O‘zA O`zbek

04.07.2018 13:02 Chop etish versiyasi

Issiq kunda muzqaymoqdan tiyilish kerakmi?

Issiq kunda muzqaymoqdan tiyilish kerakmi?
Biz kattalar doim bolalarimizni “Muzqaymoq olib bering”, degan xarxashalariga “Tomog‘ing og‘rib, tishing shamollab qoladi. Shuning uchun olib bermayman!”, degan bahonalarni qilamiz. Aslida ham shundaymi? Nega ushbu shirinlikni ko‘p iste’mol qiluvchi kattalarda bu og‘riqlar borasida muammo paydo bo‘lmaydi?

Agar bolangizning oshqozoni ovqatlarni qiynalmasdan yengil hazm qilsa, bunda hech ikkilanmasdan unga muzqaymoq olib berishingiz mumkin. Ammo bir tomoni bor: 6-7 yoshgacha bo‘lgan bolalar immuniteti biroz kuchsizligi uchun ularga muzqaymoqni muz holatida emas, eritilgan holda berish kerak. Unga murabbo yoki shunga o‘xshash vitaminga boy shirinliklar qo‘shib berilsa bola uchun yanada foydali bo‘ladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kishilar muzqaymoqni issiq havoda, terlab turgan holatida yesa, uning nafaqat tomog‘i og‘ib qolishi va oshqozon-ichak faoliyati shamollab, ishdan chiqishi mumkin. Natijada tana harorati ko‘tarilib, isitma qilish xavfi kuchayishiga olib keladi. Bunday holatda kattalar uchun ham muzqaymoqni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

Hamma muzqaymoqlar ham kishi parhezining buzilishiga olib kelmaydi. To‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya qilishni xohlagan kishi ovqatdan so‘ng umuman muzqaymoq yemasligi lozim. Ammo yog‘ va uglevodsiz, mevali muzqaymoqlar bundan mustasno. Qandli diabet alomati bor kishilarga ushbu shirinlik iste’mol qilish cheklanadi. Shakarsiz ko‘rinishlarini yeyishlari mumkin. Ammo O‘zbekistonda shakarsiz, achchiq va sho‘r muzqaymoqlar uchramaydi. Xitoyda, Hindistonda va ko‘plab Yevropa mamlakatlarida go‘sht, sarimsoq, va hatto sakkizoyoq siyohi ta’mdagi muzqaymoqlar sotilmoqda. Ular shirin bo‘lmasa ham kishiga yoqimli ta’m va kayfiyat baxsh etadi.

Issiqda ko‘p bor guvohi bo‘lgansiz, chanqab turgan paytlaringiz darmon istab ushbu shirinlikni iste’mol qilasiz. Ammo tarkibida shakar miqdori ko‘p bo‘lganligi uchun yegulik odamning chanqog‘ini qondirishga emas teskari ta’sir ko‘rsatadi.

Muzqaymoq tarkibida ham sut mahsulotlari bo‘lganligi uchun uni sutli mahsulotlar bilan iste’mol qilish taqiqlangan yeguliklar bilan tanavvul qilmaslik maqsadga muvofiq.

Muzqaymoq yeganingizda og‘zingizdan yoqimsiz his tuysangiz, demak, sizning, tishlaringizda muammo bor yoki oshqozoningizga bundan oldin yeyilgan muzqaymoqlar katta salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shuning uchun och qoringa ushbu shirinlikni yeyish, issiq ovqat, choy yoki kofedan keyin darhol muzqaymoq iste’mol qilish tish emalida darzlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Muzqaymoqlar uzoq muddat og‘izda chaynab iste’mol qilinmagani uchungina tishlarga aytarli zarar keltirmaydi.

Dietologlarning ta’kidlashicha klassik muzqaymoqlar - hech qanday meva va kakaosiz sof sut va qaymoq aralashmalaridan tayyorlangan muzqaymoqlar sog‘lik uchun eng foydali hisoblanar ekan. Shuning uchun ularni har qanday havo sharoitida iste’mol qilinsa-da sog‘lik uchun ziyoni yo‘q.

Dilobar Asliddin qizi, O‘zA
8 030