O‘zA O`zbek

16.07.2020 Chop etish versiyasi

Isteʼmolchi haq-huquqi poymol boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi

Isteʼmolchi haq-huquqi poymol boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasiga joriy yilning oʻtgan davrida isteʼmolchilar tomonidan 200 dan ortiq murojaat kelib tushgan.

Murojaatlardan 169 tasi toʻliq qanoatlantirilgan. 22 tasiga tegishli huquqiy maslahatlar berilib, 6 ta murojaat tegishli tashkilotlarga yoʻnaltirilgan. Qolgan 17 ta murojaat oʻrganish jarayonida.

Isteʼmolchilar tomonidan kelib tushgan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinganda ularning asosiysi uy-joy, kommunal xizmat va transport sohasi, elektr, tabiiy gaz, toza ichimlik suv taʼminotiga tegishlidir.

– Isteʼmolchilar tomonidan aynan yuqoridagi sohalar boʻyicha kelib tushgan 161 ta murojaatning 143 tasi fuqarolarning foydasiga hal qilindi, – deydi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Qomus Yuldoshev. – Savdo va umumiy ovqatlanish, aloqa va moliyaviy ijtimoiy xizmatlar sohasidagi murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etildi, qolganlariga huquqiy tushuntirish berildi, tegishliligiga koʻra tashkilotlarga yoʻnaltirildi.

Shu oʻrinda boshqarma xodimlari tomonidan ariza va shikoyatlarni oʻrganish davomida isteʼmolchilar foydasiga jami 81 million 844 ming soʻm miqdorida qayta hisob-kitob qilinishi taʼminlanganini alohida taʼkidlash lozim.

Jumladan, fuqaro F.Berdiyevga 200 ming soʻmlik aviachipta puli toʻliq qaytarilishiga erishilgan boʻlsa, T.Sadiyeva hamda M.Begmatovga ichimlik suvi toʻlovlari boʻyicha 391 ming, Oʻ.Hamidov va Yu.Simakovlar tabiiy gaz toʻlovi boʻyicha 8 million 322 ming 500 soʻm, xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatiga qarashli koʻp qavatli uylarning toʻliq taʼmirlanmaganligi sababli 71 million soʻm mablagʻ qayta hisob-kitob qilindi.

Bundan tashqari, S.Nabiyeva sotib olgan tilla buyum nuqsonli boʻlganligi sababli 1 million 450 ming soʻm mablagʻi tilla buyumlar doʻkonidan, S.Mashrabov sotib olgan quloqchin (naushnik)i sifatsiz chiqqanligi sababli 110 ming soʻm mablagʻi, H.Shodmonovga tegishli avtotransportiga “Avtotexxizmat” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan koʻrsatilgan xizmat davomida ortiqcha hisoblangan 370 ming soʻm mablagʻi oʻz egalariga qaytarib olib berildi.

Hududiy boshqarmamiz tashabbusi bilan viloyat majburiy ijro byurosi, viloyat kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish, “Oʻzstandart” agentligining hududiy boshqarmalari, viloyat kommunal xizmat koʻrsatish korxonalari va boshqa bir qator tashkilotlar rahbar va xodimlari uchun “Isteʼmolchilar huquqlarini davlat tomonidan himoya qilish va isteʼmolchi huquqi asoslari”, “Inson salomatligi – toʻgʻri ovqatlanishga bogʻliq”, “Sogʻlom tanda – sogʻlom aql” mavzularida onlayn oʻquv-seminarlari tashkil etildi. Bundan tashqari, hududiy boshqarma xodimlari tomonidan bir qator soha vakillari oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazilayotir. Jumladan, chakana savdo isteʼmolchilari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomaning ular tomonidan toʻldirilgan savolnomalari asl nusxalari va umumlashgan elektron jadval bilan belgilangan muddatlarda Agentlikka taqdim etib kelinmoqda.

Turgʻun savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalariga ega boʻlgan subyektlar soni viloyat boʻyicha 1 ming 879 nafarni tashkil etib, Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunining 5-moddasi talablaridan kelib chiqib, boshqarma tomonidan 1 ming 554 dan ortiq tadbirkorlik subyektlariga ogohlantirish xatlari toʻligʻicha yetkazib berildi.

