O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Islohotlar samarali bo‘lishi uchun odamlarning ichki dunyosi ham o‘zgarishi kerak

Islohotlar samarali bo‘lishi uchun odamlarning ichki dunyosi ham o‘zgarishi kerak

Vatan taqdiriga mas’ulmiz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan xorijda ishlayotgan, ijtimoiy-moliyaviy himoyaga muhtoj yurtdoshlarimizga yordam ko‘rsatish, ularni o‘z oilalari bag‘riga qaytarishdek ezgu ishlarning amalga oshirilishi tahsinga sazovor. Bu sa’y-harakatlar vatandoshlarimizga ulkan ma’naviy kuch-quvvat, ruhan tetiklik, o‘ziga ishonch bag‘ishlamoqda.

"Manpower Consult Group" xususiy bandlik agentligi bosh direktori Toshtemir Haydarov O‘zA muxbiri bilan suhbatda davlatimiz rahbarining ana shu ezgu tashabbusi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va xususiy migratsiya agentliklari tomonidan tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, muammolar va ularning yechimi haqida fikrlarini aytdi.

– Ilk qiziqishlaringiz, maqsad sari intilishlaringiz haqida gapirib bersangiz? 

– Bolaligim Surxondaryoning Denov tumanida o‘tgan. Termiz davlat universiteti iqtisodiyot fakultetida o‘qidim. So‘ng Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida magistr darajasini oldim. Moliya vazirligining Soliq siyosati boshqarmasida 6 yil ishladim. 2006 yilda, Alloh nasib etib, Edmund Muskie Scholarship dasturi orqali Amerikaning Nyu-York shtati universitetida ikkinchi magistrlik darajasi – moliya va investitsiya sohasi bo‘yicha tahsil oldim. Xorijiy kompaniyalarda ishlab, tajriba oshirdim. Qozog‘istonda ham faoliyat yuritdim. Bu davrda 25 dan ortiq xorijiy mamlakatda bo‘lib, investitsiya bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarimni yanada mustahkamladim. Keyingi yillarda mamlakatimizda bo‘layotgan islohotlarni kuzatib, Vatanim taraqqiyotiga hissa qo‘shish maqsadida O‘zbekistonga qaytib keldim.

Barcha davrlarda ham kadrlar masalasi muhim sanalgan. To‘g‘ri bakalavr, magistr diplomiga ega kadrlar ko‘p bo‘lishi mumkin, bor ham. Lekin malakali, bilimli kadrlar tanqis. Ayrimlarining til bilish darajasi, kompyuter, huquqiy, moliyaviy savodxonligi juda past darajada. Fond bozori ishlamasligi yoki bank tizimining 80-85 foizining davlat bilan bog‘liqligi sababi ham shu. Chunki xususiy sektor bu sohada qatnasha olishi uchun bevosita moliyaviy savodxonlik kerak bo‘ladi. O‘zim moliya, biznes sohasida bo‘lganim uchun shu sohaga ko‘p e’tibor beraman. Masalan, oddiy bank kartasidan ham to‘liq foydalanishni bilmaydigan odamlar bor. Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, til bilish, kompyuter va moliyaviy savodxonlik muhim hisoblanadi. Kelajakda xalqimiz yaxshi yashashi, yanada olg‘a intilishi uchun bu narsalarni bilish kerak. Bu insonlarga o‘ziga xos motivatsiya beradi. Til bilsangiz dunyoga chiqqingiz keladi, moliyaviy savodxonligingiz yaxshi bo‘lsa tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga harakat qilasiz, kompyuterni bilishingiz shart – chunki bugungi kunda hamma narsa kompyuter orqali bajariladi.

– Xususiy bandlik agentligini ochishdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima?

– Xususiy bandlik agentliklari faoliyatini yo‘lga qo‘yish haqidagi Prezidentimizning farmoyishi asosida 2018 yil 12 sentabrda Vazirlar Mahkamasining qarori chiqdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – mehnat bozorida davlat monopoliyasini kamaytirib, odamlarga yanada ko‘proq imkoniyat berish. Fuqarolarimizga faqat Qozog‘iston, Rossiya yoki Koreyada emas dunyoning istalgan davlatida o‘ziga mos mehnat bilan shug‘ullanishiga keng yo‘l ochish.

O‘zbekistonga kelganimda dastlab “Taraqqiyot milliy markazi" xususiy bandlik agentligida moliyaviy konsultant sifatida ishladim. Keyinchalik "Manpower Consult Group" xususiy bandlik agentligini ochdik. Ochig‘ini aytsam, bu mening qiziqishim.

