O‘zA O`zbek

13.06.2018 15:05 Chop etish versiyasi

Iste’molchi haq edi, biroq...

Iste’molchi haq edi, biroq...
Xiva shahridagi Gazchi mahallasida yashovchi fuqaro Layli Bekchonova Xiva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi.

Murojaatda ta’kidlanishicha, iste’molchi L.Bekchonova E.Yakubov ko‘chasida joylashgan oziq-ovqat do‘konidan kolbasa mahsuloti sotib oldi. Kolbasani uyiga olib borib iste’mol qilish uchun to‘g‘raganida, mahsulotdan qo‘lansa hid keldi. Shundan so‘ng iste’molchi kolbasani do‘konga qaytarib olib bordi. Do‘kon sotuvchisi to‘g‘ralgan kolbasani qaytarib olmay,mahsulotni almashtirib yoki pulini qaytarib berishdan bosh tortdi. Iste’molchi ushbu masala bo‘yicha Xiva shahar Sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga murojaat qildi. Ammo murojaati besamar ketdi.

Mazkur masala yuzasidan L.Bekjonova Xiva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Jamiyat mas’ullari o‘rganish ishlarini olib borib, istemolchiga sotib olgan sifatsiz qolbasaning puli qaytarib berildi. Shuningdek, shahar Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlariga qonun va qonunosti me’yoriy hujjatlari bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib bordi.

O‘zA
1 646