O‘zA O`zbek

28.04.2020 Chop etish versiyasi

Istanbullik sahobalar yoxud Paygʻambarimiz (s.a.v.) vasiyat qilgan buyuk sarkarda

Istanbullik sahobalar yoxud Paygʻambarimiz (s.a.v.) vasiyat qilgan buyuk sarkarda

Istanbul taʼrifu tavsifining cheki yoʻq... Nega shunday? Mening nazarimda, buning javobi juda joʻn, bu shaharga Paygʻambarimiz (sav)ning nazarlari tushgan. Hadislarda keltirilishicha, Allohning elchisi: “Bir kun albattaki Konstantinopol fath etilajak. Uni fath etgan qoʻmondon eng goʻzal askardir, uni fath etgan oʻrdu esa eng goʻzal lashkardir”, soʻzlari butun musulmon olamiga daʼvat kabi yangragan.

Usmonli davlatidan oldin ne-ne qoʻmondonlar Konstantinopol yoʻlini tutishmagan, turk sultonlarining butun fikru xayoli bu shaharda boʻlgan. Bu ishni amalga oshirish 22 yoshli Mehmet sultonga nasib etadi.

Ilohiyotchilarning rivoyatlarga asoslanib anglatishlaricha, Istanbulda mingdan ortiq sahobaning qabri boʻlishi kerak. “Tokli dede” degan qabristonda oʻz paytida nihoyatda koʻp sahobiylar dafn etilgani aytiladi. Ammo aniqlangani — 29 ta qabr yoki maqom.

Konstantinopol tomon ilk yurish hijriy 48 (milodiy 668) yilga toʻgʻri keladi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, ilk qoʻmondonlar Sufiyon bin Avf al-Ezdiy va Fadale bin Ubayd al-Ansoriy boʻlishgan, ular boshchiligidagi islom armiyasida 63 sahobiy qatnashgan.

Shaharga kirish uchun boʻlgan janglarda ancha talafotlar koʻra boshlagan bu armiyaga 669-yilning bahorida hazrati Muaviyning oʻgʻli Yazid boshchiligidagi askarlar yordamga kelishadi. Xristianlarning qoʻli baland ekanini sezgan musulmonlar sovuq kunlar yaqinlashguncha Shomga qaytishadi.

Abu Umeyye al-Ezdi rahbarligidagi sahobiylarning Konstantinopolga navbatdagi yurishi besh yildan keyin, yaʼni 673-674-yillarda boshlanib, 7 yil davom etadi. Ham quruqlikdan, ham dengizdan olib borilgan murosasiz janglar natija bermaydi.

Sahobiylarning soʻnggi uchinchi yurishi 715-717-yillarda amalga oshiriladi, unga Mesleme bin Abdulmelik bosh boʻladi.

Shu oʻrinda Istanbulda qabrlari boʻlgan ayrim sahobalarning tarixi toʻgʻrisida maʼlumotlar berib oʻtishni lozim topdim.

Yuqoridagi salb yurishlarning birida ishtirok etgan Abu Sheybe al-Xudri shahid boʻladi. Paygʻambarimiz (sav)ning sut qardoshi boʻlgan bu askar Konstantinopolga kelganda 89 yoshda boʻlgan. U kishining qabri Istanbulning vizantiyaliklar qurgan shahar qalʼa devorlari biqinida boʻlgan. Bu maʼlumot islom armiyasining shaharni ishgʻol qilishga bir bahiya qolganidan dalolat beradi, degan taxminlar bor.

Istanbulda yertoʻlada joylashgan yagona masjid bor, nomi ham “Yerga botgan”. Uning qachon bunyod etilgani toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar yoʻq. Ammo tarixchi Avliyo Chelabiyning bildirishicha, u hijriy 92 (milodiy 711) yilda Abdulaziz oʻgʻli Umar tomonidan qurilgan.

Masjid boshqalaridan ajralib turadi, u 54 dona yirik ustunda turadi. Shu sababdan bir qarashda minbar koʻrinmaydi. Uning ikki kirish-chiqish eshigi bor. Ichiga yorugʻlik faqat dengiz tarafidan tushadi.

Jomeʼ ichida ikki sahoba qabri bor. Bu yerda yana bir qabr boʻlib, bu zotning sahoba boʻlib-boʻlmagani toʻgʻrisida maʼlumotlar saqlanmagan.

Rivoyatlarga koʻra, Galata koʻprigi yaqinida vafot etgan sahobalar shu yerning oʻzida koʻmiladi. Dushmanlarning koʻzidan yashirish maqsadida uning ustiga shoshilinch masjid kabi bir bino quriladi. Salkam oʻn toʻrt asrdan beri bu binoning deyarli ohori buzilmagan.