Lekin yurtdoshlaringni xorijga jo‘natib, qaysidir ma’noda ularning taqdiriga daxldor bo‘lish, bu – katta mas’uliyat, katta yuk degani. Albatta, buning orqasida nafaqat moddiy, juda katta ma’naviy, ijtimoiy manfaat yotadi. mamlakatimizning qaysidir viloyatida yashab, Toshkentga ham chiqmagan inson, chet mamlakatga borib dunyoni ko‘radi, dunyoqarashi o‘zgaradi, til bilish darajasi oshadi. Tasavvuri yuksaladi, voqea-hodisalarni anglash, tushunish ko‘nikmasi kengayadi. Masalan, xorijda bir yil ishlab kelgan yigit yurtiga kelgandan keyin svetoforning qizil chirog‘i yonganida yo‘l bo‘sh bo‘lsada, ichki madaniyati bilan yashil chiroq yonishini kutib turadi. Endi uning ichki dunyosi o‘zgardi, o‘zi uchun, vijdoni uchun shaffof bir olamni yaratadi. 

Kimlar uchundir oddiy ko‘ringan bu narsalar bugungi kunda O‘zbekiston jamiyati uchun juda muhim. Demoqchimanki, bo‘layotgan islohotlarning natijasi yana-da yorqin bo‘lishi uchun odamlarning ichki olami ham o‘zgarishi kerak. Nazarimda eskicha dunyoqarashlardan voz kechadigan vaqt allaqachon yetgan. Davlat yoki ota-ona bizga hamma narsani muhayyo qilib beradi, degan qarashlarni o‘zgartirish shart. Kimdir qilib beradi, yaratib beradi, shakllantirib beradi, degan kutish darajasidan, aksincha harakat qilish bosqichiga o‘tish kerak.

Qozog‘iston, Rossiyaga borib konteynerga kirib, konteynerdan chiqib kelgan odam bilan, Yevropa davlatlariga, Chexiya, Germaniyaga borib, gumanizm, ya’ni insoniylik yuqori bo‘lgan sharoitda o‘qib, yashab, ishlab kelgan odamning dunyoqarashi o‘rtasida osmon bilan yercha farq bo‘ladi. Aynan shuni anglatish uchun ham mana shu agentlikni ochganmiz va xalqimiz dunyoqarashining har tomonlama taraqqiy etishiga o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz. Xalqimizga, hozirgi mehnat bozoridagi o‘zgarishlarni, yangilanishlarni tushuntirish, yetkazish uchun ko‘ngilli ravishda viloyatlarga chiqayapmiz. Yaqinda Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida bo‘ldik.

Bu faqat Mehnat vazirligi yoki Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining vazifasi emas. Bugungi kunda mamlakatda faoliyat yuritayotgan xususiy bandlik agentliklarining ham bevosita vazifasidir. Yana bir gap, hozir har qanday qonuniy ishga borayotgan odamga rezyume kerak bo‘ladi. Tushunarli tilda aytganda, avtobiografiya. Ko‘pchilik rezyumeni bilmaydi. Til bilish yoki biron malaka haqida gapirmay qo‘ya qolaylik. Rezyumeni tushunmaydigan odam xorijiy davlatda qanday qilib o‘z haq-huquqini anglab, tushunib ishlab ketadi?

Yana bir ayanchli manzara. Agentligimizga kelayotgan ayrim yoshlarning huquqiy savodi yo‘q, yana xorijga ketaman deydi. Kollejni tugatgan, bir-ikki marta Rossiyaga ham borib, ishlab kelgan, lekin o‘z haq-huquqini bilmaydi. Har qanday ishchi o‘z mehnati ko‘lamini, ahamiyatini, samarasini tushuntirib bera olishi kerak. Bu borada agentligimiz xorijga ishga ketmoqchi bo‘lganlarga zarur tushunchalarni beradi. Chet elda ishlash uchun kerakli hujjatlarni tayyorlashga ko‘maklashadi. 

Shu o‘rinda alohida ta’kidlashni istardikki, yoshlarimiz qaysi davlatda ishlamasin, avvalo, O‘zbekiston fuqarosi ekanini, ortida Vatani sha’ni turganini aslo unutmaslik kerak. O‘zini hurmat qilishi, yaxshi xislatlari, fe’l-atvori, o‘zbekona tarbiyasi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi muvaffaqiyatlari garovidir. Biz ularga bu borada ham tushuntirish va tavsiyalar beramiz, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatamiz.

Og‘riqli bir nuqtani aytib o‘tishi kerak, xorijga ishga bormoqchi bo‘lgan yosh yurtdoshimiz viza olish uchun hujjat topshirsa, ko‘p hollarda rad javobini oladi. Buning asosiy sabablaridan biri, ulargacha xorijda noqonuniy faoliyat yuritgan yurtdoshlarimizning xatti-harakatlaridir. Biz mana shu holatlarga ham barham berishga harakat qilishimiz kerak. Bu Tashqi ishlar vazirligining ham, Mehnat vazirligining ham, xususiy sektorning ham oldida turgan muhim vazifalardan biridir. 

6 415
O‘zA muxbiri Ozoda BEKMURODOVA suhbatlashdi