Prezidentimizning 2019-yil 3-dekabrdagi “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida viloyatdagi bozorlar va savdo komplekslarida “Isteʼmolchi burchagi” tashkil etildi. Unda sifatsiz, sertifikati boʻlmagan, muddati oʻtgan, saqlash sharoitiga amal qilinmagan tovarlar boʻyicha mutasaddi organlarning ishonch telefonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar joylashtirildi.

Koronavirus pandemiyasi aholi orasida avj olganligi sababli butun respublikamizda karantin choralari qayta kuchaytirildi, ammo hududlarda karantin talablariga toʻla rioya qilgan holda, viloyat, tuman va shahar ishchi guruhlari tomonidan tashqi reklamalarni ushbu qaror talablariga mosligi yuzasidan xatlovlar oʻtkazib borilmoqda. Shu kunga qadar 193 ta tashqi reklama konstruksiyalari roʻyxati tuzilgan boʻlib, shundan 142 tasi xatlovdan oʻtkazildi.

Bundan tashqari, viloyat hududida joylashtirilayotgan tashqi reklama va joylashtirilgan reklama vositalarini Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi qonuni hujjatlari talablariga mosligi oʻrganilmoqda. Natijada 230 dan ortiq oʻzboshimchalik bilan oʻrnatilgan koʻchma reklama vositalari olib tashlandi hamda egalariga reklamani qonun doirasida oʻrnatish boʻyicha tushuntirishlar berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 702-sonli hamda 104-sonli qarorlari bilan tashqi reklamalarni joylashtirish uchun ajratiladigan yer maydonlari va davlat binosining yuzalari “E-AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshirilishi belgilangan. Biroq bugungi kunga qadar reklama joylashtirish uchun bironta yer maydoni, bino va inshootlardagi reklama joylashtirilayotgan qismlari savdoga qoʻyilmagan. Buning natijasida, baʼzi tadbirkorlar tomonidan tashqi reklama (konstruksiyasi)ni oʻz boshimchalik bilan oʻrnatish holatlari uchrab turibdi.

Shu bugungi kunga qadar viloyat ekologiya boshqarmasi hamda viloyat elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari koʻmagida hududdagi daraxtlar va elektr ustunlariga oʻz boshimchalik bilan oʻrnatilgan 200 dan ortiq turli hajm va shakldagi reklama afishalari, peshlavhalar va eʼlonlar olib tashlandi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunida yaroqlilik (saqlash) muddati muayyan davr boʻlib, bu davrda tovar foydalanishga yaroqli boʻladi va bu muddat tugagach, tovar odamlar hayoti hamda sogʻligʻi uchun xavf tugʻdirishi mumkinligi belgilab qoʻyilgan.

Boshqarma va tegishli tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida Guliston shahar hududida oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan sotilayotgan ayrim mahsulotlarning yaroqlilik muddati oʻtganligi hamda mahsulotlarning ishlab chiqarilgan vaqti amal qilish muddati koʻrsatilmaganligiga qaramay savdo rastalarida sotilayotganligi aniqlangan. Ushbu holatlar yuzasidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga bunday mahsulotlarni sotish qonunga zidligi va inson salomatligi uchun xavfliligi tushuntirildi va zudlik bilan savdo rastalaridan oldirilib, aktlashtirildi.

Shuningdek, har bir savdo va xizmat koʻrsatuvchilarga, isteʼmolchilarni oʻz faoliyati yuzasidan xabardor etish maqsadida isteʼmolchilarga koʻrinarli joylarga isteʼmolchi burchagi oʻrnatilishi shartligi boʻyicha ham tushuntirish ishlari olib borildi.

Darvoqe, Sardoba suv toshqinidan aziyat chekkan tumanlar aholisining sugʻurtalangan mol-mulklarini sugʻurta tashkilotlari tomonidan qoplanishi boʻyicha oʻrganish, tahlil ishlari izchillik bilan olib borilganini ham alohida taʼkidlash joiz.

Ushbu oʻrganish ishlari viloyatda faoliyat yuritayotgan sugʻurta tashkilotlariga soʻrov xati yuborish orqali ular bergan maʼlumotlar asosida amalga oshirildi. Hududiy boshqarmaga yuborilgan soʻrov xatlari asosida toshqindan zarar koʻrgan aholining mol-mulkining sugʻurta qilinishi bilan viloyatdagi 10 ta sugʻurta tashkilotlari shugʻullanmoqda.