Zamonamiz ulamolari sahoba mufassir Abu Dardoga koʻp murojaat etadilar, uning soʻzlaridan iqtiboslar keltiradilar.

Bu sahobaning asl ismi Uvemidir, u kishi ham madinalik boʻlib, Paygʻambarimiz (sav)ning Qurʼon, fiqh va hadis ilmlari bilimdoni boʻlgan asʼhoblardandir. Istanbulga hech kelmagan, deyishadi-yu, ammo shaharda u kishining qabri bor. Ulamolarning aytishicha, bu yer Abu Dardoning maqomlari, asl qabri Shomda.

Turkiyada Ayyub Sultonni bilmagan yoki eshitmagan kishi boʻlmasligi aniq. Sulton Ahmad va Sulaymon nomidagi masjidlar qatorida xalq tomonidan sevib ziyorat va ibodat etiladigan muqaddas joylardan biri.

Xalq ichida Ayyub Sulton, deb ataladigan zot Abu Ayyub al-Ansariy Xolit bin Zeyddir. Asli madinalik boʻlgan Ayyub Sulton ilk musulmonlardan boʻlgan. Kelib chiqishi ham otasi, ham onasi tarafidan Paygʻambarimiz (s.a.v.)ga borib taqaladi. Nabiy (s.a.v.) Madinaga hijrat etganlarida, to u muhtaram zotga uy qurib bitgunicha, Ayyub Ansoriyning xonadonlarida 70 kun yashab qoladilar. Bu xizmatlari evaziga “Nabiyning mehmondori” degan unvonga sazovor boʻladi. Rasuli Akram (s.a.v.) oʻz uylariga koʻchib oʻtganlaridan keyin ham Ayyubning xonadonini ziyorat qilishni kanda qilmaganliklari aytiladi.

Alloh elchisi Madinaga kelganlaridan eʼtiboran, Ayyub hazratlari u zotning yonidan hecham ayrilmadi, ular bilan barcha janglarda qatnashadi, baʼzan tansoqchilik vazifasini oʻtagani aytiladi. Bu haqda 200 dan ziyod hadisi shariflarda keltiriladi.

Bundan tashqari, Paygʻambarimiz (s.a.v.) zamonida Qurʼoni karim oyatlarini tartibga keltirishda ishtirok etganligi zikr etiladi. Xalq orasida oʻz ilmi va odob-axloqi bilan hurmat-eʼtibor qozongan kishi edi.

Ayyub Ansoriy Abu Bakir, Hazrati Umar va Hazrati Ali zamonlarida ham islom rivojiga koʻp hissa qoʻshgan sahobiylardandir.

Hijriy 49-52 yillar orasida 90 yoshlar atrofida vafot etgani keltiriladi.

Konstantinopol fathidan keyin sulton ustozi Oq Shamshiddin bilan koʻp suhbatlar quradi, saboqlar oladi. Ana shunday uchrashuvlarning birida Mehmet podshoh Ayyub Sultonning Konstantinopolni fath etishga kelib, jangda halok boʻlganini qadim kitoblarda oʻqiganini ustoziga aytib, u jasur sahobaning mozorini topishni iltimos qiladi.

Oq Shamsiddin ham anchadan beri dilidagini aytolmay ichida saqlab yurgan Ayyub Ansoriy toʻgʻrisidagi fikrini amalga oshirishga zudlik bilan kirishadi. Bir kuni sulton yoniga kelib:

“Huv anavi tepalik etagida bir nur koʻryapman. Oʻsha yer qazilsa, bir oq marmar chiqadi. Ayyub Sulton oʻsha yerda boʻlishi kerak”, deydi.

Sultonning amri bilan xizmatkorlar ishga kirishadi. Darhaqiqat, ustoz aytganidek boʻlib chiqadi, u yerdan lotin yozuvida: “Bu yer Holit bin Zeydning mozoridir” degan lavha chiqadi.

1453-yilning 20-aprelida qazish ishlari yakunlanishi arafasida, sulton jasadga oʻz qoʻllari bilan tegmoqchi ekanligini aytadi. Jasad mutlaqo chirimagan holda topiladi. Podshoh Ayyub Ansoriyning oyoqlarini silay boshlaganda, jasad harakatga kelib, oyoqlarini undan tortib oladi.

Mehmet sulton xafa boʻlib, mozorni vaqtincha yoptirib, saroyga qaytadi. Tushida Ayyub Ansoriyni koʻradi va undan nega oyogʻini ushlatmagani sababini soʻraydi.

