O‘zA O`zbek

25.05.2019 07:30 Chop etish versiyasi

Iste’molchiga noqonuniy tarzda 23 million so‘m qarzdorlik yozilgan

Iste’molchiga noqonuniy tarzda 23 million so‘m qarzdorlik yozilgan

Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Komilon qishlog‘ida yashovchi fuqaro Bekzod Eshonqulov tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi.

Fuqaro elektr ta’minoti korxonasi tomonidan uning nomiga noqonuniy tarzda dalolatnoma rasmiylashtirilib, 23 million so‘mdan ortiq jarima qo‘llanilganidan noroziligini ma’lum qilgan.

Mazkur murojaat o‘rganilganda, B.Eshonqulov nomiga 2017 yilning 18 yanvarida Kasbi tuman elektr ta’minoti korxonasi sobiq nazoratchilari tomonidan elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanganligi asos qilinib, dalolatnoma rasmiylashtirilganligi va 23 445 632 so‘m jarima qo‘llanilganligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish jarayonida ushbu dalolatnoma amaldagi “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari” talablariga zid ravishda rasmiylashtirilganligi aniqlandi. Fuqaro B.Eshonqulov tomonidan noqonuniy foydalanilgan elektr sarfi to‘la quvvat bo‘yicha qayta hisob-kitob qilinadigan bo‘lsa, bu 1 052 502 so‘mni tashkil etadi. 

Tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan noqonuniy qo‘llanilgan jarimani bekor qilish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Kasbi tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sud tomonidan B. Eshonqulovga nisbatan asossiz qo‘llanilgan 22 393 130 so‘m jarimani bekor qilib, qarzdorlik hisobidan chiqarish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarildi. 

Shuningdek, sobiq nazoratchilar tomonidan iste’molchiga nisbatan 1 052 502 so‘m jarima o‘rniga, amaldagi qoidalar talablariga zid tarzda 23 million so‘mdan ortiq miqdorda jarima hisoblanganligi qayd etildi.

O‘zA
1 310