O‘zA O`zbek

03.04.2018 12:29 Chop etish versiyasi

Ismoil Muhammad Sodiq: Qur’oni Karim kirib borgan xonadonga fayzu baraka yog‘iladi

Ismoil Muhammad Sodiq: Qur’oni Karim kirib borgan xonadonga fayzu baraka yog‘iladi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda ta’lim-tarbiya, diniy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi islohotlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Binobarin, ushbu ezgu sa’y-harakatlar Islom dini ulug‘lagan fazilatlar — bag‘rikenglik, saxovat, muruvvat, yaxshilik kabi ezgu amallarga hamohangligi bilan ahamiyatlidir.

28-mart kuni “Hilol nashr” matbaa-nashriyoti tomonidan chop etilgan Mushafi sharif kitobxonlarga taqdim qilindi.

Bu haqda noshir Ismoil Muhammad Sodiq muxbirimizga quyidagilarni so‘zlab berdi:

— Bismillahir rohmanir rohim. Alloh taoloning muborak, barchani ojiz qoldiruvchi tengsiz kalomi — Mushafi sharif yurtimizda nashrdan chiqishi sharafli voqeadir. Kuni kecha nashriyotimizning barcha do‘konlari orqali bir xil narxda xalqimizga yetkazilishiga muvaffaq bo‘lindi.

Avvalambor, bu xayrli niyatning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlagan rahbarlarimiz, unga o‘z hissasini qo‘shgan azizlarimiz, vatandoshlarimizni muborakbod etamiz. Qalbi Qur’onga oshno xalqimiz yangi nashr etilgan Mushafni shod-xurramlik, xursandchilik va sevinch ko‘zyoshlari bilan kutib oldi. Bu yorqin hodisa mamlakatimizning deyarli barcha ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.

Davlatimiz rahbarining Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning ilmiy merosini o‘rganish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, dinimizning sofligini asrash borasidagi ezgu tashabbuslari, el-yurtning dardiga malham bo‘lish, har bir fuqaroning mushkulini oson qilishdek ulug‘ ishga bel bog‘laganlari har birimizga ulkan rizolik, minnatdorlik baxsh etdi.

Bugungi kunda ushalgan qalb orzularimizdan biri Qur’on musobaqasi bo‘lsa, biri ushbu Mushafi sharifning chop qilinishidir. Mushafi sharifni nashr etish nashriyotimizga asos solgan ustozimiz, padari buzrukvorimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ko‘p yillik sa’y-harakatlari, xolis duolari in’ikosi, desak, mubolag‘a emas. Ustozimiz ko‘plab kitobxonlarimizning talab va istaklarini inobatga olib, yurtimizda Mushaf chop etishni ham yo‘lga qo‘yishga astoydil harakat qilgan, buning uchun matbaa-nashriyotimizning zarur moddiy-texnik asos hamda yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlanishiga intilgan edilar. Ana shu mehnatlar tufayli so‘nggi yillarda matbaamizda boy va noyob tajriba to‘plandi, Qur’oni Karimni qadimiy an’analarga, o‘ziga xos tartib-qoidalari va odoblariga rioya qilgan holda, ilg‘or texnologiyalar yordamida sifatli va go‘zal shaklda chop etish uchun barcha shart-sharoit yuzaga keldi. Zero, Islom ulamolari Mushaf chop etiladigan bosmaxonaning shart-sharoiti hamda xodimlarga qo‘yiladigan talablarni ham ko‘rsatib berganlar. Jumladan, Mushaf nashrga tayyorlanadigan xonalar, muqaddas oyati karimalar bosiladigan dastgohlarning pokizaligi va boshqa ko‘plab talablar borki, “Hilol-nashr” matbaa-nashriyotidagi shart-sharoitlar bularning barchasiga to‘la javob beradi.