— Sen Paygʻambarimiz (s.a.v.) vasiyat qilgan buyuk sarkardasan, sen Konstantinopolni fath etding. Men esa bu vasiyatni amalga oshirolmagan oddiy sahobiyman, xolos, — deydi.

Uyqudan mamnun holda uygʻongan sulton takror qabr boshiga borib, zarur ishlanmalarni davom ettiradi va kechiktirmasdan maqbara qurdirishga farmon beradi. Oradan besh yil oʻtgach — 1478-yilda esa uning yonida masjid bunyod ettiradi.

Oq Shamsiddinning anglatishicha, Ansoriy vafot etganida konstantinopollik xristian rohibining tushiga Paygʻambarimiz (s.a.v.) kiradi. Undan islomni qabul qilishni soʻraydilar. Ayyubning vafoti toʻgʻrisida xabar berib, uning dushmanlar qoʻlida gʻarib boʻlib qolmasligi uchun qabr ichiga bir yozuv yozishni istaydilar.

Rohib yarim kechasi aytilgan joyga boradi va qabrdan nur taralib turganini koʻradi. U yerga bir belgi qoʻyib, saharlab musulmonlikni qabul etadi va takror mozor boshiga borib, qabrni ochib, yuqorida keltirilgan yozuv-lavhani uning ichiga koʻmib qoʻyadi.

Oq Shamsiddinning karomatlari toʻgʻrisida ham ikki ogʻiz gap. Buyuk din ulamosi boʻlgan bu zotni bir kun zamondoshlari mehmonga taklif etadi. Oʻrtaga katta tovoqda ovqat keltiriladi. Uni koʻrgach, “Bu taom bizga emas, uni qanday yemoqchisizlar”, deyishi bilan eshik taqillaydi. Bir gado bolalarim bilan ochman, qornimizni toʻydirishga bir nimalar beringlar”, deb yolvoradi.

Shunda Oq Shamsiddin: “ovqatning haqiqiy egasi keldi, uni darrov olib chiqib beringlar”, deydi.

Oq Shamsiddin Ayyub Ansoriy qabrini yakka holda topib, ustiga belgi uchun tosh qoʻyib ketadi. Ertasiga sulton bilan birga bu manzilga kelsa, toshning joyi oʻzgarganini koʻradi. Ustoz bu ishga eʼtibor bermay, toʻgʻri qabr yoniga boradi.

Belgi — toshning joyini Mehmet sulton oʻzgartirib qoʻygan boʻladi. Shundan keyin podshoh yana bir marta ustoziga taʼzim etib, Ayyub Ansoriyning qabri oʻsha ekaniga boʻlgan shubhasi tamoman tarqab ketadi!

Karomat — avliyolardan, moʻjiza — Paygʻambarlardan degani shu boʻladi...

Istanbulda yana bir qadimgi “Arab masjidi” bor. U shahar qalʼasidan biroz narida. Konstantinopolda ilk azon tovushi chiqqan makon, deyishadi. Uning qurilishi toʻgʻrisida ikki xil rivoyat bor.

Birinchisiga koʻra, masjid 717-yilda (hijriy 95 yil) Istanbul fathi uchun kelgan sahobalardan boʻlgan qoʻmondon Mesleme bin Abdulmalik tomonidan bunyod etilgan. 7 yil bu shaharda qolgan arab musulmonlari armiyasi ibodatlarini bu yerda qilganlar, deyiladi. Arablardan keyin bu makondan xristianlar cherkov sifatida foydalanishadi. 1453-yilda esa takror masjidga aylantiriladi.

Ikkinchi rivoyatga koʻra, 1200-yillar boshida katoliklar Quddusga keta turib, favqulodda Konstantinopolni qoʻlga olish rejasini ishlab chiqadilar. Cherkov va monastr qurdirganliklari aytiladi. 1475-yilda Fotih sulton cherkovni masjidga aylantirgan, degan taxminlar bor.

Darhaqiqat, masjidga tashqaridan bir qarashda uning musulmonlarga oid bir makon, deb boʻlmaydi. Devorlari qizil-kul rang gʻishtdan ishlangan. Minorasi ham bugungilaridan ancha farq qiladi. Minoraning asosi ham qizil-kul rang gʻishtdan toʻgʻri toʻrt burchak shaklida koʻtarilib, uning ustiga qalʼasifat minora mindirilgan.

Ichidagi mehrob va minbar marmardan ishlangan. Masjidni 22 yogʻoch ustun koʻtarib turadi.

Masjid hovlisida esa Mesleme bin Abdulmalikning qabri bor.

Abror Gʻulomovning “Istanbul daftari” kitobidan olindi

2 729
O'zA