O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

Islomda oila va nikohga boʻlgan eʼtibor

Islomda oila va nikohga boʻlgan eʼtibor

Muqaddas dinimiz taʼlimotlarida oilani mustahkamlashga katta eʼtibor berilishi bejiz emas, albatta. Chunki yer yuzining obod etilishi, dunyoning rivojlanishi, jamiyatning farovon, xalqning totuv yashashi zamirida oila mustahkamligi, oiladagi tinchlik-osoyishtalikning oʻrni beqiyosdir.

Oilada tinchlik-xotirjamlik hukm sursagina, kishining koʻngilga boshqa biror narsa sigʻadi. Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qilgan: “Allohning yer yuzidagi buyuk alomatlaridan (yana biri) – sizlar taskin topishingiz uchun oʻz nafsilaringizdan er-xotinlikni yaratgani va oʻrtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).

Alloh taolo inson zotini yaratganda, uning fitratiga juftlik hayotiga qiziqish, oʻzidan nasl, zurriyot qoldirish va bu dunyoning boshqa matolariga boʻlgan mayl istakni joylab qoʻygan. Inson dunyoga kelar ekan, sekin-asta oʻsib ulgʻayib borgan sari undagi juftlik hayotiga boʻlgan mayl istagi zuhur qila boshlaydi, borib-borib kishi ushbu mayl, istakka beixtiyor boʻyin sunadi. Bu ham Alloh taoloning beshak, bir hikmati ilohiysidir.

Dinimiz taʼlimotining asosi boʻlmish Qurʼoni karimda oila va unga oid masalalar juda keng va batafsil bayon qilingan. Jumladan, kimlar bilan nikohlanish mumkin, kimlarga mumkin emasligidan tortib, oila qurilgach unga kim rahbarlik qilishi, er va xotinning haq-huquq va burchlari, oilada dunyoga keladigan farzandlar tarbiyasi, otaning ona va bola taʼminotiga eʼtiborli boʻlishi masalasi, hatto er-xotin oʻrtasida chiqishi mumkin boʻlgan mojarolarni qay tarzda hal qilish, ularni yarashtirish uchun har ikki tomondan adolatli hakamlarni jalb etish, boringki, agar er xotin ajralishga majbur boʻlgan holda qay tarzda ajrim qilish holatigacha Alloh taoloning Oʻzi kalomida batafsil bayon qilib bergan. Oʻz navbatida, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham koʻplab hadislarida oila va nikoh masalasiga qayta-qayta murojaat qilganlar.

Imom Termiziydan keltirilgan rivoyatda Rasululloh (s.a.v.): “Toʻrt narsa Paygʻambarlarning sunnatlaridan: “Hayo, xushboʻylik sepmoq, misvok va nikoh”, dedilar. Ushbu toʻrt narsa hazrati Odam (a.s.)dan tortib, Muhammad (a.s.)gacha boʻlgan barcha paygʻambarlarning sunnatidir.

Anasdan roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh (s.a.v.): “Kim uylansa, dinining yarmini qoʻrigan boʻladi. Qolgan yarmi haqida ham Allohdan qoʻrqsin”, deya marhamat qilganlar. Yana bir hadisi muborakda: “Sizlarning eng yaxshingiz oʻz oila ahliga yaxshi muomalada boʻlganingizdir”, deb marhamat qilganlar.

Demak, yuqorida zikr qilingan oyati karima va hadisi shariflardan oilaning muqaddas ekani, nikoh moʻmin-musulmonlar ehtirom qilishi darkor boʻlgan Allohning buyuk neʼmati ekani qayd etilmoqda. Oila va nikoh Alloh taoloning neʼmati ekan, kimki shu neʼmatga musharraf boʻlgan boʻlsa, qiyomat kuni uni qay tarzda isteʼfoda qilgani haqida soʻralishi muqarrar. Xoʻsh, biz bugun oila va nikoh neʼmatining qadriga yetyapmizmi? Unga xiyonat qilib qoʻymayapmizmi?

Shukrki, bugun oʻzining ibratli hayoti ila barchamizga namuna boʻlayotganlar ham talaygina. Biroq, guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, oilaning qadri va shaʼnini toptayotgan, nikohning hurmatini poymol qilayotganlar ham uchrab turgani qalbni jumbushga keltiradi. Zero, nikoh bogʻlanishi, yangi oilaning vujudga kelishi Alloh uchun yoqimli bir hol boʻlsa, oilaning ajralishi, nikohning buzilishi esa Allohning gʻazabini keltiradi. Paygʻambarimiz sollalohu alayhi va sallam: “Alloh oʻzi ruxsat berib, halol qilgan narsalar ichida oʻzi eng yomon koʻradigani taloqdir”, deganlar.

