Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2018 18:23 Chop etish versiyasi

“Turkish Airlines” Samarqandga qatnovni yo‘lga qo‘ydi

“Turkish Airlines” Samarqandga qatnovni yo‘lga qo‘ydi
Joriy yilning 16 mart kuni “Turkish Airlines” aviakompaniyasi samolyoti “Istanbul – Samarqand – Istanbul” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi qatnovni amalga oshirdi.

8-faqat saytga.jpg

Bortida “Turkish Airlines” aviakompaniyasi mas’ul xodimlari, O‘zbekiston va turkiyalik yo‘lovchilar bo‘lgan zamonaviy havo layneri Samarqand xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Samarqand-Turkish airline.JPG

Samarqand shahar hokimi F.Rahimov, “Turkish Airlines” aviakompaniyasi direktori, boshqaruv raisi o‘rinbosari Bilal Ekshi, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmed Bashar Shen va boshqalar davlatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Bunda ikki davlat rahbarlarining bu aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotgani, turizm yo‘nalishida hamkorlik ko‘lami kengayayotgani qayd etildi.

11.JPG

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifidan so‘ng 2017-yilning 30-oktabridan “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining “Samarqand – Istanbul – Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda mazkur yo‘nalish bo‘yicha milliy aviakompaniyamizning zamonaviy “Airbus A320” va “Boeing 757” havo kemalari haftaning dushanba va payshanba kunlari qatnovni amalga oshirayapti.

14-faqat saytga.JPG

Endilikda “Turkish Airlines” aviakompaniyasi ham haftaning seshanba va juma kunlari Istanbul va Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi.

22.JPG

– Ushbu aviaqatnov keyingi paytda mamlakatlarimiz o‘rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan hamkorlikni yanada mustahkamlash, ayniqsa, turizmni rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir, – deydi Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmed Bashar Shen. – Chunki Turkiyada O‘zbekistonni, uning tarixiy obidalari va buyuk allomalari nomi bilan bog‘liq ziyoratgohlarni ko‘rish istagida bo‘lgan yurtdoshlarimiz juda ko‘p. Biz bu muqaddas zaminni jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkirlarni kamolga yetkazgan yurt, yirik ilm-fan, madaniyat markazi deb bilamiz. Samarqand esa bu yurtning eng qadimiy, har qarich yeri muborak maskanidir. O‘zbekiston va Turkiyaning ikki tarixiy shaharlari o‘rtasida aviaqatnovlarning ko‘payishi xalqlarimizning do‘stligi va yaqinligini yanada mustahkamlashiga xizmat qilishi shubhasiz.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
4 062