Bulardan tashqari, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi viloyat boshqarmasi xodimlari, aksiyadorlik tijorat “Xalq banki” tomonidan aholiga taqdim etilayotgan “Rejali toʻlov kobrending kartasi”dan foydalanish shartnoma shartlari yuzasidan tahlil ishlari olib borilgan. Oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida isteʼmolchilar tomonidan bankning viloyat filiali tomonidan ushbu “Rejali toʻlov kobrending kartasi”dan foydalanish boʻyicha berilayotgan qarzdorlik yuzasidan shartnoma orqali taqdim etilayotgan plastik karta mablagʻidan foydalanish uchun faqat “Xalq banki” bilan shartnoma imzolagan hamkor tashkilotlar (tadbirkorlik subyektlari)dan maxsus terminal orqali savdo qilishi mumkinligi bildirilgan.

– Ushbu “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun talablarini, yaʼni tadbirkorlik subyektlari orasida raqobatni hamda isteʼmolchilarning tanlash imkoniyatlarini cheklab qoʻyilgani aniqlandi, – deydi Qomus Yuldoshev. – Shu bilan birga isteʼmolchi ushbu taqdim etilgan karta orqali savdoni amalga oshirsa, ushbu tovar narxi boshqa “Uzkard” yoki “Humo” plastik kartalariga nisbatan qimmatroq narxda boʻlishi maʼlum boʻldi. Uning sababi soʻralganida ushbu karta faqatgina AT “Xalq banki” tomonidan berilgan maxsus terminal asosida savdo qilinishi, bu maxsus terminalning bank xizmatlari tarifi yuqori ekanligi tadbirkorlar tomonidan bayon etildi. Buning natijasida narx sunʼiy tarzda oshishi, pirovardida esa isteʼmolchi mahsulotni noiloj qimmat narxda sotib olishga majbur boʻlayotgan ekan. Vaholanki, “Xalq banki” tomonidan ushbu berilgan kredit qarzi “0 foiz” deb aytilishi, yaʼni boʻlib toʻlash sharti asosida berilganligi bilan isteʼmolchi sotib olayotgan tovarning eng kamida 17 foiz ustamasi bilan xarid qilishiga toʻgʻri kelmoqda.

Hamkor tashkilotlar tomonidan berilayotgan “0 foiz (rassrochka)” reklamasi asliga toʻgʻri kelmasligi, bu esa notoʻgʻri reklama qilinishga sabab boʻlmoqda. Bank bilan hamkor tashkilotlar oʻrtasida tuzilgan shartnomalarda “kartelli kelishuv” alomatlari mavjudligi taxmin qilinmoqda.

Shuningdek bank va fuqaro oʻrtasida tuzilgan ushbu ikki tomonlama shartnoma shartlarida uchinchi shaxsning yaʼni toʻlov grafigi hamkor tashkilotning shartlaridan kelib chiqib belgilanishi qayd etilgan. Bu bilan shartnoma sharlarida isteʼmolchilarga qoʻshimcha shartlar yuklatilayotganligini koʻrish mumkin. Bu holat yuzasidan tegishli idoralarga maʼlumotlar taqdim etildi. Bu masala tez kunda oʻz yechimini topadi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan Guliston shahrida joylashgan 368 ta koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatuvchi Guliston shahrining 3, 4, va 5-mavzelaridagi 188 ta koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatuvchi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan isteʼmolchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati yuzasidan oʻrganish oʻtkazildi. Oʻtkazilgan oʻrganish – koʻp qavatli uylarda tanlanma asosida anonim soʻrov yoʻli bilan oʻtkazilgan boʻlib, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan isteʼmolchilar oldida biror marta hisobot bermaganligi, isteʼmolchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati qoniqarli emasligi maʼlum boʻldi.

Baʼzi koʻp qavatli uylarning tom qismi taʼmirlanmaganligi, elektr energiya bilan bogʻliq, jumladan, elektr щitlarining nosozligi, ichimlik suvining bosimi pastligi sababli yuqori qavatlarga suv chiqmayotgani, kanalizatsiya quvurlari nosozligi sababli uyning yertoʻlasida suv toʻplanib, turli yuqumli kasalliklarni avj olishiga sabab boʻlayotgani hamda yertoʻlada turli zararli xashoratlar va kemiruvchilar koʻpayganligi maʼlum boʻldi.