Afsuski, oxirgi vaqtda nikohga panja orasidan qaraydiganlar ham paydo boʻlib qolmoqda. Kelin butun umrini baxshida qilib, ota-onasining izmidan chiqib, erining izmiga kiradi. Kuyov qizni omonat oʻlaroq qabul qiladi. Boqishi, oʻqitishi, kasal boʻlsa davolatishi, hamma masʼuliyatni oʻz boʻyniga olishi kerak. Biz masʼullar ushbu jiddiy masalani tushuntirishimiz, er-xotinning bir-birining oldidagi burch va vazifalarini oʻrgatishimiz kerak.

Shuni ham taʼkidlash lozimki, oilaviy ajrimdan, avvalo, ayol, voyaga yetmagan bola aziyat chekmoqda. Ayrim hollarda oiladagi turli kelishmovchiliklar tufayli yosh oila parokanda boʻlib, afsuski, norasidalarning moddiy taʼminoti, ruhiyati, tarbiyasi, taqdiri, kelajagi savol ostida qolmoqda. Xoʻsh, bu kabi noxush illatlarning vujudga kelishiga kimlar sabab boʻlmoqda?

Olib borilgan oʻrganish va tahlillardan maʼlum boʻlishicha, oʻz nafsini jilovlay olmagan ayrim shaxslar nikoh va oilani koʻngilxushlikka burib, xotin olib, xotin qoʻyishlik oqibatida bu muqaddas qadriyatlarimizni poymol qilish bilan birga koʻplab gunoh va jinoyat eshiklari ochilishiga sababchi boʻlmoqdalar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimning ikkita xotini boʻlsayu, ulardan biriga moyil boʻlsa (yaʼni ikkisini barobar koʻrolmasa), qiyomat kuni bir tomoni moyil falaj) boʻlgan holda tiriladi”, dedilar.

Qayd etish oʻrinliki, diniy soha vakillari hamda nikohga mutasaddi boʻlgan masʼullar ham bu masalaga yana-da eʼtiborli boʻlishlari lozim. Zero, ajrimlarning oldini olish, oilani mustahkamlashga targʻib qilishga daxldor ekanimizni his qilmogʻimiz kerak. Aksincha, buning oʻrniga ayrim shaxslarning dinimizning goʻzal amallaridan hisoblangan nikohni noqonuniy boʻlishiga sababchi boʻlishlari yana-da achinarli holatdir. Sharʼatimizdagi nikohni belgilangan tartiblarga zid ravishda norasmiy shaxslar tomonidan oʻqilishi esa ushbu nikohni noqonuniy boʻlishiga olib kelayotgani tajribadan maʼlum.

Hanafiy mazhabining moʻtabar manbalaridan “Durrul muxtor” kitobida bunday deyiladi: “Odamzodga nikoh va iymondan boshqa hatto jannatda ham davom etadigan ibodat yoʻq. Oila shunday saodatbaxsh bir bogʻki, u hatto jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma maʼlum muddatdan soʻng kuchini yoʻqotadi, ammo bir-birlaridan rozi boʻlgan umr yoʻldoshlarning birgalikdagi hayoti oʻlim bilan ham tugamaydi”.

Aziz oʻquvchi! Endi aytingchi, shunda ham oila va nikohga bepisand boʻlish bizga yarashadimi? Birovni haqqini yeyish, boshqalarga zulm qilish, hatto yomon gapirishdan tiyilsagu, ammo oilaga kelganda bu qoidalarni unutsak, shu adolatdanmi? Yoyinki bir piyola suvni behuda isrof qilishni gunoh deb bilsagu, ammo jufti halolimiz haqqini poymol qilish, farzandlarimizni tirik yetim qilishni oddiy hol deya qabul etsak, shu insofdanmi? Xulosa oʻzingizdan. Bizning istagimiz esa, Alloh taolo oilalarimizni chinakam baxtiyor oilalardan qilsin, har bir oilani mustahkam rishtalar bilan bogʻlab, ikki dunyo saodatiga erishtirsin!

Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Fargʻona viloyati bosh imom-xatibi

1 480
O'zA