Qur’oni Karim — Alloh taoloning insoniyatni dunyo va oxirat saodatiga eltuvchi muqaddas kalomidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni Karimni Alloh taolodan qabul qilib olib, ummatlariga omonat ila yetkazganlar, uni hayotga tatbiq etib ko‘rsatganlar. Payg‘ambarlarning merosxo‘rlari bo‘lgan ulamoi kiromlarning vazifasi ushbu ilohiy omonatni — Qur’on va sunnatni xalqqa yetkazish bo‘lib kelgan va kelmoqda. Qur’oni Karimni o‘rganish, yod olish va o‘rgatish Islomda eng ulug‘ ibodat sanaladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz — Qur’onni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir”, deya marhamat qilganlar. Shuning uchun qadim tariximiz davomida Qur’oni Karim o‘qilmagan, Mushafi sharif kirmagan xonadon bo‘lmagan.

Alloh taologa hamdlar bo‘lsinki, Islomga, xususan, Qur’oni Karimga ulkan xizmat qilgan buyuk allomalar yurti bo‘lmish jannatmonand Vatanimiz mustaqillikka erishgach, masjid-madrasalar ochildi, milliy qadriyatlarimiz, diniy ta’lim, diniy adabiyotimiz tiklandi. Xalqimiz yana emin-erkin Qur’on o‘qiy boshladi, natijada Mushafga bo‘lgan ehtiyoj, talab kuchaydi. Shu bois respublikamizda Mushafi sharifni chop qilish davr talabiga aylandi.

Aytish joizki, hozirgi kunda xorijdan keltirilayotgan Mushaflarning narxi yo‘lkira, boj to‘lovlari va ustama hisobiga juda yuqorilab ketmoqda. Biz taqdim etayotgan Mushafning narxi esa bir necha baravar arzon. Zero, nashriyotimizda Mushafi sharifni chop etishdan ko‘zlangan maqsad daromad olish emas, balki xalqimizning ma’naviy ehtiyojini qondirish, diyorimizda muqaddas kitobimizni nashr qilish an’anasini tiklash, davom ettirish hamda ajru savobga erishishdir.

Mazkur loyiha bo‘yicha dunyoda Mushaf nashri bo‘yicha yetakchi matbaalardan hisoblangan — Misr Arab Respublikasidagi “Dorus-salom” nashriyoti bilan hamkorlik shartnomasi imzolangan. “Dorus-salom” nashriyoti shundan kelib chiqib, “Hilol-nashr”ga Mushaf chop etish uchun maxsus ijozat berdi va Qur’oni Karim nusxasi andozasini taqdim qildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ko‘magida ushbu tabarruk loyihani bajarishga kirishdik.

Nashriyot imkoniyatidan kelib chiqib birinchi bosqichda mazkur Mushafning adadi 50000 dona deb belgilandi, dastlab shu adaddan 10000 nusxa savdoga chiqarildi va 31000 so‘mdan sotildi. Inshaalloh, bundan buyon har ikki-uch oyda ana shunday adadda Mushafi shariflarni xalqimizga taqdim qilib borish ko‘zda tutilmoqda. Kelgusida faqat Mushafi sharif chop etish maqsadida alohida bosmaxona tashkil qilishni rejalashtirganmiz.

Zero, Qur’on kirib borgan, o‘qiladigan har bir xonadonga Alloh taoloning fayz-barakoti yog‘ilib turadi. Binobarin, Alloh taoloning kalomi — Qur’oni Karimning ko‘p ming nusxada bosmadan chiqarilishi va uning samarasi o‘laroq, har bir mo‘min-musulmonning xonadonida mushaflar ko‘z qorachig‘idek saqlanishi jonajon Vatanimiz uchun mislsiz xayr-barakadir.

Qur’oni bor xonadonda tarbiyalangan farzandlar diniga, el-yurtiga, millatiga sodiq vatanparvar, chinakam avlod sifatida kamol topadi.
Alloh taolo aziz diyorimizni Qur’on nuri bilan munavvar aylasin, bu buyuk xizmatga bel bog‘lab, xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘layotgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni O‘zining hifzu himoyasida asrab, ko‘zlagan barcha ezgu maqsadlariga yetkazsin, niyatlarini ro‘yobga chiqarib, o‘ylaganlaridan ham ziyoda natijalarga erishtirsin.

Manba: «Xalq so‘zi» gazetasi


13 980