Koʻp qavatli uylarning fasad qismi deyarli taʼmirlanmagan va uyni taʼmirlash uchun ajratilgan kredit mablagʻlaridan toʻgʻri foydalanilmaganligi sababli taʼmirlash ishlari toʻliq bajarilmagan. Koʻp qavatli uylarning kirish (podezd) qismidagi ayvonlarning eskirganligi sababli aholining hayotiga xavf solayotganligi, uylarning atrofida joylashgan bolalar maydonchasi deyarli yoʻq, mavjud bolalar maydonchalaridagi oʻyin jihozlari foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan. Ayrim isteʼmolchilar tomonidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati (XUJMSH) uy uchun biror bir amaliy ish olib bormagan boʻlsada, toʻlovlarni qabul qilgan. Uyni taʼmirlash ishlari isteʼmolchilarning oʻzlari tomonidan amalga oshirilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan hududiy boshqarma xodimlari tomonidan oʻtkazilgan anonim soʻrovlar natijasida Guliston shahrining 3, 4, va 5-mavzelarining oʻzidan 50 ga yaqin fuqarolarning murojaatlari qabul qilinib, murojaatlar yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilayotir.

Darhaqiqat, ushbu murojaatlarning salkam 70 foizi kommunal korxonalar, qolgan qismi esa turli sohalar hisobiga toʻgʻri kelib, boshqarma tomonidan mutasaddi tashkilotlarga kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan koʻrsatma xatlari yuborilgan. Joyiga chiqqan holda kamchiliklarni birgalikda bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.

Shuningdek, XUJMSHlar xizmatini oʻrganish davomida davlat byudjetidan ajratilayotgan mablagʻlarni maqsadli ishlatilishida va isteʼmolchilardan xizmat uchun undirilayotgan mablagʻlarni davlat gʻaznasiga kirim qilinishi yuzasidan yaxlit tizim tashkil etilishi kerakligi maʼlum boʻldi.

– Murojaatlarni oʻrganish jarayonida Guliston shahar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boʻlimining javob xatida “Obod Yurt” MFYdagi “Omad” XUJMSHga qarashli 12 ta koʻp qavatli uylar qatori 78-koʻp qavatli uy ham 2018-yilda “Obod mahalla” Davlat dasturi doirasida taʼmirlanishi boʻyicha manzilli roʻyxatga kiritilgan, – deydi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi viloyat boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Qomus Yuldoshev. – Davlat dasturi asosida ushbu 12 ta koʻp qavatli uylar uchun jami 1 milliard 500 million soʻm miqdorida kredit mablagʻi yoʻnaltirilgan. Jumladan, 78-koʻp qavatli uy uchun 69 million soʻm miqdorida kredit mablagʻi ajratilgan. Ammo shunday boʻlsada pudratchi tashkilot “Sevinch hamkor savdo” xususiy korxonasi tomonidan nima uchundir taʼmirlash ishlari toʻlaligicha amalga oshirilmagan.

“Omad” XUJMSHga qarashli 78-koʻp qavatli uyga ajratilgan 69 million soʻm miqdoridagi kredit mablagʻlarini belgilangan smetada koʻrsatilgan taʼmirlash ishlari, xususan koʻp qavatli uylarning fasadlarida, kirish yoʻlaklari, elektr щitlari, yertoʻlalaridagi taʼmirlash ishlari oʻz vaqtida yakunlanmaganligi vakolati doirasida koʻrib chiqish uchun koʻp xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish viloyat hududiy inspeksiyasiga xat orqali maʼlum qilindi. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi viloyat boshqarmasining jonkuyar xodimlari istemolchilar haq-huquqini poymol boʻlishiga yoʻl qoʻymaydi va bu kabi muammolarni oldini olishda barcha imkoniyatlarni ishga soladi.

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki isteʼmolchilar oldida yechimini kutayotgan muammolar hali koʻp. Quvonarlisi, qator muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan aniq reja-grafik ishlab chiqilgan. Ularni bosqichma-bosqich bartaraf etish maqsadida amaliy ishlar olib borilmoqda.

1 100
A.QAYUMOV, OʻzA