O‘zA O`zbek

28.08.2018 16:38 Chop etish versiyasi

“Islomxoʻja” filmi katta ekranlarda

Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida “Oʻzbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga asosan ishlangan “Islomxoʻja” badiiy-publitsistik filmining premyerasi boʻlib oʻtdi.

Premyera oldidan Islomxoʻja shaxsiyati, orzu-oʻylari, hayoti, maqsadi qanday boʻlgani haqida maʻlumot berildi. Film ishlanish jarayoni, ijodkorlar guruhi haqida soʻz bordi.

Islomxoʻja XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Xiva xonligida, avval Muhammad Rahimxon II (Feruz), soʻngra esa uning oʻgʻli Asfandiyorxonga (Farrux) xizmat qilgan bosh vazirdir. 17 yoshida hokimlik lavozimiga oʻtirgan ushbu shaxs bilimi, keng dunyoqarashi, xalqparvarligi bilan aholi qalbidan joy oladi. Soliq, savdo-sotiq, bunyodkorlik, madaniyat sohalarida islohotlar qilish taklifi bilan chiqqan Islomxoʻja aholini talaydigan, mol-mulkini talon-taroj qilib, boylik orttiradigan amaldorlarni keskin tanqid qiladi. Xalq farovonligi uchun amaliy choralar koʻradi.

Shunday tashabbuskor, bilimli, yuksak salohiyatli inson sirli ravishda oʻldiriladi. Hujjatlarda tergov jarayonlari olib borilganligi haqida maʻlumotlar bor. Ammo asl aybdorlar topilmasdan, ish yopiladi. Uning sirli oʻlimi tafsilotlarini oʻrganishga bel bogʻlagan tadqiqotchi-tarixchi olim oradan bir asr oʻtganiga qaramay, mavjud hujjatlarga asoslanib, asl aybdorlar qiyofasini ochishga harakat qiladi. Filmda shu kabilar bayon etilgan.

Film voqealari tadqiqotchining izlanishlari asosida gavdalantiriladi. Tadqiqotchi hujjatlar asosida moziyga qaytadi. Xayolan oʻtgan asr boshlariga sayohat qilib, voqealarni oʻrganishga, tahlil qilishga, Islomxoʻja bilan suhbatlashishga urinadi. Xiva muzofotidagi turmush tarzini goʻyo kuzatib turgandek soʻzlab boradi.

– Filmni tushunish biroz qiyinroq ekan, – dedi tomoshabin Zilola Arziyeva. – Kino davomida Islomxoʻja haqida gapirib berildi, deyish mumkin. Voqeiy sahnalar kam. Odam koʻrgan narsasini yaxshiroq eslab qolishini hisobga olsak, voqealarni aytib berishgan boʻlsa ham bosh vazir hayoti, uning ishlarini bolalarimizga maʻlumot sifatida berishimiz mumkin boʻlgan film ishlanibdi.

Ssenariy muallifi Joʻrabek Roʻzmetov, postanovkachi rejissyor Jahongir Ahmedov. Filmda Islomxoʻja rolini Ulugʻbek Qodirov talqin etgan.

Barno Meliqulova, OʻzA
1 892