Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.11.2017 19:17 Chop etish versiyasi

Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan muftiylar haqida hikoya qiluvchi kitob chop etildi

Islom dinining asl mohiyatini saqlash va targ‘ib qilishda mo‘tabar allomalar, buyuk tarixiy siymolar ibratini eslash va ulardan o‘rnak olish muhim ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati nafaqat ajdodlarimizning ulkan ma’naviy me’rosini butun jahonda yanada kengroq e’tirof etilishiga, balki jamiyatimizda yangi ma’naviy muhit yaratilishi uchun ham mustahkam zamin yaratadi.

Asrlar bo‘yi ma’naviyat olamida mashhur bo‘lgan Boboxonovlar haqiqat va to‘g‘rilikni, ma’naviy poklik va ezgulikni, insoniy xislatlarni moddiy boyliklardan ustun qo‘yganligi bilan ibratlidir. Ayniqsa bu sulolaning oxirgi uch avlod vakillari uzoq yillar davomida islom ta’limotining asl mohiyatini targ‘ib etish, e’tiqodni saqlash va mustahkamlash yo‘lida olib borgan faoliyatlari samarali bo‘lgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 12-yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi hamda 13-sentabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar Dasturi to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yaqinda Toshkent shahridagi «Baktria press» nashriyotida «Ulug‘ insonlar ma’naviyati» deb nomlangan kitob chop etildi.

Saidmuxtor Saidqosimov muallifligidagi ushbu publitsistik ocherkda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston mintaqasida islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan muftiylar – Eshon Boboxon, Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon hamda arabshunos va islomshunos olim Shamsiddin Boboxonovning sermazmun hayoti, serqirra ijodi, keng ilmiy faoliyati haqida hikoya qilinadi.

Qiziqarli xotiralar asosida yozilgan ushbu asar o‘zlarining millatimiz ma’naviy pokligini, muqaddas dinimiz sofligini saqlash yo‘lidagi beqiyos xizmatlari bilan xalqimiz xotirasida o‘chmas iz qoldirgan insonlarning ibratli hayotlari tahliliga bag‘ishlangani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
1 637






Все о погоде - Pogoda.uz