O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Islom moliyasini rivojlantirishda xalqaro tajriba oʻrganilmoqda

Islom moliyasini rivojlantirishda xalqaro tajriba oʻrganilmoqda

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Oʻzbekiston Respublikasida Islom moliyasini rivojlantirish istiqbollari” mavzuida davra suhbati oʻtkazildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, BMT Taraqqiyot dasturi, Islom taraqqiyot banki hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik ekspertlar, mutaxassislar ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili Matilda Dimovska va Islom taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Husan Hasanov va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar moliya sohasini yanada takomillashtirish va bu jarayonda xalqaro tajribalarni oʻrganish hamda qoʻllashga keng yoʻl ochganini taʼkidladi.

Shunday talablardan kelib chiqib, tadbirda 2017-2021-yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish ishlari doirasida mamlakatimizda milliy moliya sektorini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama markazida boʻldi.

– Harakatlar strategiyasi asosida yirik islohotlarga yuz burgan mamlakatimiz milliy moliya sektorini rivojlantirishda islomiy moliyalashtirish muhim oʻrin tutadi, – dedi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi jamoatchilik bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Alisher Ravshanov. – Xususan, Oʻzbekistonda qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirishning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini joriy etish, davlatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, bank mahsulotlari, islomiy qimmatli qogʻozlar kabi moliya bozorining muqobil vositalarini yaratishda islomiy moliyalashtirish katta ahamiyatga ega. Ammo uni tezlik bilan joriy qilish imkonsiz. Zero, shariat qonunlariga muvofiq amalga oshirilmagan milliy qonunchilik va dunyoviy davlatning institutsional jihatdan rivojlangan mentaliteti kabi omillarni izchil oʻrganish zarur. Bu masalalar esa tegishli bilim va tajribaga ega boʻlgan mutaxasssislarni bir joyga jamlab, davlat uchun eng qulay va samarali yondashuvni shakllantirish orqali oʻz yechimini topishi mumkin. Shu bois muhokama jarayonida mazkur masala yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Qayd etilganidek, bugun dunyo moliya bozorida islomiy moliyalashtirish gʻoyatda dolzarb manbaga aylanib bormoqda. Buni islomiy moliyalashtirish sabab har yili 15-20 foiz oʻsishga erishayotgani ham tasdiqlaydi. Islomiy banklar xizmatlari jahon boʻyicha 400 dan ortiq moliya instituti tomonidan amaliyotda qoʻllanib kelinmoqda, uning yillik aylanmasi 800 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.

– Men bugun oʻzbekistonlik ishtirokchilarga Malayziya moliya bozorida islomiy moliyalashtirishni tatbiq etish boʻyicha oʻz tajribalarimizni, jarayondagi qiyinchiliklar va ularning yechimlari haqida gapirib berdim, – dedi “ZICO Shariah” kompaniyasi direktori Aida Otman. – Chunki bu tajriba sizlar uchun ham qoʻl keladi. Oʻzbekiston ham islomiy moliyalashtirish tashabbusi bilan chiqilayotgani katta qadamdir. Bu yurtingizdagi ulkan oʻzgarishlardan dalolat bermoqda.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasida Islom moliyasini rivojlantirish istiqbollari”, “Oʻsish va innovatsiya imkoniyatlari”, “Eng yaxshi global va mintaqaviy amaliyotlar”, “Oʻzbekistonda Islom moliyasini joriy etishning huquqiy va institutsional jihatlari”, “Islom moliyasini joriy etish boʻyicha Malayziya tajribasi: muammolar va rivojlanish istiqbollari” kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.

1 109
Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA