O‘zA O`zbek

26.07.2019 Chop etish versiyasi

Isteʼmolchilar federatsiyasi “Artel”dan zarar koʻrganlarni himoya qilmoqda

Isteʼmolchilar federatsiyasi “Artel”dan zarar koʻrganlarni himoya qilmoqda

Bugun bozorlarimizni milliy mahsulotlar bilan toʻldirish, oʻzimizda ishlab chiqarishni rivojlantirishga juda katta eʼtibor berilmoqda. Shu asnoda milliy mahsulotlarimizni yaratuvchi milliy brendlarimiz ham anchagina koʻpayib, oʻz nomi va dovrugʻi bilan kerak boʻlsa, jahon bozorlariga chiqmoqda.

Ammo baʼzi kompaniyalarning ishlab chiqarayotgan tovarlari sifat talablariga javob bermasligi natijasida “Made in Uzbekistan” nomiga dogʻ tushirmoqda.

Yozning jazirama kunlarida insonlarning muzlatgich, havo sovitgich kabi mahsulotlarga ehtiyoji ortadi. Shu boismi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushayotgan murojaatlar ichida aynan muzlatgich va konditsionerlarni sotib olib, soʻngra uning sifatsizligidan norozi boʻlayotganlar soni oshib ketdi.

Ayniqsa, “Artel” kompaniyasi ishlab chiqarayotgan mahsulotlar yuzasidan koʻplab noroziliklarni kuzatmoqdamiz. Quyida sizga ushbu murojaatlardan baʼzilarini havola etamiz.

Fargʻonalik D.Sariboyeva “Mohigul yuksalish savdo” doʻkonidan 2 mln. 100 ming soʻmga muzlatgich sotib oladi, uni ishlatish jarayonida yaxshi ishlamaganligi sababli savdo doʻkoni masʼuliga qoʻngʻiroq qiladi.

Masʼul xodim “Artel” rusumli muzlatgich boʻlganligi sababli mazkur kompaniyaning Fargʻona shahridagi servis markaziga yozma ravishda murojaat qilishlarini aytadi.

Servis xizmatdan mutaxassis kelib, tuzatib ketgandan soʻng ham muzlatgich yaxshi ishlamaydi. Bundan jahli chiqqan D.Saribayev Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qiladi.

Federatsiya xodimlari doʻkon maʼmuriyati va servis xizmati xodimlariga tushuntirish ishlari olib borib, ishga qonuniy yondashganlaridan soʻng servis markazi mutaxassislar tomonidan oʻtkazilgan qayta oʻrganish jarayonida muzlatgichda bartaraf qilish imkoniyati mavjud boʻlgan nuqson aniqlanib, kafolat muddati ichida bepul taʼmirlab berildi.

Isteʼmolchi taʼmirdan soʻng muzlatgichni talab darajasida, muammosiz ishlayotganligini maʼlum qildi.

YANA BIR MUAMMO...

Angrenlik Botirbek Qambarov “Navoiy” koʻchasidagi doʻkonlarning biridan “Artel” muzlatgichini 2360000 soʻmga xarid qilib olgan.

Oz fursatda muzlatgich nosozligi maʼlum boʻlgan. Bundan norozi boʻlib, doʻkonga murojaat qilganida, tuzatish uchun servis xizmatlarga bogʻlanishlarini bildirib, muammoni oʻzlaridan soqit qilgan.

Ushbu masalaga yechimini topish maqsadida sarson- sargardon boʻlgach, Botirbek Qambarov Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga kelib, muammosini aytadi.

Ushbu holat federatsiya xodimlari tomonidan oʻrganildi. Holat aniqlangach, uch kundan soʻng mutasaddilar isteʼmolchi bilan “Navoiy” koʻchasidagi doʻkonga kelib, ishdan chiqqan muzlatgichning oʻrniga xuddi shu rusumdagi yangi muzlatgichni tekshirib, almashtirib berishdi.

XORIJLIK ISTEʼMOLCHINING HUQUQI HIMOYA QILINDI

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga koreyalik fuqaro janob K.Xan murojaat qilgan. U joriy yil 21-iyun kunida Fargʻona shahridagi supermarketlarning biridan 2 dona ARTEL konditsionerini umumiy 5 mln. 642 ming soʻmga sotib olgan. Lekin konditsionerni oʻrnatgach, ertasi kuni ulardan birida muammolar kuzatilgan.

K.Xan sotib olingan mahsulot havoni yaxshi sovitmayotganligi yuzasidan servis markazi xodimlariga maʼlum qilgan. Markaz ustalari esa muammoni bartaraf eta olmagan. Shundan soʻng savdo doʻkoniga borib nuqsonli konditsionerni sifatlisiga almashtirib berishlarini yoki pulini qaytarishlarini soʻragan, lekin murojaati ijobiy hal boʻlmaganligidan norozi boʻlgan.

Federatsiya xodimlarining saʼy-harakatlari natijasida, isteʼmolchining istagiga koʻra, nuqsonli tovar qaytarib olinib, xuddi shu markadagi sifatlisiga almashtirib berildi.

“Muammoni qisqa muddatda hal qilib berganliklari uchun Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasidan minnatdorman. Oʻzbekistonda bunday tashkilot borligidan xursandman”, deydi Janubiy Koreya fuqarosi K.Xan“.

Maʼlumki, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va Koreya isteʼmolchilar agentligi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolangan boʻlib, mazkur kelishuv doirasida har ikki tashkilot Koreyada Oʻzbekiston, Oʻzbekistonda esa koreyalik fuqarolarga isteʼmolchilik huquqlariga oid masalalarida amaliy koʻmak berib kelmoqda.

“Milliy mahsulot – milliy gʻurur” deya atalgach, milliy brend millatning farovon hayotiga xizmat qilishi lozim emasmi?!

Gulnoza Sharafova,

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassisi

975
OʻzA