vositalari yetishmasligi, ayrim hollarda bemorlarga yaroqlilik muddati o‘tib ketgan dori vositalari tarqatilayotgani, ba’zi shifokorlarning muomalasi, shifoxonalarda tayyorlanayotgan ovqatlar sifati talabga javob bermasligi kabi kamchiliklar aniqlangan.

– Aslida, har birimiz iste’molchimiz, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi mutaxassisi Qumar Bekniyazova. – Xarid qilinayotgan maxsulotning, foydalanilayotgan xizmatning sifat kafolati, yaroqlilik muddati, iste’molga ruxsati bor-yo‘qligi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lishimiz kerak. Shu maqsadda federatsiyamiz tomonidan iste’molchilar, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot ishlari kuchaytirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga joriy yil birinchi yarmida kelib tushgan 518 murojaatning 499 tasi iste’molchilar foydasiga hal etilib, tegishli tartibda iste’molchilarga 129 million so‘mga yaqin miqdordagi mablag‘ undirib berilgan. Ularning aksariyati savdo, elektr energiyasi va gaz iste’moli to‘lovlaridir.

Tadbirda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, bozorni odamlar hayoti, salomatligiga xavf tug‘diruvchi yaroqsiz mahsulotlar sotilishidan muhofaza qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini mustahkamlash, aholining iste’mol madaniyatini yanada yuksaltirish yuzasidan fikr almashildi.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
2 066






Все о погоде - Pogoda.uz