Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2018 16:02 Chop etish versiyasi

Iskandar Zulqarnayn Surxondaryoda ko‘prik qurganmi?

Iskandar Zulqarnayn Surxondaryoda ko‘prik qurganmi?
Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanidagi katta soy ustida qadimgi g‘ishtdan qurilgan ko‘prik saqlanib qolgan. Uni mahalliy aholi Makedon (Aleksandr Makedonskiy) ko‘prigi, deb ataydi.

Yo‘lovchi, transport va suv o‘tishi uchun mo‘ljallangan bu inshoot o‘tmishdagi ajdodlarimiz me’morchilik san’atining noyob durdonasi sifatida nafaqat mahalliy, balki xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otib keladi. Keng va baland ko‘prik pishiq g‘ishtdan yuksak mahorat va did bilan barpo etilgan.

2.jpg

Ana shunday hayratomuz yirik inshootni haqiqatan ham Aleksandr Makedonskiy qurganmi?

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Iskandar (Aleksandr Makedonskiy) eramizdan avvalgi 327-yilda Termiz shahrini bosib oladi va unga Aleksandriya nomini beradi. Xullas, yodgorlikning qisqacha tarixi bitilgan lavhaga yozib qo‘yilganidek, uni Aleksandr Makedonskiy nomi bilan atasalar-da, lekin ko‘prikning Iskandar Zulqarnaynga hech qanday aloqasi yo‘q. Aniqrog‘i, noyob va mustahkam ushbu inshoot XVI asrda Abdullaxon davrida barpo etilgan. Katta suv oqimiga ega bo‘lgan Bandixonsoyda qad rostlagan bu inshoot bir paytlar qo‘shni davlatlar bilan savdo-sotiq aloqalarini keng yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etgan. Uni bunyod etishda pishgan g‘isht, alebastr, ohak, qum kabi qurilish materiallaridan foydalanilgan.

5.jpg

Joriy yilda ko‘prik to‘liq restavratsiya qilinib, asl qiyofasini qayta tiklaydi. Yurtimizdagi bunday noyob inshootlar ta’rif-tavsifini ko‘p eshitgandan ko‘ra, bir bor ko‘rgan afzal. Mabodo, Surxondaryo taraflarga yo‘lingiz tushib qolsa, bir necha asr avval ajdodlarimiz barpo etgan tarixiy obidani albatta borib ko‘ring. Ularning aql-zakovatidan zavq olib, yuksak me’morchilik san’atiga o‘zingiz baho bering.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
12 160