O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

Islom olamidagi ilk madrasalardan biri Buxoroda ochilgan

Islom olamidagi ilk madrasalardan biri Buxoroda ochilgan

Buxoroda "Buxoroning islom sivilizatsiyasidagi oʻrni va unga qoʻshgan hissasi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy videokonferensiya ish boshladi.

Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov soʻzga chiqdi.

– 2020-yilda Buxoroning “Islom olami madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinishi oʻziga xos eʼtirof boʻldi, – deydi viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov. – Istiqlol yillarida mazkur anʼanalar qayta tiklanib, Buxoro yana islom maʼrifati markazlaridan biri maqomini egallashga harakat qilmoqda. Shu maqsadda bugun viloyatda uchta madrasa, 100 dan ortiq islomiy yoʻnalishdagi diniy tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Buxoro davlat universitetida “Islom tarixi va manbashunosligi” taʼlim yoʻnalishi ochildi. Buxoro Mir Arab madrasasi oliy taʼlim muassasasi maqomiga koʻtarildi. Mir Arab madrasasi huzurida “Tasavvuf ilmi maktabi” tashkil etildi.

Prezidentimiz tomonidan Buxorodagi islom maʼnaviyati dargʻalari, buyuk allomalarimiz ziyoratgohlari taʼmirlanib, ularning boy maʼnaviy-ilmiy merosi chuqur oʻrganilmoqda.

Darhaqiqat, Buyuk ipak yoʻli chorrahasi sifatida butun jahon ahlini oʻziga jalb etgan bu qadimiy maskanda nafaqat savdo-sotiq, madaniyat, balki ilm-fan, shu jumladan, islom maʼrifati ham taraqqiy etgan. “Buxoro tarixi” asari muallifi Muhammad Narshaxiyning guvohlik berishicha, islom olamidagi ilk madrasalardan biri Buxoroda tashkil etilib, “Farjak” nomi ostida faoliyat yuritgan. Keyinchalik esa ushbu ilmiy anʼanalar yana-da taraqqiy topib, Buxoro madrasalari oʻziga xos xalqaro universitet maqomida fiqh, tasavvuf, hadis ilmi singari diniy, aljabr, handasa (geometriya), tibbiyot singari dunyoviy fanlar taʼlimida yetakchi boʻlgan.

Buning natijasida bu muqaddas tuproqda Buxoro faqihlari akademiyasi asoschisi Abu Hafs Kabir Buxoriy, Imom al-Buxoriy, Shayxur Rais Abu Ali Ibn Sino, Abu Bakr Kalobodiy, Shayx Mustamliy Buxoriy, Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Bahouddin Naqshband singari buyuk siymolar yetishib chiqdi. Shayx Yusuf Hamadoniy, Xoja Ahmad Yassaviy, Iso at Termiziy, Xoja Ahror Valiy kabi ulugʻ zotlar shu yerda tahsil olib, maʼnaviy kamolotga erishgan.

Tadbir uchta shoʻba doirasida oʻz ishini davom ettiradi. “Buxoroning islom sivilizatsiyasidagi oʻrni va unga qoʻshgan hissasi”, “Buxoro va islom sivilizatsiyasining shakllanishi”, “Husomuddin Sadr ash-Shahid Buxoriyning asarlari va ilmiy merosi”, ”Islom sivilizatsiyasi tarixida Movarounnahr“, ”Buxoro islom sivilizatsiyasi taraqqiyotida Amir Temur va temuriy sulton Mirzo Ulugʻbekning oʻrni”, “Islom sivilizatsiyasida Buxoro faqihlari”, “Buxorolik ulamolarning ilmiy merosi”, “Bahouddin Naqshband va islom olami keyingi avlodlar nigohida”, “Islom sivilizatsiyasi rivojida Buxoro kutubxonalarining oʻrni”, ”Buxorodagi islomiy arxitektura", “Islom sivilizatsiyasida Buxoro maʼnaviy merosi va uning hozirgi davrda chet ellik va Oʻzbekiston olimlari tomonidan oʻrganilishi muammolari”, “Markaziy Osiyoda islom madaniyati va sanati: oʻtmish va hozirgi zamon” mavzularida maʼruzalar tinglanib, muhokamalar oʻtkaziladi.

Konferensiya oʻzbek, rus, arab, ingliz, turk tillarida onlayn tarzda ZOOM dasturi orqali amalga oshirilmoqda.

Videokonferensiya ishida Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha islom tashkiloti (ISESCO) Bosh direktori, doktor Salim Muhammad al-Malik, Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi – IRCICA Bosh direktori, doktor Xalit Eren, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri oʻrinbosari Kamola Akilova hamda olimlar, tarixchi, manbashunoslar qatnashmoqda.

975
Zarif Komilov, OʻzA